Линклар

Шошилинч хабар
20 май 2018, Тошкент вақти: 20:56

Erdo‘g‘on 29 aprelda Toshkentga keladi. Turk biznesi o‘z muammolari hal etilishiga umid qilmoqda


Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan beri Turkiya prezidenti bilan Samarqand va Anqarada xos suhbatlar o‘tkazdi.

29 aprel kuni Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on davlat tashrifi bilan Toshkentga keladi.

Mazkur safar doirasida 30 aprel kuni Turkiya Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi Toshkent hukumati bilan hamkorlikda turk-o‘zbek biznes forumi o‘tkazadi.

Forum arafasida Ozodlik gaplashgan O‘zbekistonda ishlayotgan turk tadbirkori keyingi bir yil ichida mamlakatdagi biznes muhiti tubdan yaxshilanganini aytsa¸ Turkiyadagi potensial sarmoyadorlar¸ prezident Mirziyoev bayonotlariga zid tarzda¸ xorij investorini turli bahonalar bilan “bozorga qo‘ymaslik” harakatlari davom etayotganini bildirdi.

Xorij sarmoyadori uchun umid beruvchi misol?

Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganidan so‘ng O‘zbekistonda qayta ish boshlagan sanoqli turk biznesmenlaridan biri Toshkentdagi Demir supermarketlari¸ Grand Mir mehmonxonasining sobiq mulkdori Ahmat Demirdir.

Janob Demir o‘tgan yil sentabrida O‘zbekistonga qaytib¸ Toshkent markazidagi “Chorsu” mehmonxonasi bazasida “Eski shahar” savdo-sayyohlik majmuasi qurishga kirishdi.

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning joriy hafta Toshkentga qiladigan safari doirasida o‘tkaziladigan o‘zbek-turk biznes forumida qatnashadigan turk ishbilarmonlaridan biri bo‘lgan Ahmat Demir¸ Shavkat Mirziëev sa’y-harakati bilan mamlakatdagi biznes iqlimida jiddiy o‘zgarish bo‘lganini aytadi:

- Vaziyat mutlaqo¸ keskin o‘zgardi. Avvalgi MXX yo prokuraturadagilar kabi biznesmendan tama qilish¸ dolya so‘rash hozir mumkin emas. Bu – O‘zbekistondagi jiddiy o‘zgarishlardan bittasi. Xudoga shukur! Biz ko‘zimizga pushti ko‘zoynak taqib¸ bo‘ldi¸ hamma muammo bitdi¸ deb gapirayotganimiz yo‘q. Biz realist odamlarmiz. Biz o‘zimiz kutgan narsalardan ko‘ra ko‘proq ijobiy narsa ko‘rdik¸ - dedi Ahmat Demir 24 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda.

“Biznes planlar o‘g‘irlanmoqda. Mirziyoevga bizni “gulanchi” deb yolg‘on axborot berishmoqda

Turkiya prezidentining Toshkent safari arafasida Ozodlik O‘zbekiston hukumatiga keyingi bir yil ichida o‘z investitsion loyihalarini taqdim qilib¸ ulardan rad javobi olgan ayrim turk shirkatlari boshqaruvchilari bilan ham bog‘landi.

Bu suhbatdoshlar¸ Toshkent yangi hukumati bilan yangi muammolariga Erdo‘g‘on safari yechim topishiga umid qilayotganlarini aytib¸ o‘zlari va shirkatlari nomi hozircha ochiqlanishini istamadilar.

“So‘nggi umidimiz¸ prezident Erdo‘g‘onning safaridir. Agar shu safardan keyin ham bizni aldayotganlar xulosa chiqarib¸ aldash va to‘sqinlik qilishni to‘xtatmasa¸ u holda matbuotga ochiq gapirishga majbur bo‘lamiz. Biz siyosatchi emas¸ ish odamimiz¸ shuning uchun muammolarimiz siyosiylashmasdan hal bo‘lishini istaymiz¸”- dedi bir yil oldin O‘zbekistondagi tegishli idoralarga o‘z biznes loyihasini taqdim etgan yirik turk shirkatlarining Ozodlik gaplashgan boshqaruvchilari.

Bu turk shirkatlari muammolari tafsilotini Ozodlikka ulardan yaxshi xabardor Toshkent hukumati mulozimi tushuntirishga urindi.

“Bir nechta turk shirkati Rustam Azimovning o‘tgan yilgi Turkiya safaridan keyin O‘zbekistonda zavod va fabrikalar qurishga oid biznes rejasini taqdim etgan edi. Bu rejani Toshkentda qabul qilib olishdi¸ ko‘p o‘tmay¸ bizga to‘g‘ri kelmaydi¸ deb qaytarib berishdi. Aslida¸ bu qimmat biznes-planni o‘g‘irlab¸ o‘z odamlariga berishdi. Turklar quruq qoldi. Prezident Mirziyoevga esa¸ bularni Rustam Azimov chaqirgan¸ o‘shaning odamlari (prezident Azimovni keskin tanqid qilib keladi – tahr.)¸ aslida ular gulanchi ekan¸ ularni kiritsak¸ Erdo‘g‘on qattiq xafa bo‘ladi¸ deb yolg‘on izoh berishdi. O‘zbekistondagi oligarxlar hali-veri o‘z monopoliyasini birovga beradigan emas”¸ deydi Ozodlikka shaxsi sir qolish sharti bilan gapirgan Toshkent mulozimi.

(Ozodlikka turk shirkatlari nomi¸ ularning o‘z biznes-rejasini aynan qaysi vazirlik va idoraga taqdim etgani¸ aynan qaysi mas’ul shaxslarning bu rejani rad etgani¸ turklarning biznes-rejasi asosida qaerda¸ qaysi loyiha ish boshlagani ma’lum¸ ammo bu nomlar hozircha e’lon qilinmayotir – tahr.)

2 milliard dollarlik turk sarmoyasi qani?

Shavkat Mirziyoev xorij investitsiyasini O‘zbekistonga taklif qilishni boshlashi bilan¸ ayni yo‘nalishdagi maxsus iltifot va imtiyoz turk biznesiga taqdim etildi.

Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on Rustam Azimov boshchiligidagi o‘zbek delegatsiyasini 2017 yilning 27 fevralida alohida iltifot bilan qabul qilgan edi.
Turkiya prezidenti Erdo‘g‘on Rustam Azimov boshchiligidagi o‘zbek delegatsiyasini 2017 yilning 27 fevralida alohida iltifot bilan qabul qilgan edi.

2017 yil fevralida o‘shandagi Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov boshchiligidagi O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi turk sarmoyadorlarga maxsus taklifni shaxsan prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘onga¸ so‘ngra yirik turk shirkatlariga taqdim qildi.

Rustam Azimov Turkiyadan bir milliard dollarlik turk sarmoyasining O‘zbekistonga kelish istagini bildirgani haqidagi hisobot bilan qaytgan bo‘lsa¸ o‘tgan yilning oktabr oyida prezident Mirziyoevning Turkiyaga qilgan davlat tashrifidan so‘ng bu raqam 2 milliard dollarga etdi.

Ammo oradan o‘tgan bir yarim yil davomida O‘zbekistonga Turkiyadan aynan qancha investitsiya kirdi¸ nechta turk shirkati yoki xususiy tadbirkori bu vaqt ichida O‘zbekistonda biznes boshladi¸ bunisi rasmiy ma’lumotlarda ochiqlanganicha yo‘q.

Prezident Mirziyoevning hukumat majlislarida “ko‘p milliard dollarlik iqtisodiy shartnomalar¸ yirik loyihalarga oid memorandumlar imzolanganiga oid “balandparvoz hisobot”larga qaramay¸ O‘zbekistonga kutilgan xorij sarmoyasi kelmagan”ini tanqid qilganidan¸ Turkiyadan ham hisob berilgan 2 milliard dollarning kelmagani taxmin qilinmoqda.

"Sarmoya qo‘rqoq narsadir..."

Mirziyoev hokimiyatga kelgandan keyin O‘zbekistonda biznes boshlagan sanoqli xorij tadbirkorlaridan biri Ahmat Demir¸ bunday sustkashlik va kutish jarayonida favquloddalik ko‘rmasligini aytadi:

- Bu normal. Sarmoya juda qo‘rqoq narsadir. Sekin-sekin keladi. O‘zlaridan oldin kelgan odamlarga qaraydi¸ ularning shart-sharoitini¸ yurishini tomosha qiladi. Nafaqat turklar¸ balki Yevropa¸ Amerika¸ Yaponiya biznesmenlari ishonch hosil qilmoq uchun sabr bilan O‘zbekistondagi yangiliklarni uzoqdan tomosha qilayapti¸ ko‘rayapti. Olti oy o‘tar¸ bir yil o‘tar¸ uzoqdan tomosha qilganlar yaxshi-yaxshi yangiliklarni ko‘radi¸ O‘zbekistonga ko‘proq jasorat bilan keladi¸- deydi Ahmat Demir.

Demir Holding egasi Ozodlik bilan suhbat davomida¸ bu borada o‘zining O‘zbekistonda qayta boshlagan biznesi ehtimoliy sarmoyadorlarga ijobiy namuna bo‘lishiga umid bildirdi.

XS
SM
MD
LG