Линклар

Шошилинч хабар
21 июл 2018, Тошкент вақти: 07:21

"Shomahmudovlar oilasi" memorial kompozitsiyasi joriy yilning 9 may kuni Toshkentdagi o‘zining eski o‘rniga - "Istiqlol" saroyi oldidagi maydonga qaytariladi. Ozodlik mobil muxbirining xabar qilishicha¸ 23 aprel kuni “Istiqlol” san’at saroyi oldidagi maydonda rekonstruksiya ishlari boshlab yuborilgan.

Ikkinchi jahon urushi davrida yetim qolgan bolalarni asrab olgan oila xotirasiga o‘rnatilgan, shu paytgacha ikki marta ko‘chirilgan "Shomahmudovlar oilasi"ning uchinchi marta ko‘chirilishi kutilmoqda.

Shomahmudovlar oilasi jamlangan haykalning Sovet davrida o‘rnatilgan dastlabki joyiga qaytarilishi to‘g‘risida Toshkent shahar hokimligi rasmiy saytida ma’lum qilindi.

Ayni paytda o‘zbekistonlik bloger Sardor Salim bu tadbirni «Sovet Ittifoqini reabilitatsiya qilish yo‘lida orqaga qarab tashlangan qadam», deya tarifladi.

Sayohatni sevadigan haykal

1982 yili, o‘sha paytda “Xalqlar do‘stligi” deb atalgan, hozirda “Istiqlol” saroyi oldidagi maydonga o‘rnatilgan haykallar kompleksining navbatdagi ko‘chirishga tayyorgarlik jarayonini kuzatayotgan Ozodlik mobil muxbirinng aytishicha¸ toshkentliklar «Bu haykalga g‘ildirak qo‘yish kerak edi¸ hohlagan joyga g‘ildiratib yuraverardik» deb hazil qilishmoqda.

Haykallar majmuasi ilk bor 2008 yilda shahar markazidagi san’at saroyi oldidan ko‘chirilib¸ «Otchopar» bozori ortidagi ovloq maydonga o‘rnatilgan edi.

Shomahmudovlar oilasi memorial kompleksi dastlabki joyiga qaytadi
Shomahmudovlar oilasi memorial kompleksi dastlabki joyiga qaytadi

O‘zbekistonlik munaqqid Akmal Rizaevning aytishicha¸ «bu marhum Islom Karimov prezidentligi davrida Sovet Ittifoqini yodga soladigan merosdan voz kechish siyosati natijasi» edi.

- Islom Karimov kommunizm va SSSRni eslatuvchi timsollardan qutulish siyosatini olib borgan edi. Shomahmudovlar haykali shahar markazidan olib tashlanibgina qolmay, balki Xamza, Sobir Rahimov va boshqa qator shaxslar nomini olgan ob’ektlarga ham yangi nomlar berilgan edi¸ - deydi munaqqid.

Islom Karimovning o‘limidan keyin, munaqqid Rizaevga ko‘ra, «nafaqat siyosiy mahkumlar balki tosh haykallar ham reablitatsiya qilindi»:

- 2017 yil may oyida Shomahmudovlar kompleksi "Do‘stlik bog‘i", deb qayta nomlangan sobiq Bobur nomidagi parkdagi Tinchlik qo‘ng‘irog‘i ramzi yoniga o‘rnatildi. Toshkent markazidan birinchi marta ko‘chirilganida, 17 figuralik kompozitsiya 16 figuralik bo‘lib qolgan edi. Jamoatchilik dakkisidan keyin shahar komxozi binosida esdan chiqib qolgan "bronza bola" topilib, kompozitsiya to‘liq holda o‘rnatildi¸ - deya eslaydi suhbatdosh.

Haykalning eski joyga qaytishi olqishlandi

Haykalning eski joyiga qaytarilishini kompozitsiya muallifi,1995 yili olamdan o‘tgan RSFSR Xalq rassomi Dmitriy (Daniil) Borisovich Ryabichevning o‘g‘li, Rossiya Haykaltaroshlik ijodiy birlashmasi rahbari Aleksandr Ryabichev Ozodlik bilan 24 aprel kungi suhbatda olqishladi.

Aleksandr Ryabichevga ko‘ra, «Haykalning qaytishi adolat qaror topgani va rassom asarining yana e’tirof qilinganidan dalolatdir»

O‘zbekistonlik taniqli haykaltarosh Azamat Hatamov ham haykalning joyiga qaytarilishini ma’qullab gapirdi. Hatamov 24 aprel kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda «Haykalning o‘z joyiga qaytishi «Istiqlol» saroyi oldidagi me’moriy ansamblning kemtigini to‘ldiradi» deb ta’kidladi:

- Haykallar me’moriy ansambl va shahar manzarasining bir qismidir. Har safar o‘sha joydan o‘tganimda bo‘shliqni ko‘rar edim. Hatto «Istqilol» saroyi oldiga «o‘zbek daholari» degan kompozitsiya yaratish niyatim ham bor edi. Ryabichev haykali qaytsa yaxshi bo‘ladi¸- deydi haykaltarosh.

Tanqidlarga uchragan haykal

Haykaltarosh Azamat Hatamovning eslashicha, 1982 yilda moskvalik haykaltarosh Ryabichevning Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlangan kompozitsiyasi O‘zbekistondagi rassom va haykaltaroshlar tomonidan tanqidiy qarshilangan.

“Kompozitsiyaning sayoz va badiiylikdan yiroqligi va yaxlit vizual asardan ko‘ra, hikoya naturalizmiga aylangani to‘g‘ri tanqid qilingan edi,- deb eslaydi haykaltarosh

Haykal 1982 yilda o‘rnatilganida O‘zbekiston rassomlar uyushmasi tomonidan rasman ma’qullangan edi. Rassomlar uyushmasining o‘sha paytdagi rahbari Javlon Umarbekov haykalning o‘rnatilishiga ham, olib tashlanishiga ham oid hujjatlarga imzo qo‘yganligini Ozodlik bilan suhbatda tan oldi

Dmitriy (Daniil) Borisovich Ryabichev O‘zbekistonda o‘nga yaqin haykal va monumentlar yaratgan rassom sifatida eslanadi.

Toshkent markazidagi (ilgarigi "Inqilob" xiyoboni) Karl Marks haykali¸ Temir yo‘l vokzali ro‘parasidagi "14 komissar" monumenti¸ Abdulla Qodiriy ko‘chasidagi 1966 yilgi Toshkent zilzilasiga bag‘ishlangan “Matonat” monumenti va Oybek uy muzeyi hovlisidagi Oybek haykali muallifi Ryabichevdir.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligining madaniy meros boshqarmasi me’mori Shermat Sherimbetovning Ozodlikka aytishicha¸ rassomning "14 komissar" monumenti va Marks haykali mavjud qoidalarga zid tarzda tag-tugi bilan yo‘q qilingan.

Urush davrida O‘zbekistonga 300 ming bola ko‘chirilgan edi

Shoahmad Shomahmudov va uning xotini Bahri Akramova 1941-1945 yillardagi urush davrida ota-onasiz qolib, janglar borayotgan hududlardan Toshkentga ko‘chirilgan rus, beljrus, moldavan, yahudiy, latish, qozoq, nemis va tatar millatiga mansub 15 bolani asrab olgan edi.

Shomahmudovlar oilasi haqida Rahmat Fayziy “Hazrati inson”, degan roman yozgan edi. Mazkur roman asosida rejissyor Shuhrat Abbosov “Sen yetim emassan” filmini suratga olgan.

Sovet Ittifoqi tarixida Ulug‘ Vatan urushi, deb ataladigan 1941-1945 yillardagi urush davrida O‘zbekiston janglar borayotgan hududlardan evakutsiya qilingan 1,5 million odamga boshpana berib, ularni ochlikdan va o‘limdan saqlab qolgan edi.

O‘zbekistonga o‘sha yillarda Leningrad, Belorus, Polьsha va Ukrainadan 300 ming yetim bola ko‘chirilgan.

XS
SM
MD
LG