Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:40

Urgut bozoridagi do‘konlarni ta’mirlash ijarachi savdogarlarga yuklatildi


Urgut shahri (Samarqand viloyati)
Urgut shahri (Samarqand viloyati)

Samarqand viloyat, Urgut tuman savdo kompleksi ma’muriyati do‘konlarni qayta ta’mirlashni savdogarlar hisobidan amalga oshirmoqchi.

Ozodlik bilan suhatda ayrim tadbirkorlar bozordagi ta’mirlash ishlari uchun har savdogardan 5 million so‘mdan yig‘ilayotgani, talabni bajarmaganlar do‘kon va rastalaridan ayrilishlari haqida ogohlantirilganini aytishdi.

Bozor rahbariyati ta’mir uchun pul yig‘ilayotganini inkor etar ekan, do‘konlarni ta’mirlash savdogarlarning o‘zlariga yuklatilganini tan oldi.

Urgut savdo kompleksida savdo qiluvchi ismi sir qolishini istagan tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda har oy bozor ma’muriyatiga yuz minglab so‘mlik patta puli to‘lashi, endi esa, tuman hokimiyati bozor ta’miri uchun bir necha million so‘mlik "o‘lpon" solganidan shikoyat qildi.

- Shundoq ham har oyda uch yuz ming so‘mlik patta to‘laymiz, nalogini to‘laymiz, bozor ma’muriyati shu yig‘imlarga ta’mir qilsa bo‘ladiku?! Har oyda bizdan pulni nimaga oladi? Hozir bular bozorning tepa qismini yopish kerak, deb turib 5 milliondan pul tama qilyapti. Bermasalaring bozorni bo‘shatib qo‘y, deb po‘pisa qilyapti,- deydi urgutlik savdogar.

Urgut tumani savdo kompleksidagi tadbirkorlardan yana biri esa, bir necha million so‘mdan ijara haqi to‘lab o‘tirgan do‘konini ta’mirlash do‘kondorlarning o‘zlariga yuklatilganini aytdi.

- Hozir do‘konimizning tomini buzib, qayta qurishimiz kerak ekan. Bozor ma’muriyati har kim o‘zi o‘tirgan do‘kon tomini o‘zi plita bilan yoptirishi kerak, deyapti. Bu nari-beri 30 million so‘m pulga tushyapti. Shuni qilmasak do‘konsiz qolarkanmiz, - dedi Ozodlik bilan suhbatlashgan urgutlik tadbirkor.

Ozodlikning aniqlashicha, o‘tgan oy Rossiyaning Kemerovo shahridagi “Zimnyaya vishnya” savdo markazidagi 64 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan yong‘in ortidan O‘zbekistondagi barcha savdo majmualari yong‘in xavfsizligi idoralari tarafidan inspeksiya qilingan.

Shu tekshiruvlar natijasida Urgut savdo kompleksidagi inshootlar yong‘in xavfsizligi talablariga to‘liq javob bermaydi, deb topilgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi Urgut savdo kompleksi ma’muriyatidan savdo inshootlarini bir oy ichida yong‘in va aholi xavfsizligi me’yorlariga moslashtirishni talab qilgan.

Urgut tuman savdo kompleksi rahbariyati buni tasdiqlarkan, Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi va tuman hokimiyati talabi bilan bozorda ta’mir ishlari boshlanganini aytdi.

Lekin, savdogarlarga po‘pisa qilingani va majburlab pul yig‘ilayotgani haqidagi iddaolarni bozor rahbariyati rad qilar ekan, savdogarlar aytgan gaplarni beixtiyor tasdiqladi:

- Bozorda qurilgan inshootlarni pojarniydan kelib tekshirdi, qabul qilmadi. Yong‘in xavfsizligiga javob bermas ekan. Tepasini monolit qilib, yong‘in xavfsizligi talabiga javob beradigan qilish kerak ekan. Hozir biz shu talabni bajarishga kirishganmiz. Lekin, savdogarlardan buning uchun pul yig‘ilayotgani noto‘g‘ri. Biz do‘konlarda o‘tirgan savdogarlarni o‘zlariga shuni o‘zlaringiz qilasizlar deyapmiz xolos. Chunki ularni do‘koni. Biz bozorni umumiy ta’mirini qilamiz, deyapmiz. Agar shu ishni qilmasak savdogarlar ham biz ham joyimizdan ayrilishimiz mumkin, chunki bozor yong‘in xavfsizligi qoidalariga javob bermaydi, - dedi Urgut tumani savdo kompleksi MChJ rahbarlaridan biri.

Urgut tuman hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, savdo kompleksi 2011 yilda qurilgan va 2012 yilda foydalanishga topshirilgan.

O‘shanda savdo kompleksining inshooti yong‘in xavfsizligi talabiga javob bermasligi hech kimning hayoliga ham kelmagan edi, deydi shu do‘konlardan birida savdo qiluvchi tadbirkor.

- O‘sha paytda biz bu do‘konlarni qabul qilib olganimizda hammasi talab darajasida, deb o‘ylagandik-da. Endi Kemerovodagi yong‘indan keyin hammasi xavfsizlik haqida o‘ylab qolishdi. O‘sha paytda bu inshootni qabul qilib olayotganda shuni talab qilishsa bo‘lardiku. Endi tomini kamchiligi bo‘lsa biz aybdor emasmizku. Hokimiyat yoki bozor ma’muriyati shu qurgan shirkatni topib to‘g‘irlasin-da, - deydi tadbirkor.

Ozodlik Urgut tuman hokimligiga bog‘langanida hokimlikning tadbirkorlik masalalariga mas’ul mulozimi bozordagi do‘konlar so‘nggi besh yil ichida harob ahvolga kelgani, shuning uchun ta’mirlash do‘kondorlarning o‘zlariga yuklatilganini aytdi.

- 2011 yilda qurilgan, o‘tgan davr ichida harob ahvolga keldi. Uni to‘g‘irlatish tadbirkorni o‘ziga yuklatildi. Bozorni daromadi bo‘lmasa, ajratadigan pul ham bo‘lmaydi-da, - dedi hokimlik mulozimi.

O‘zbekiston bozorlarida ta’mirlash ishlari tadbirkorlar hisobidan amalga oshirilishi birinchi marta bo‘layotgani yo‘q.

O‘tgan yili Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani markazidagi bozorda savdo qiluvchi tadbirkor va do‘kon egalari “besh kun ichida do‘konlarini o‘z hisoblaridan buzishlari" haqida ogohlantirish xati olganliklarini Ozodlikka ma’lum qilishgan edi.

Ikki yil avval Farg‘onaning Rishton tumani, Andijonning Asaka tumanidagi bozorlar tadbirkorlar ehsoni evaziga qayta rekonstruksiya qilingani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘zbekiston va xalqaro hayotga oid eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli foto-video tasvirlarni Ozodlikning Instagram sahifasida kuzating!

XS
SM
MD
LG