30 aprel¸ dushanba kuni tong saharda Shvetsiya xavfsizlik politsiyasi mamlakat shimoli va poytaxtida maxsus amaliyotlar o‘tkazdi.
Shvetsiya maxsus xavfsizlik politsiyasi (Säpo) matbuot kotibi Karl Melinning Ozodlikka aytishicha¸ aksilterror amaliyotlari natijasida uch shaxs qo‘lga olingan va yana bir nechtasi so‘roqqa olib ketilgan:
- Bugun erta tongda Shvetsiya maxsus politsiyasi politsiya kuchlari bilan birgalikda ham Stokholmda¸ hamda Shvetsiya shimolida aksilterror amaliyotlari o‘tkazdi. Uchta shaxs terror hujumi amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rayotganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu shaxslar anchadan beri maxsus kuchlar kuzatuvida bo‘lgan¸- dedi Karl Melin 30 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda.
Expressen kanali Stokholm shimolida amalga oshirilgan maxsus amaliyotga oid ayrim kadrlarni namoyish qildi.
Shvetsiya maxsus xizmatlari matbuot kotibi davom etayotgan tergov va operativ amaliyotlar bois¸ qo‘lga olingan shaxslar kimligi va ularning aynan qaysi hududda qo‘lga olinganini hozircha oshkor qila olmasligini bildirdi.
Ayni paytda¸ mazkur operatsiyaga bevosita aloqador bo‘lgan shved mulozimiga ko‘ra¸ qo‘lga olingan uchala shaxs ham poytaxt Stokholm shimolidagi Akalla rayonida yashab kelgan o‘zbekistonliklardir.
“Bu shaxslar Rahmat Oqilov xurujidan keyin maxsus politsiya e’tiborida bo‘lgan. Ulardan bittasi Oqilovga bevosita aloqador. U ham asli samarqandlikliklardan”¸ - dedi Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan gaplashgan shved rasmiysi.
Shvetsiya xavfsizlik politsiyasi matbuot kotibiga ko‘ra¸ qo‘lga olinganlar anchadan beri terror xuruji amalga oshirish rejasi ustida ish olib borgan.
“Ular bir necha oydan beri terror xurujiga tayyorgarlik ko‘rib kelgan. Bu jarayonning qaysi bosqichda ekani sudda ochiqlanadi. Aytishim mumkin bo‘lgani¸ Shvetsiya¸ xususan¸ poytaxt Stokholmda terror xuruji ehtimoli balandligicha qolmoqda va maxsus politsiya bunday ehtimolning oldini olish uchun qattiq ishlamoqda. Bu shaxslar¸ ana shu harakatlar doirasida qo‘lga olindi”¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda Shvetsiya xavfsizlik politsiyasi matbuot kotibi Karl Melin.
Stokholmda qo‘lga olinganlardan birining akasi bilan suhbatlashgan SVT kanali uning: “Ukamning muammosi bu yerda (Shvetsiya nazarda tutilmoqda -tahr.) emas¸ O‘zbekistonda edi”¸ - degan gapini iqtibos keltirdi.
Voqea tafsilotini o‘rganishga urinayotgan Shvetsiyadagi o‘zbek jamoasi vakillari¸ qo‘lga olinganlardan birining O‘zbekistonda diniy e’tiqodi uchun ta’qibga uchragani asosida Shvetsiyadan boshpana so‘ragan toshkentlik dindor ekanini bildirdi.
“Toshkentlik aka-ukalarning ikkalasini ham ushlashdi. Ukasi so‘roqdan keyin qo‘yib yuborildi¸ akasini hibsga olishdi. Uchinchi shaxsning qirg‘izistonlik o‘zbeklardan ekani aytilmoqda¸” dedi Ozodlik suhbatlashgan Shvetsiyadagi o‘zbekistonliklardan biri.
Shved xavfsizlik tizimining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan rasmiysi aka-ukalarning ushlangani va akasining hibsga olingani haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. (Ozodlik ixtiyorida aka-uka shaxsiga oid aniq ma’lumot bor¸ ammo aybsizlik prezumpsiyasi bois¸ uni ochiqlanmayotir.)
Shvetsiya jamoatchilik televideniesining kechki xabarlarida aytilishicha, aksilterror operatsiyalari mamlakat shimolidagi Stromshundda xam amalga oshirilgan. Bu mintakada 2012 yil fevralida otib ketilgan Obid Nazarov va uning izdoshlari yashaydi.
Shvetsiya xavfsizlik politsiyasi matbuot kotibi Karl Melin ¸ qo‘lga olingan shaxslar tergovi bilan mamlakat prokuraturasi shug‘ullanayotgani va yaqin kunlarda ularni hibsda qoldirish-qoldirmaslik masalasining sudda ko‘rib chiqishini bildirdi:
- Gumonlanuvchilar shaxsi ana shu jarayonda ochiqlanishi mumkin¸ - dedi matbuot kotibi jumladan.
2017 yilning 7 aprelida o‘zbekistonlik qochqin¸ Shvetsiyada boshpana izlovchi maqomida yashab kelgan Rahmat Oqilov Stokholm markazidagi piyodalar yuruvchi ko‘chada yuk mashinasini odamlar ustiga haydagani oqibatida 5 odam o‘lgan, 15 nafari jarohatlagan edi.
Bu ishni "Islom davlati" guruhi amirining buyrug‘i bilan amalga oshirganini e’tirof etgan Rahmat Oqilov ustidan mahkama davom etmoqda.
26 aprel kungi sud majlisida Shvetsiya prokuraturasi vakili Rahmat Oqilovga umrbod qamoq jazosi berilishini so‘radi.
Oqilov ustidan joriy yilning 13 fevralda boshlangan sud hukmining iyun oyida e’lon qilinishi kutilmoqda.
Ozodlik o‘tkazgan maxsus surishtiruv davomida samarqandlik Rahmat Oqilovning Stokholmdagi terror hujumini Suriyadagi tojikistonlik ishidchilar bilan hamkorlikda amalga oshirgani aniqlangan edi.