O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsion tuzumiga tajovuz qilish va amaldagi hukumatni noqonuniy ag‘darish kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaev, bloger Hayotxon Nasriddinov hamda ikki tadbirkor - Ravshan Salaev va Shavkat Olloyorovlar ustidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida olib borilayotgan sud ishining 2 may kungi majlisida prokuror suddan Abdullaevga besh yil qamoq jazosi tayinlashni, qolgan uch sudlanuvchini oqlashni so‘radi.
Bu haqda Ozodlikka sud majlisida kuzatuvchi sifatida qatnashgan jurnalist Abdurahmon Tashanov xabar qildi.
- Bugun sudda taraflar muzokarasi bo‘ldi. Davlat ayblovchisi bloger Haët Nasriddinov¸ tadbirkorlar Ravshan Salaev va Shavkat Olloyorovlarga oqlov hukmi chiqarilishini, jinoiy guruhning rahbari deb aytilayotgan Bobomurod Abdullaevga besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini so‘radi”, - deb xabar qildi jurnalist.
Abdurahmon Tashanovning aytishicha, Bobomurod Abdullaevga qo‘yilayotgan 159- modda, 4- qismida nazarda tutilgan ayblovdan prokuror voz kechgan:
- Eng muhimi, prokurorning aytishicha, Bobomurod Abdullaevga qo‘yilayotgan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159- moddasi, 4- qismi (hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish —o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi - tahr.) olib tashlanib, uning ishi shu moddaning 3- qismiga (uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlagan holda sodir etilgan bo‘lsa — besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi - tahr) o‘tkazilgan, - dedi Abdurahmon Tashanov.
Jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, Bobomurod Abdullaevning jinoyat ishidagi O‘zbekiston Konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darish maqsadida tuzilgani aytilgan “Jatva” atalmish loyihadagi ishtiroki tasdig‘ini topmaganligi uchun bu masala umuman olib tashlangan.
Abdurahmon Tashanovdan olingan ma’lumotlarni sud majlisida qatnashgan yana bir mustaqil jurnalist va inson huquqlari himoyachisi Malohat Eshonqulova ham tasdiqladi.
Bobomurod Abdullaev va yana uch fuqaro ustidan o‘tkazilayotgan sud jarayonining navbatdagi majlisi 5 may kuni soat 12.30ga belgilangan.
Bu mahkamada sud sudlanuvchi Olloyorovning so‘nggi so‘zini tinglashi va hukm o‘qishi kutilmoqda.
Jurnalist Bobomurod Abdullaev¸ bloger Hayot Nasriddinov¸ tadbirkorlar Ravshan Salaev va Shavkat Olloyorovlar O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159-moddasi bo‘yicha ayblanayotgan edi.
O‘tgan yilning 27 sentyabrida MXX tomonidan hibsga olingan Bobomurod Abdullaev 2011 yildan "Usmon Haqnazarov" imzosi ostida "amaldagi tuzumni o‘zgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va O‘zbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumonlanmoqda.