Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:56

Shvetsiyada terrorchilikda gumonlanib qo‘lga olingan o‘zbekistonliklar sudgacha hibsda saqlanadi


30 aprel kuni qo‘lga olinganlarning 2017 yil 7 aprel kuni Stokholm markazida terror hujumi amalga oshirgan o‘zbekistonlik Rahmat Oqilovga aloqador ekani gumon qilinmoqda.
30 aprel kuni qo‘lga olinganlarning 2017 yil 7 aprel kuni Stokholm markazida terror hujumi amalga oshirgan o‘zbekistonlik Rahmat Oqilovga aloqador ekani gumon qilinmoqda.

3 may kuni Shvetsiya poytaxti Stokholm shimolidagi Solna tuman mahkamasi 30 aprel kungi maxsus amaliyot paytida qo‘lga olingan ikki o‘zbekistonlik va bir qirg‘izistonlikni tergov amaliyotlari yakuniga yetgunga qadar ehtiyot chorasi sifatida hibsda qoldirish haqida hukm chiqardi.​

Mahkama jarayonini bevosita kuzatgan shved jurnalistlarining Ozodlikka bildirishicha¸ Stokholmdagi Kronoberg hibsxonasida saqlanayotgan sudlanuvchilar mahkama zaliga olib kelinmagan¸ ammo jarayonda ular jonli videomuloqot orqali ishtirok etgan. Sudlanuvchilar manfaatini advokatlar himoya qilgan.

Mahkamada terrorchilikda gumonlanayotganlarning shaxsi ochiqlanmagan¸ buning o‘rniga 45¸ 38 va 29 yashar gumonlanuvchi¸ degan aniqlamalar ishlatilgan. 45 va 29 yasharligi aytilayotgan sudlanuvchilar O‘zbekiston¸ 38 yoshligi esa¸ Qirg‘iziston fuqarosidir.

Jarayonga bevosita aloqador shved mulozimiga ko‘ra¸ tergov jarayonida qo‘lga olinganlardan ikki nafari o‘zbek tilli tarjimon¸ asli samarqandlik ekani aytilayotgan uchinchisi esa¸ tojik tarjimon so‘ragan.

30 aprel saharida Shvetsiya maxsus xavfsizlik idorasi politsiya bilan hamkorlikda poytaxt Stokholmga tutash Akalla rayoni¸ shuningdek mamlakat shimolidagi Stromsund shahrida aksilterror amaliyotlari o‘tkazgan edi. Bu operatsiyalar davomida bir necha shaxs qo‘lga olingan¸ ayrimlari so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborilgan edi.

(Ushlanganlarning shaxsi Ozodlikka o‘sha kuniyoq sizdirilgan¸ biroq aybsizlik prezumpsiyasi bois e’lon qilinmayotir).

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 29 yashar O‘zbekiston fuqarosi 30 aprel kuni ukasi bilan birgalikda hibsga olingan. So‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborilgan ukasining shved matbuotiga qaytishicha¸ u O‘zbekistonda diniy e’tiqodi bois muammoga uchraganlardan bo‘lgan.

Qo‘lga olingan o‘zbekistonlik gumonlanuvchilardan biri¸ 45 yashar shaxs 2008 yili Shvetsiyaga kelganidan bir necha yil o‘tib¸ 2015 yili o‘z familiyasi¸ 2016 yili esa¸ ismini to‘lig‘icha o‘zgartirgan.

Mamlakat shimolidagi Stromsund shahrida yashagan bu shaxs oilasi bilan ajrashgandan keyin¸ poytaxt Stokholmga ko‘chib kelgan. Qoraqamishdan ekani aytilayotgan bu shaxsning¸ Shvetsiyadagi o‘zbek jamoasi vakillarining bildirishicha¸ 7 nafar farzandi bor va sobiq xotini bolalari bilan hozirda ham Stromsundda yashaydi.

Bu shaxsga oid ekani aytilayotgan soliq hujjatlaridan¸ uning 2013-2017 yillar davomida qurilish bilan shug‘ullanuvchi shirkati bo‘lgani ko‘riladi. Mahkamaga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra¸ u qarzlarini to‘lay olmaganlik ortidan¸ 2017 yili o‘z shirkatini yopishga majbur bo‘lgan.

Bu shaxs bir necha marta haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda mashina¸ xususan¸ yuk mashinasi haydash bilan bog‘liq holatlar ortidan shved politsiyasi nazariga tushgan. 2017 yilning 7 aprel kuni Stokholm markazida terror hujumi uyushtirgan samarqandlik Rahmat Oqilov bilan bevosita aloqasi borligi aytilayotgan bu shaxs¸ 2017 yil 1 yanvaridan 2018 yil 30 apreliga qadar Shvetsiya hududida terror xuruji qilishga tayyorgarlik ko‘rganlikda gumonlanmoqda.

Rahmat Oqilov Stokholm markazidagi piyodalar yuruvchi ko‘chada yuk mashinasini ataylab odamlar ustiga haydashi oqibatida 5 odam o‘lgan, 10 nafari jarohatlagan edi.

Tergov davomida Oqilov bu ishni "Islom davlati" ekstremistik guruhi topshirig‘iga ko‘ra amalga oshirgani va maqsadi imkon qadar ko‘proq shvetsiyaliklarni o‘ldirish bo‘lganini tan olgan.

Prokuratura mahkamaga yo‘llagan hujjatlar nusxasida 38 va 29 yashar gumonlanuvchilarning 2017 yil 1 iyulidan 2018 yilning 30 apreliga qadar poytaxt Stokholm va Stromsundda terror hujumi amalga oshirishga hozirlik ko‘rganlikda ayblanayotgani aytiladi. Bu shaxslar ham¸ mahkamada keltirilgan dastlabki ayblovga ko‘ra¸ Oqilov bilan aloqada bo‘lgan.

Uchala sudlanuvchi tergov oxiriga qadar hibsda saqlashni taqozo qiluvchi sabablar orasida¸ gumonlanuvchilarning Shvetsiyada muqim yashash maqomiga ega bo‘lmagani uchun¸ qochib ketish ehtimoli kuchliligi¸ ular ozodlikka chiqarilgan taqdirda¸ jinoiy harakatlarga oid dalillarni yo‘q qilish va jinoiy faoliyatni davom ettirish tahlikasi saqlanib qolishi tilga olingan.

XS
SM
MD
LG