Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 21:19

Tojikistonlik ayollar "Qahramon ona" bo‘lishni havas qilmay qo‘ydi


Tojikistonda 8 ming ayol orasida 2017 yil oxirida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, tojikistonlik ayollarning 44 foizi “Qahramon ona” bo‘lishni havas qilmasliklarini, faqat 3 farzandni tarbiya qilishga qodir ekanliklarini aytgan.

Ayni damda, Tojikiston sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari orasida farzand ko‘rish bo‘yicha birinchi o‘rinda bo‘lib, har yili bu mamlakatda 200 ming chaqaloq dunyoga keladi.

Dushanbelik 36 yashar Mavjuda Davlatovaning yashash sharoiti yaxshi. Eri tadbirkor bu ayolning ro‘zg‘orida kamchilik yo‘q. Uning uch farzandi bor. Ammo Mavjuda boshqa farzand ko‘rishni istamaydi.

“O‘zing uchun yashash ham lozim. Ko‘p farzandni dunyoga keltirib, birinchidan sog‘likni yo‘qotasan. Ikkinchidan, farzandlarni tarbiya qilish, sog‘lom va bilimli voyaga yetkazish lozim. Men barcha kuch-quvvatimni uchta bolam tarbiyasiga sarflashni istayman”-deydi Mavjuda Davlatova.

Mavjudaning so‘zlariga qaraganda, uning ko‘plab dugonalari ham, qaynonalari, erlari va boshqa yaqinlarining bosimlariga qaramay, “Qahramon ona” bo‘lishni istamaydi.

“Nikoh va oila” nodavlat tashkilotining raisi Marhabo Zunnunovaning aytishicha, bunday yondashuv odatda shaharlarda kuzatiladi.

“Oldin ayolar uy bekasi edi. Hozir iqtisodiy qiyinchiliklar bois shaharlarda ayollar ro‘zg‘orni tebratish maqsadida ishlaydi. Bugungi sharoitda bir kishining oilani ta’minlashga kuchi yetmaydi,”-deydi Marhabo Zunnunova.

Sovet davrida ko‘p farzandli oilalar davlat tomonidan moliyaviy yordamlar olib, 10 nafardan ortiq farzandni dunyoga keltirgan ayollar “Qahramon ona” unvoniga sazovor bo‘lardi.

2000 yili Tojikiston hukumati “Oilani tartibga solish” dasturini ishlab chiqib, mamlakatdagi oilalarga ko‘p farzandlik odatidan voz kechishni tavsiya bergandi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning o‘zi 9 farzandning otasidir. Hukumat mulozimlarining aksari ham ko‘p farzandli hisoblandi.

Tug‘ilish darajasi bo‘yicha Tojikiston hozir ham sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari orasida birinchi o‘rinni egallab keladi. Har yili bu mamlakatda 200 ming chaqaloq dunyoga keladi. Oxirgi besh yil ichida mamlakat aholisi 1 million kishiga ko‘paygan.

XS
SM
MD
LG