Fransiya Parijda o‘z hayotini xavf ostida qoldirib, to‘rtinchi qavatdan qulayotgan bolani saqlab qolgan Mali fuqarosi Mamud Gassamga Fransiya fuqaroligini olishga yordam beradi. Bu haqda Gassamga Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va’da berdi.
22 yashar Gassamning to‘rtinchi qavatdagi bolani qutqarish uchun balkonma-balkon chiqib ketayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Video qahramonining shijoati va chaqqonligidan hayratga tushgan tarmoq yuzerlari uni mashhur film qahramoniga mengzab “O‘rgimchak-odam”, deb atadi.
Fransiyaga bir necha oy muqaddam kelgan malilik mehnat muhojirini Yelisey saroyida prezident Emmanuel Makron qabul qildi. U Mamud Gassamning jasoratini “mislsiz”, deb baholadi va Fransiya ma’murlari uning bu mamlakatda legallashishiga yordam berishini va’da qildi.
Prezident Makron Gassamga kerakli hujjatlarni qo‘lga kiritganidan so‘ng o‘t o‘chiruvchilikka ishga kirishni tavsiya qildi.
Shanba, kunning ikkinchi yarmida Fransiya poytaxtidagi ko‘chalardan biridan o‘tib ketayotgan Mamud Gassam ko‘pqavatli bino oldida to‘planib turgan odamlarni, to‘rtinchi qavat balkonida esa, bir yosh bola osilib turganini ko‘rib qoladi va darhol uni qutqarish uchun balkonlarga osilib, bir zumda (40 soniyada) to‘rtinchi qavatga yetadi.
Mahalliy BFMTV kanali muxbiri savollariga javob berarkan, balkonda osilib turgan bolani ko‘rishi bilan "hech narsani o‘ylamagani, uni qutqarganini" aytgan.
Qutqaruvchilar voqea joyiga yetib kelganida ularga ish qolmaganini ko‘rgan.
Keyin ma’lum bo‘lishicha, 4 yashar bola o‘z uyida yolg‘iz bo‘lgan.