Oqqo‘rg‘on tumanidagi maktab-internat tarbiyalanuvchilari g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etilgani fosh qilindi. Navoiyda mudofaa bo‘limining poraxo‘r mansabdori mahkamaga tortildi. Bog‘otda tuman tibbiyot birlashmasi shifokori 2 yashar bolaning bevaqt o‘limiga sabab bo‘ldi.
_____________________________________________________________
Tarbiyalanuvchilarga tajovuz qilgan Oqqo‘rg‘ondagi maktab-internat rahbarlariga jinoiy ish qo‘zg‘atildi
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 78-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internat tarbiyalanuvchilari tajovuz qurboni bo‘lgani, 16 yoshga yetmagan tarbiyalanuvchilar g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb etilgani fosh qilindi (“Darakchi”, 31 may). Ushbu o‘quv maskanida ehtiyojmand, serfarzand oilalar vakillari hamda ota-ona g‘amxo‘rligisiz qolgan, aqlida nuqsoni bor bolalarga ta’lim-tarbiya beriladi. Aniqlanishicha, maktab-internat rahbarlari uzoq yillar davomida ko‘zbo‘yamachilik qilib, ta’lim maskanidagi haqiqiy ahvolni yuqori instansiyalardan yashirib kelgan. Maktabgacha ta’lim guruhlari uchun alohida yotoqxonalarning mavjud emasligi, bolalar uchun yuvinish sharoitlari yaratilmagani, hojatxonaning nosozligi oqibatida tarbiyalanuvchilar teri-tanosil kasalliklariga chalingan. Qayd etilishicha, maktab-internat mansabdorlariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Avvalroq Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi 1-mehribonlik uyi mas’ullari tomonidan norasida tarbiyalanuvchilarga jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik qilingani, xayriya pullari o‘zlashtirilgani yuzasidan sud jarayoni davom etayotgani xabar qilingan edi.
Navoiyda mudofaa bo‘limining poraxo‘r mansabdori mahkamaga tortildi
Navoiy viloyati Konimex tumani mudofaa ishlari bo‘limi chaqiruv bo‘linmasi boshlig‘i katta yordamchisi harbiy xizmatga talabgorlardan pora olib kelgan (“XXI asr”, 31 may). Ismi oshkor etilmagan mudofaa rasmiysi tibbiy ko‘rik va boshqa masalalarda yordam taklif qilib nomzodlardan 1,5 million so‘mdan 3 million so‘mgacha pora olgan. Qayd etilishicha, mehnatsiz pul topishning hadisini olgan boshliq katta yordamchisi o‘nlab odamlardan pul undirib, kayfu safosini surib yuravergan. Sud hukmiga ko‘ra, mudofaa rasmiysiga nisbatan 4 yilu 1 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan, u, shuningdek, muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etilgan.
Xorazmda shifokor sovuqqonligi oqibatida 2 yoshli bola nobud bo‘ldi
Xorazm viloyati Bog‘ot tuman tibbiyot birlashmasi shifokori Sherjan Allashukurov 2 yashar bolaning bevaqt o‘limiga sababchi bo‘ldi. “Darakchi” nashri xabariga ko‘ra, 2015 yil 12 avgustda tug‘ilgan Kamronbek Quvondiqov kasalligi bois tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Shifokor Sh.Allashukurov esa bolani to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmasdan yuzaki tashxis qo‘ygan. Bemorni ichak infeksiyasi – “salmonellez”dan davolash chorasini ko‘rmasdan, uyiga javob berib yuborgan. Shifokorning o‘z vazifasiga sovuqqonligi oqibatida esa bolakay olamdan o‘tgan. Sud hukmiga ko‘ra, shifokor Sh.Allashukurov Jinoyat kodeksining 116-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanib, unga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shifokor 2013 yilda ham ayni shunday jinoyat sodir etgani ma’lum bo‘lgan.