Tojikistondagi “Amonat” davlat banki O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishi niyatida bo‘lgan tadbirkorlarga imtiyozli kredit berishini e’lon qildi.
Joriy yil mart oyida O‘zbekiston ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish uchun Tojikistonga 100 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagandi.
Tojikistondagi “Amonat” davlat banki xalqaro aloqalar bo‘limi raisi Temur Yoribekning 18 iyun Ozodlikka aytishicha, shirkatlar va alohida tadbirkorlarga O‘zbekistondan Tojikistonga texnologiya, texnika va sanoat mollarini keltirishlari uchun kredit beriladi.
- Mazkur qarzlarning qaytarish muddati 3 yildan 5 yilgacha. Foizi ham boshqa banklarga qaraganda pastroq bo‘lib, 14 foizni tashkil etadi. Shirkatlar va tadbirkorlarga biznes-planlar va garov asosida qarz beriladi¸ dedi Temur Yoribek.
Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu kredit ajratishidan maqsad tadbirkorlarga oson va imtiyozli kreditlar olishga imkon yaratish va qo‘shni mamlakat bilan iqtisodiy va savdo aloqalarini yanada rivojlantish hisoblanadi.
Dushanbelik tadbirkor Isoxon Sulaymonovga kӯra, “Amonat” bankining krediti uzoq muddatli bo‘lib, O‘zbekistondan Tojikiston bozorlariga sanoat mollari yetkazishni osonlashtiradi.
- Biz mollarni qisqa muddatda Tojikistonga olib kelamiz. Natijada ham tadbirkor foyda oladi, ham bozorda mol ko‘payib, arzonlashadi. Kreditning foizi ham tijorat banklariga qaraganda juda past, dedi Isoxon Sulaymonov.
Joriy yilning 9 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga qilgan davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Tojikistonga 100 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit berishi borasida kelishuvga erishilgan edi.