Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 15:21

"O‘zbekkonsert" rahbari diniy qo‘shiq aytgan ijrochilarga tanbeh berdi


“O‘zbekkontsert” rahbari diniy qo‘shiq aytgan ijrochilarga tanbeh berdi
“O‘zbekkontsert” rahbari diniy qo‘shiq aytgan ijrochilarga tanbeh berdi

Ramazon oyida diniy mavzudagi qo‘shiq¸ nashida va salavot aytgan ijrochilar "O‘zbekkonsert" direktori Odil Abduqahhorov tarafidan ogohlantirilgan. "O‘zbekkonsert" davlat muassasasida "Milliy estrada san’atining yoshlar ma’naviy, axloqiy tarbiyasidagi o‘rni va san’atkor odobi" mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirda iftor ochayotgan, suratini tarmoqqa qo‘ygan va soqol qo‘ygan qo‘shiqchilar ham tanqid qilingan.

Ramazon bayrami arafasida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbir haqida Ozodlik 19 iyunda xabar topdi.

Bundan oldin qo‘shiqchilar O‘zbekiston prezidentini maqtamaslik haqida ogohlantirilgandilar.

O‘zbekiston madaniyat vazirligi mulozimining Ozodlikka bildirishicha¸ Kaniza taxallusi bilan qo‘shiq aytadigan 30 yashar Shahrizoda Ahmedova ro‘za oyida diniy mavzudagi nashidalar aytgani e’tirozga sabab bo‘lgan.

Mulozimga ko‘ra¸ Shohruz Abadiya degan qo‘shiqchi litsenziya olmasdan turib, soqollarni o‘stirib olib, sohilda salovat aytib yurgani ham tanqidlar bilan qarshi olingan.

- Bu sohadagi bir yoqlama yondashuvga barham berish ¸ ashulachilarninmg dindan o‘z reklamasi yo‘lida foydalanishining oldini olish uchun bu honandalar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi¸ - deydi suhbatdosh.

Mulozimning aytishicha¸ qo‘shiqchilarda berilgan erkinliklarni noto‘g‘ri talqin qilishga moyillik bor:

-O‘tkan yil Shavkat Mirziyoevga bag‘ishlab maqtov qo‘shiq aytmaslik va kliplarda davlat ramzlari va rahbarlar siymosini o‘rinsiz ishlatmaslik kerakligini hijjalab tushuntirdik. Endi esa muqaddas dinimiz ularning targ‘ibiga zor emasligini tushuntiryapmiz. Aslida farosati bo‘lgan odamga bu gaplarni tushuntirish shart emas. Lekin keyingi o‘n yilliklarda tarkib topkan ijodiy jamoaning zakovat darajasi oldingi ustozlar darajasidan yomon tarafga farq qilmoqda¸ - dedi madaniyat vazirligi mulozimi.

Tarbiyaviy soatdagi nasihat

"O‘zbekkonsert" davlat muassasasida bo‘lib o‘tgan "tarbiyaviy soat"da ayni idora rahbari Odil Abduqahhorov aytgan gaplar videosi ijtimoiy tarmoqda tarqaldi.

"Xalqimiz sizlar o‘ylagandan ancha aqlli, ular sizning soqolingizga emas, san’atingizga baho beradi. Ayrimlar internetga yuzi qolib soqolining suratini joylashtirmoqda. Soqol bilan masjidga borib namoz o‘qiyotganini suratga tushirib, hammaga tarqatgani bir "pokazuxa". Ertasiga xuddi shu soqol bilan diskotekaga borib qilayotgan ishlarini biz ko‘rmayapmizmi? Iltimos, buni to‘g‘ri tushuninglar, yoshlar sizlardan o‘rnak olayapti. Ikkinchi masala, kecha Youtube saytiga kirib, hayratda qoldim. Ramazon kunlari juda ko‘p san’atkorlarimiz salovat nashidasini aytishmoqda. Sizlar aytayotgan salovat nashidasi bilan ramazon oyi ulug‘lanib qolmaydi. Axir busiz ham qo‘shiq qilish mumkin bo‘lgan mavzular ko‘p-ku," deya ta’kidlaydi tarmoqda tarqalgan videolavhada "O‘zbekkonsert" direktori Odil Abduqahhorov.

San’atkormi yo riyokor

Qo‘shiqchilarning “moda” uchun va “dindorlarga bilet sotish” uchun islomiy unsurlardan foydalanayotgani mahalliy dindorlar tarafidan ham qoralandi.

Toshkentlik dindor Mubashshir Ahmad mahalliy jurnalist bilan suhbatda islomiy qo‘shiq aytayotganlarga munosabat bildirib “o‘zining qalbida bo‘lmagan narsani ko‘rsatish shariatda riyokorlik” hisoblanishini aytdi.

Mubashshir Ahmadga ko‘ra¸ ashulachi “nashida aytish bilan o‘z obro‘sini ko‘tarishni maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsa, ko‘rib turganingizdek ijtimoiy tarmoqlarda buni barcha qoralayapti”, deya ta’kidladi.

Toshkentlik dindor ayol Mo‘tabar Ahmedova Ozodlik bilan suhbatda "qo‘shiqchilarning dinni tijorat qilishini" qoraladi:

- "Kraynost" deyiladi bu. Dilida imoni yo‘q odam reklama qilay¸ bilet sotay deb e’tiqodini bozorga solgani bu yaxshi emas. O‘zini ko‘z-ko‘zlash salbiy holat. Soqol qo‘ygan artistlar ham ko‘payib ketdi. Sunnat uchun¸ Olloh rizosi uchun emas, moda uchun¸ riyo uchun, sohta obro‘ uchun soqol qo‘ymoqda. Ular o‘z ishini qilsin. Nashida aytmasin. Oldin darvishlar aytardi nashida-salovatni Olloh rizosi uchun. Bugungilar nafsi uchun nashida aytmoqda, - deydi Mo‘tabar Ahmedova.

XS
SM
MD
LG