Turkiyaning Bo‘lu¸ Alaniya va Trabzon viloyatlarida xavfszilik kuchlari o‘tkazgan amaliyotda o‘nlab o‘zbek fohishalari qo‘lga olindi. O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi vakiliga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkiya odam savdosiga qarshi kurashda tig‘iz hamkorlik qilmoqda.
Ta’til mavsumi bois tanfurushlar ishi jadallashdi.
Turkiya shimoli-g‘arbidagi Bo‘lu viloyati xavfsizlik xizmati zobiti Metin Qoratoshning Ozodlikka aytishicha¸ 1 iyul kuni o‘tkazilgan tadbir davomida 6 nafar o‘zbekiston vatandoshi pul evaziga seks xizmati ko‘rsatayotgan paytda qo‘lga olingan.
-O‘zbekiston vatandoshlari teri-tanosil kasalliklari dispanserida tekshiruvdan o‘tkazildi. Jarima va deportatsiya qilinadiganlar hibsxonasiga joylashtirildi. Ular o‘z vatanlariga chiqarib yuborilgach, besh yil davomida Turkiyaga qaytib kela olmaydilar¸ - dedi Metin Qoratosh.
Unga ko‘ra¸ o‘zbek fohishalari Qorachayir mahallasidagi bir parkda jinsiy aloqa uchun pul olayotgan paytda qo‘lga olingan.
Oysara opaning qizlari
1 iyulda Turkiyanig Alaniya va Trabzon kabi viloyatlarida ham o‘zbek fohishalari qo‘lga olingan.
Alaniya xavfsizlik xizmati zobiti Mehmet To‘pol o‘g‘lining Ozodlikka aytishicha¸ ular orasida "fohishalik qilgani uchun Turkiyadan chiqarib yuborilgan, ammo aylanma yo‘llar orqali yana Turkiyaga qaytib, yana tanfurushlikni boshlab yuborganlar bor".
U qo‘lga olinganlar haqida barcha ma’lumot O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasiga yuborilganini aytdi:
- Pul evaziga seks qilayotgan paytida ushlanganlarning qo‘lida o‘zbek pasportlari bor. Mana ismlari: Sarvinozoy 20 yoshda¸ Maftuna 19 yoshda¸ Mahfuza 36 yoshda¸ Ziroat va Xurshida 31 yoshda. Bularni sotish bilan 49 yashar o‘zbek ayol Oysara. R shug‘ullangan¸ - dedi Mehmet To‘pol o‘g‘li.
Elchixona xabardor
O‘zbekiston elchixonasining ismi efirda aytilmasligini istagan vakili bu qo‘lga olishlar haqida rasmiy Toshkent xabardor etilganini aytdi.
Unga ko‘ra¸ “odam savdosi¸ tanfurushlik kabi jinoyatlarda ayblangan o‘zbeklarga oid barcha ma’lumotlar to‘plami Turkiya xavfsizlik hizmatiga taqdim qilinadi”
- Bu borada Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida tig‘iz hamkorlik bor. Elchixona Turkiyada ishlab halol mehnat qilayotganlar qatorida jinoyatga qo‘l urgan yoki odam savdogarlari qo‘liga tushib tanasini sotishga majbur bo‘layotgan vatandoshlar borligini inkor qilmaydi. Agar bu vatandoshlar qilgan jinoyati uchun Turkiyada qamalsa, ularga huquqiy yordam ko‘rsatiladi¸ - dedi elchixona mulozimi.
Uning qo‘shimcha qilishicha¸ Turkiyaga ish izlab kelib tanasini sotayotgan o‘zbek ayollarining mavjudligi "kelajagi buyuk millat bo‘lgan O‘zbekistonga yarashmaydi".
Zo‘rlangan qizlar
Ozodlik Turkiyada jinsiy aloqaga majburlangan 30 yashar ayol bilan gaplashdi.
Uning aytishicha¸ afg‘onistonlik o‘zbek erkaklari ish topib beramiz, deb aldab¸ bir xonaga qamab, guruh bo‘lib zo‘rlashgan.
- Ish izlab keluvdim. Ish beruvchilarning hammasi "agar men bilan yotsang, ishga olaman," degan tagdor gap qilardi. Yashirib nima qilay, o‘shanaqa patronlar bilan dam olgan paytim ham bo‘ldi. Ammo afg‘onistonlik o‘zbeklar meni aldab o‘sha ishni qildi. Politsiyaga aytsam, bu yerda yashash uchun 90 kunlik muddating o‘tib ketibdi, deb meni o‘zimni qamab qo‘yadi. Jabrlanib qolganim bir alam qilsa o‘z millatdoshim zo‘rlagani yana bir alam deydi¸ - dedi u.
O‘z istagim bilan fohishalik qilmoqchiman
Ozodlik iqtisodiy qiyinchilik bois Turkiya yoki Dubayga borib qisqa muddat fohishalik qilishga ruhan tayyor bo‘lgan 27 yashar toshkentlik qiz bilan gaplashdi. (Bu qizning ismi va yashash manzili Ozodlikda mavjud. - tahr.)
- Otam tashlab ketkan¸ onam o‘lgan. Bittayu bitta akam xotinchasini gapi bilan meni uydan haydab yubordi. Sen kambag‘alsan deb, erim ham haydab yuborgan. Yetti yashar o‘g‘lim bilan ijarama-ijara yuribman. Enagalik¸ supur-sidir qilib pul topaman. Seni nikohimga olaman savob uchun deb, aldab bir kecha hirsini qondirib, ketganlar bilan ham yuzlashdim. Men unaqa yomon qiz emasman¸ lekin sharoit meni majbur qilyapti. Mendan ham badro‘y qizlar Dubayga borib pul topib kelyapti. Menam boraman¸ o‘sha Turkiyasiga. Lekin kvartiraga pul ishlab bo‘lib bu ishni to‘xtataman. Iloji bo‘lolsa halol mehnat qilaman¸ - dedi u.
Ehtiyoj yaratgan talab
Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbek qiz-juvonlarini fohishalikka majburlagan tarmoqning 35 yashar o‘zbekistonlik qo‘shmachi to‘daboshisi o‘tgan yili qo‘lga olingan edi.
Keyingi bir necha yil davomida Hindiston¸ Tailand¸ BAA¸ Malayziya va Turkiya davlatlari politsiya idoralari o‘zbekistonlik fohishalar bilan bog‘liq yuzlab holat borasida taftish o‘tkazgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekistonda eng kam ish haqi — oyiga 172 240 so‘m (21 AQSh dollar), Turkiyada eng kam ish haqi 2.029,50 turk lirasi (500 AQSh dollari) etib belgilangan.