Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 16:33

Tahqirlangan ayol Kattaqo‘rg‘on IIBsida ko‘rsatma bermoqda. Militsiya zobiti ishdan bo‘shatildi


Ozodlik 5 iyul kuni Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi tezkor vakili San’at Umarov tomonidan tahqirlangan ayol bilan bog‘liq jarayonni kuzatishni davom ettirdi.

Ozodlikda 4 iyul kuni e’lon qilingan maqola va videotasvir ortidan bu voqea yuzasidan jinoiy ish ochilgan va ishtirokchilar ko‘rsatma va so‘roqqa olib ketilgan.

5 iyul oqshomida voqeaga ilk bor rasmiy munosabat bildirgan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi San’at Umarov ishdan bo‘shatilgani va uning ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

San’at Umarov viloyatga olib ketildi

Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimining Ozodlikka aytishicha, 4 iyul kuni "Kattaqo‘rg‘on militsiya bo‘limiga olib kelingan ayollar qip-yalang‘och qilib tahqirlandi" sarlavhali maqola e’lon qilinganidan bir necha soat o‘tib, Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasining shaxsiy tarkib bo‘yicha maxsus inspeksiyasi va viloyat prokuraturasining xodimlari kelgan.

“Kecha kelishgan edi. Tuni bilan San’at Umarovni dopros qilib chiqishdi. Tongga yaqin jabrlanuvchi ayolni ham olib kelishdi. Ertalab, ularning bir qismi San’at Umarovni o‘zlari bilan viloyatga olib ketishdi. Ayol esa shu yerda qolgan va prokuratura hamda maxsus inspeksiya xodimlariga ko‘rsatma berayapti”, dedi mulozim.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasining tergov bo‘limi mulozimi ham Kattaqo‘rg‘on tumaniga maxsus inspeksiya guruhi yuborilganini tasdiqladi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 4 iyul kuni Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan Kattako‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili S.Umarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqida 5 iyul kuni xabar berdi.

Tahqirlangan ayol tonggi soat 4 da olib ketildi

Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili tomonidan tahqirlangan ayol yashovchi tumandagi mahalla fuqarolari yig‘ini raisi N.T.ning 5 iyul kuni ertalab soat 4da ichki ishlar xodimlari tomonidan ko‘rsatma berishga olib ketilganini aytdi.

“Ertalab posbonlarimizdan biri menga xabar berdi. Soat uch yarim-to‘rtlarda u ayolni ichki ishlar xodimlari olib ketibdi. Boya tushda, uyiga ham borib keldik, lekin hali uyiga qaytmagan ekan”, dedi mahalla oqsoqoli.

Ozodlikda e’lon qilingan maqolada shaxsi ochiqlanmagan va yuzi ko‘rsatilmagan ayolning o‘tgan oy militsiya zobiti tomonidan tahqirlanganidan uning ayrim hamqishloqlari oldindan xabardor bo‘lgan.

Shulardan biri¸ bu ayol aksar hamqishloqlaridan ajralgan holda¸ o‘ta nochor yashashini aytadi.

“Bu ayolning eri jigari kasal bo‘lib o‘lgan.U yashayotgan uyni uy deb atash qiyin, ko‘rsangiz u yerga it ham bog‘lamaysiz. Uyda na darvoza bor, na bir devor. Juda ham qashshoq yashaydi. Uyi ham chekkada¸ dasht joyda. Bugun borsam¸ o‘g‘ilchasi bilan qizi chiqdi. So‘rasam, onamlar ertalab ketganicha hali kelganlari yo‘q, dedi"¸ deydi nochor ayolning tahqirga uchrab kelayotganidan xabari bor hamqishlog‘i.

Aytilishicha¸ ishsiz ayol bir marta 50 ming so‘m, bir marta bir poy kalish o‘g‘irlaganlikda ayblanib¸jarimaga tortilgan va mol boqib¸ tirikchilik qilib kelgan.

Ozodlik suhbatlashgan mahalla raisi¸ Kattaqo‘rg‘on dehqon bozorida 3 iyun kuni bo‘lgan o‘g‘rilikda gumonlanib¸ tezkor vakil tomonidan ushlanishiga ham¸ ayolning muqaddam qayd etilgan shu harakatlari asos bo‘lganini bildirdi.

5 iyul kuni Ozodlik tahqirlangan ayolning o‘zi bilan bog‘lanishga harakat qildi. Ammo kun davomida Kattaqo‘rg‘on IIB da savol-javob qilingan ayolning mobil telefoni o‘chirilgani bois¸ u bilan suhbatlashish imkoni bo‘lmadi.

Videotasvirda ko‘rinmagan ikkinchi ayolni tahqirlagan shaxs kim?

Ozodlikda e’lon qilingan videotasvirdan o‘g‘rilikda gumonlanib yana bir ayolning militsiya bo‘linmasiga olib kelingani va tasvirga tushmagan ikkinchi ayolning ham kadr ortida tahqirlangani tushuniladi.

Bu voqeaga aloqador boshqa militsiya xodimlari shaxsini aniqlash maqsadida Ozodlik muxbiri Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ilyos Abduqahhorov bilan bog‘landi.

Ozodlik savoliga IIB boshlig‘i qisqa javob bilan cheklandi.

"Hozir surishtiruv olib borilayapti, surishtiruv tugagach bu haqda aytamiz. Hozircha boshqa hech narsa aytolmayman", dedi Ilyos Abuqahhorov.

Ichki ishlar vazirligi voqeaga bir sutka o‘tib munosabat bildirdi

5 iyul kuni Kattaqo‘rg‘on militsiya zobitining o‘g‘rilikda gumonlangan ayolni tahqirlab¸ uni qip-yalang‘och holda koridorda yurishga majburlagani haqidagi xabar jamoatchilikning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda kunning eng qizg‘in muhokama qilingan mavzuiga aylangan bu voqeaga O‘zbekiston parlamenti deputati va Bosh vazir o‘rinbosari Facebookdagi o‘z sahifasi orqali munosabat bildirdi.

Ozodlik xabaridan bir kun o‘tib o‘z xodimining xatti-harakatiga O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi:

"Bugungi kunda San’at Umarov ichki ishlar organlaridan salbiy harakatlari uchun bo‘shatilgan. Holat yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda," deya ta’kidlanadi Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasining rasmiy munosabatida.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati "bunday salbiy holatlarni aniqlash, oldini olish va ichki ishlar organlari saflarini nopok, tasodifan kirib qolgan xodimlardan tozalash maqsadida, doimiy ravishda keskin choralar ko‘rib boradi," deya ta’kidlanadi unda.

XS
SM
MD
LG