Avstraliyalik olimlar Sahroi Kabirda dunyodagi eng ko‘hna biologik bo‘yoqlarni topdi. Olimlar fikricha, bu topilma Yer yuzida murakkab jonzotlar nima uchun yaqindagina yuzaga kelganini anglashga yordam beradi. Bu haqda New Straits Times sayti xabar qildi.
Saytning Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etilgan maqolaga tayanib yozishicha, topilgan pigmentlar bundan taqriban 1,1 milliard yil oldin sodda mikroskopik organizmlar tomonidan ishlab chiqilgan pushti pigmentlar bo‘lib, ularning yoshi shu kungacha topilgan eng eski pigmentlardan 500 million yilga kattadir.
Avstraliya Milliy universitetining tadqiqotchisi Yoxen Broks yangi aniqlangan qadimiy pigmentlarning yoshi tirannozavrlar yoshidan 15 marotaba katta ekanligini aytdi.
Yer sayyorasi taxminan bundan 4,5 milliard yil muqaddam paydo bo‘lgan. Olimlarning aytishicha, Sahroi Kabirda aniqlangan pigmentlar nima uchun sayyoramizda murakkab o‘simliklar va jonivorlar yaqin o‘tmishda – bundan atigi 600 million yil oldin yuzaga kelganini aniqlashga yordam beradi.
Bundan oldingi ilmiy ishlarda kislorod ko‘lamining oz bo‘lgani murakkab jonzotlar evolyutsiyasiga to‘sqinlik qilgan, deya xulosa qilingan. Ammo sianobakteriyalar (eski nomi ko‘k-yashil suv o‘tlari) bundan 1,1 milliard yil oldin mavjud bo‘lgani ular suv o‘tlarini siqib chiqarganini ko‘rsatadi.
Broks AFP agentligi bilan suhbatda:
- Suv o‘tlari, mikroskopik bo‘lsa-da, sianobakteriyalardan minglab marta katta hajmga ega va ancha boy ozuqa manbai hisoblanadi, - dedi.
Sianobakteriyalar okeanlari taxminan 650 million yil oldin yo‘q bo‘la boshlagan. O‘shanda suv o‘tlari tez sur’atda ko‘payib, Yerda yirik jonivorlar, jumladan, odamlar ko‘payishiga sharoit yaratuvchi kompleks ekotizimlar evolyutsiyasi uchun lozim bo‘lgan energiyani ta’minlay boshlagan.
Qadimiy pigmentlar neft shirkati G‘arbiy Afrikada qazib olingan toshlarni laboratoriyaga yuborishi ortidan tasodifan aniqlangan.
Qadimiy pigmentlar yorug‘lik energiyasini organik moddalarning kimyoviy energiyasiga aylantiruvchi xlorofillarning toshga aylangan qoldiqlari shaklida saqlanib qolgan.