Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:48

Namanganda dehqon suv talashib mirobni pichoqlab o‘ldirganlikda ayblanmoqda


Namangan viloyat, Kosonsoy tumanida piyoziga suv ololmagan dehqon hududning katta mirobi bilan janjallashib, uni 9 iyulga o‘tar kechasi dalasi boshida "pichoqlab o‘ldirgani" to‘g‘risida Ozodlikka kelgan xabarni tasdiqlagan Kosonsoy tuman ichki ishlar bo‘limi mulozimi, qotillikda gumonlangan shaxs hibsga olingani va uning ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.

Dehqonlarning aytishicha, Kosonsoy tumanida sug‘orish uchun suv taqchil bo‘lgani sabab, miroblar aholi tomorqasiga suvni kam berib, asosiy suvni paxtaga bermoqda.

Kosonsoy tumanining Bomraha hududida piyoz yetishtirayotgan dehqon Murod Qoraxonov 9 iyulga o‘tar kechasi uning yeriga suv bermagan tuman suvdan foydlanuvchilar uyushmasi raisi Ilhom Qirg‘izovni "pichoqlab o‘ldirgani" to‘g‘risida Ozodlikka xabar bergan voqea guvohlaridan birining aytishicha, janjal suv ustida chiqqan:

“Murod piyoz ekkan edi, lekin anchadan buyon piyoziga suv ololmay katta mirob Ilhom Qirg‘izov bilan janjallashib yurardi. Shu kunlarda havo juda isib, piyozlar qurib qolayozgandi. 8 iyul kechasi ham piyozini sug‘organi chiqqan, lekin o‘sha hududda bo‘lgan Ilhom Qirg‘izov ruxsat bermagan. O‘rtada janjal chiqib, Murod mirobni pichoqlab qo‘ygan. Ilhom Qirg‘izov o‘sha joyning o‘zida halok bo‘lgan”, dedi voqea bo‘lgan joyga borgan kosonsoylik dehqonlardan biri.

Kosonsoy tuman ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Hozir Ilhom Qirg‘izovni o‘ldirganlikda gumonlanib, Kosonsoy shahrida yashovchi Murod Qoraxonov hibsga olingan. Unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov tafsilotlari oshkor qilinmaydi”, dedi Ozodlik bilan 11 iyul kuni gaplashgan ichki ishlar bo‘limi mulozimi.

Kosonsoy tuman hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan birining aytishicha, suv tanqisligi shu kabi janjallarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda:

“Bizning hududlarni malovodniy deyishadi, ya’ni yoz paytida suv taqchil bo‘ladi. Ekinlarni suv omborlaridan oladigan suv bilan sug‘oramiz. Ijaraga olgan yerlariga ekin ekkan dehqonlarga, haqiqatan, qiyin bo‘ladi. Chunki, suvni birinchi navbatda paxtaga beramiz. Undan ortib qolsagina, keyin dehqonlarga beriladi. Bu yil yoz juda issiq kelib, suvga talab ko‘paydi. Dehqonlarni ham tushunamiz, lekin paxta bu - siyosat, birinchi o‘rinda paxta suv ichishi kerak”, dedi hokimlik mulozimi.

O‘zbekistonda bu yil yozning rekord darajada issiq kelgani bois, suv taqchilligi O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham kuzatilmoqda.

Ozodlik olgan xabarlarga ko‘ra, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida paxta va bog‘larni sug‘orishga suv yetmagan.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi fermerlar ham dalasiga suv yetib bormagani uchun bug‘doy rejasini bajara olmagani va buning oqibatida tuman IIB boshlig‘i fermerlarni muntazam kaltaklagani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG