Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:29

IIV Akademiyasi o‘qituvchisi kirish imtihonlaridagi hiylalar va poraxo‘rlik haqida aytib berdi


IIV Akademiyasiga minglab talabgorlar hujjat topshirdi
IIV Akademiyasiga minglab talabgorlar hujjat topshirdi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining o‘qituvchisi o‘quv yurti qabul komissiyasi a’zolarini 2018-2019 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari paytida turli hiylalardan foydalanganlik va poraxo‘rlikda aybladi.

Ismini sir saqlash va ovozini o‘zgartirish sharti bilan Ozodlikka gapirgan o‘qituvchining iddao qilishicha, iyun oyida bo‘lib o‘tgan kirish sinovlari paytida tanish-bilishchilik, poraxo‘rlik va natijalarni soxtalashtirish holatlariga guvoh bo‘lgan.​

Akademiya o‘qituvchisining iddaolariga o‘xshash ma’lumotlarni Ozodlikka bir-biridan mustaqil ravishda aloqaga chiqqan abiturientlar va ularning yaqinlari ham aytib berdi.

Ozodlik bu iddaolar yuzasidan O‘zbekiston IIV Akademiyasi qabul komissiyasidan munosabat ololmadi.

O‘zbekiston huquq tizimi mulozimidan olingan norasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ bu vaziyat bo‘yicha hozirda tekshiruv o‘tkazilmoqda.

O‘qituvchi bilan o‘tkazilgan suhbatni quyida tinglang. Ovozi uning talabi bilan o‘zgartirilgan:

ИИВ Академияси ўқитувчиси ўз ҳамкасбларини порахўрликда айблади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:26 0:00
Бевосита линк

Ko‘p bosqichli sinovlar

Yakuniy natijalarni abiturientlar uch kun davomida kutishdi
Yakuniy natijalarni abiturientlar uch kun davomida kutishdi

Kunduzgi ta’limga kirish shartlariga ko‘ra, IIV Akademiyasiga kirish orzusida bo‘lgan minglab abiturientlar iyun oyi boshida dastlab tibbiy ko‘rikdan o‘tib, so‘ngra psixologiya, jismoniy tayyorgarlik, rus va ingliz tillaridan imtihon topshirdi.

Har bir fandan maksimum 30 ball - to‘rt fandan jami 120 ballning 50 foizini to‘plagan abiturientlar ikkinchi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Yakuniy bosqichda uchta guruhga bo‘lingan davlat komissiyasi a’zolari abiturientlarni huquqshunoslik, tarix, adabiyot, milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari fanlari bo‘yicha og‘zaki suhbatdan o‘tkazdi.

Ozodlik suhbatlashgan abiturientlar barcha imtihonlar kuzatuv kameralari nazoratida bo‘lib o‘tgani qayd etishdi.

"Klientlarga maxsus turniklar va liboslar"

Talabalar ro‘yxati 9 iyulda e’lon qilindi
Talabalar ro‘yxati 9 iyulda e’lon qilindi

Ozodlikka suhbat bergan o‘qituvchining IIV Akademiyasi rahbariga yo‘llagan maktubi nusxasi avvalroq kelgan edi.

O‘qituvchining yozishicha, Akademiya murabbiylari bilan til biriktirgan "klientlar"ga alohida e’tibor ko‘rsatilgan, maxsus sharoitlar yaratilgan. Xususan, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinov to‘g‘risida o‘qituvchi bunday yozgan:

"Turniklardan bittasi video kameraga olinmadi, gaplashilgan klientlar aynan shu turnikda tortiltirildi. Yuz metr va 3 km masofaga yugurishda natijalar soxtalashtirildi. Garchi bu sinovga maxsus inspeksiya xodimlari mas’ul sifatida jalb etilgan bo‘lsa-da, 3 km masofaga yugurish mashqlarida 7 krug yugurish urniga ayrim nomzodlar 5-6 krug yugurdi, ammo ularga birinchi kelgan nomzodlar kabi katta baho qo‘yildi. Klientlarni tanib olish uchun ularga maxsus kiyimlar bir kun oldin berib qo‘yildi yoki kechqurun imtihonga mas’ul o‘qituvchiga klientni olib borib, tanishtirish kabi usullardan foydalanishdi," deb yozadi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, psixologik tekshiruv natijalari ham soxtalashtirilgan.

"Psixologik tekshiruvda tekshiruvchilarning o‘zi natijalarni soxtalashtirishdi. Nomzodning F.I.O. va guruhini olib, natijalari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, baholari ko‘tarib qo‘yildi. Hatto nomzod o‘zi "past ball oldim," deb chiqsa-da, yakunda ularning ballari baland chiqdi," deya iddao qildi u.

"Poraxo‘rlik hidi"

Adolat yo‘q! Akademiyaga 95 ball bilan kirgan abiturientlar bor. Ammo, 150-155 ball olganlar o‘qishga kira olishmadi. Adolat qani?!

O‘qituvchining iddao qilishicha, yakuniy suhbat boshlangan kunning o‘zida poraxo‘rlikning hidi kelayotganini sezish qiyin emasdi:

"Suhbatni o‘tkazish tartibiga qarang: nomzod savollar biletini olgach, alohida xonaga kirib, u yerda 5-6 nomzod 20 minut davomida tayyorlanmoqda. Keyin navbat bilan suhbat o‘tkaziladigan xonaga kiritilmoqda. Xonada esa, faqat o‘qituvchilar bor, xolos. Qaysi nomzod qanday javob berganini o‘qituvchilardan boshqa hech kim bilmaydi..Chunki savol-javob vaqtida nomzodlar bir-birining qanday javob berganini bilib qolsalar, ertaga mandat vaqtida noroziliklar paydo bo‘lishining oldini olib shunday qilishgan... Bu yerda ataylab poraxo‘rlik uchun sharoit yaratildi," deya iddao qiladi o‘qituvchi.

Ozodlik bilan telefon orqali suhbatlashgan bir abiturient ovozini yozib olmaslik sharti bilan quyidagi holatga e’tibor qaratdi:

"Adolat yo‘q! Akademiyaga 95 ball bilan kirgan abiturientlar bor. Ammo, 150-155 ball olganlar o‘qishga kira olishmadi. Adolat qani?!"

"Kambag‘allar o‘rniga puldorlar"

IIV Akademiyasiga o‘tish ballari
IIV Akademiyasiga o‘tish ballari

Ozodlikka Telegram orqali bog‘langan abiturientlardan biri "kambag‘al abiturientlar yiqitilib, puldorlari" qabul qilinganidan shikoyat qildi:

"Men O‘zbekiston Ichki ishlar Akademiyasiga kirmoqchi edim. Barcha imtihonlarimni yaxshi topshirdim, ammo yakuniy suhbatdan menga berilishi kerak bo‘lgan ballni boshqa abiturientga berishdi. Meni esa “Noto‘g‘ri javob berding”, deb aldashdi. Ichkarida korrupsiya avj olgan. Doimgidek bilimli, ammo kambag‘al bolalar yiqilib, bilimsiz, ammo puldorlar o‘qishga olindi. Shuncha ota-onalar esa imtihon adolatli bo‘ladi, deya umid bilan kutgan edi," deb yozdi u.

Абитуриентлар ота-оналари ИИВ Академияси олдида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:26 0:00

Yana bir abiturient yaqinlaridan birining iddao qilishicha, IIV Akademiyasiga imtihon payti "tizimda ishlaydigan mas’ullarning farzandlariga yon bosish" kuzatilgan:

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga imtihon payti militsiya tizimida ishlaydigan mas’ullarning farzandlariga yon bosish holatlari kuzatildi. Men fikrimga isbot sifatida aniq ism-familiyalarni aytishim ham mumkin. Ammo etika nuqtai nazaridan aniq shaxs nomini tilga olmayman. Kursant bo‘lish, Vatan himoyachisi bo‘lishni orzu qilgan yoshlarning bilimi xolis va haqqoniy baholanishi kerak. Fikru zikri dollar piramidasini bunyod etish bilan band kimsalar davri o‘tdi," deb yozdi Ozodlikka Telegram messenjeri orqali bog‘langan abiturent yaqinlaridan biri.

O‘z ta’birida u jamoatchilikni "adolatsizlik qurboni bo‘lgan yoshlarni” qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi:

"Jamoatchilikdan iltimos, sizlar ham biz kabi o‘z mustaqil fikriga ega, ammo adolatsizlik qurboni bo‘layotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlanglar! Aks holda ertaga o‘zingiz, farzandingiz ham adolatsizlik qurboni bo‘lishi mumkin".

O‘tgan imtihonlardan kameraga olingan lavhalarni ko‘rib chiqsa, barcha haqiqat ochiladi, adolat ustun bo‘ladi

Ozodlikning yana bir suhbatdoshi - farzandi o‘qishga kira olmagan ota imtihon jarayonini video kameralarda qaydga olingan tasvirlar orqali tekshirib chiqish zarurligini aytadi:

"O‘tgan imtihonlardan kameraga olingan lavhalarni ko‘rib chiqsa, barcha haqiqat ochiladi, adolat ustun bo‘ladi. Qiziqish uchun bolalar topshirgan hujjatlarini o‘rganib chiqilsa, ularning necha nafari o‘sha Akademiya, ichki ishlar xodimlarining farzandlari, jiyanlari va hokazoligi bilinardi," deya arz qildi o‘qishga kira olmagan abiturientning otasi.

Ozodlik abiturientlar va ularnin yaqinlari ilgari surgan barcha iddaolarni ​mustaqil manbalar orqali tasdiqlata olgani yo‘q.

Ozodlikka kelgan shikoyatlarga munosabat olish maqsadida IIV Akademiyasining qabul komissiyasi bilan bog‘lanish urinishlari 10 iyul kuni natijasiz qoldi.

Ammo, O‘zbekiston huquq tizimi mulozimidan Ozodlik olgan norasmiy ma’lumotga ko‘ra¸ bu vaziyat bo‘yicha hozirda tekshiruv o‘tkazilmoqda.

2018/2019 o‘quv yiliga IIV Akademiyasi kunduzgi ta’lim shakliga nomzodlarni tanlash va o‘qishga qabul qilishda o‘tish ballarini 9 iyulda e’lon qildi.

O‘qishga kira olmagan abiturentlar va ularning ota-onalari e’tirozlariga ko‘ra, qabul komissiyasi a’zolari ularga apellyatsiya shikoyatlari o‘qishga kirgan talabalar ro‘yxati e’lon qilinmasdan avval, ya’ni 5 iyuldan 8 iyulgacha qabul qilinganini bildirganlar.

Imtihon natijalariga ko‘ra, jami 600 abiturient Akademiya kursantlariga aylandi.​

Akademiyaga ja’mi 15 mingga yaqin talabgor hujjat topshirgandi.

XS
SM
MD
LG