Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:27

Eronlik yigitga 10 yil oldin aroq ichgani uchun 80 marta darra urildi


Eronda musulmonlarga spirtli ichimlik ichish man etilgan. Bu qoidani buzganlar 80 marta darra urish bilan jazolanadi. Lekin bu jazo 10 yil ilgari to‘yda spirtli ichimlik ichgan shaxsga qo‘llanilgani ko‘pchilikni hayratga soldi.

Eron davlat matbuoti 10 iyul kuni Kashmer shahrida M. R. ismli shaxs jazolangani haqida xabar qildi. M. R. bundan 10 yil avval, 14 yoki 15 yoshida to‘yda aroq ichgani uchun ushbu jazoga hukm qilingan.

Hukumat boshqaruvidagi Yosh jurnalistlar klubi tarqatgan xabarda yozilishicha, M. R. spirtli ichimlik iste’mol qilgan to‘yda mehmonlar orasida janjal chiqib, 17 yashar o‘smir halok bo‘lgan. Kashmer prokurorlari bu hodisaga M. R. ning aloqasi yo‘qligini bildirgan.

Eronda darra bilan jazolashga izn beriladi. Islomiy respublikaning jinoiy kodeksiga binoan, spirtli ichimlik ichgan musulmon 80 marta darra bilan savalanishi mumkin. Nasroniylar va boshqa din vakillariga bunday jazo qo‘llanilmaydi.

Ushbu qonunni inson huquqlari tashkilotlari tanqid qilib keladi. Ammo 10 yil oldin spirtli ichimlik ichgan shaxsning bugunga kelib jazolanishi Amnesty International tashkilotini lol qoldirdi.

Tashkilot 11 iyul kuni e’lon qilgan hisobotda Kashmerdagi qamchilash Eron rasmiylarining “noto‘g‘ri prioritetlari” hamda “inson huquqlariga bo‘lgan hurmatsizligining” yaqqol dalili ekanligi aytiladi.

Hisobotda tashkilotning Yaqin Sharq hamda Shimoliy Amerika bo‘yicha direktori Filip Lyuter:

- Hech kim, yoshidan qat’i nazar, qamchilash jazosiga hukm qilinmasligi kerak. Yosh bola spirtli ichimlik ichgani uchun tergov qilinib, 80 marta qamchilashga hukm qilinganiga aql bovar qilmaydi, - deb yozadi.

Amnesty International hisobitiga tirkalgan suratda daraxtga arqon bilan bog‘lab qo‘yilgan shaxsni chang‘ichilar niqobi bilan yuzini yashirib olgan shaxs qamchilayotganini ko‘rish mumkin. Orqa fonda esa tomoshabinlar bor.

Ozodlik radiosi 12 iyul kuni Amnesty International bilan aloqaga chiqqanida tashkilot xodimlari suratda Kashmerdagi holat aks etgani yoki yo‘qligini mustaqil ravishda tasdiqlay olishmaganini, ammo Eron matbuoti aynan shu suratdan foydalanganini aytishdi.

Kashmerdagi qamchilash Eronda uzoq yillardan beri qo‘llanilib kelayotgan jazo turiga jamoatchilik e’riborni qaratdi.

Eronda darralash bilan bir qatorda jinoyatga qo‘l urganlarni qo‘l-oyoqlarini amputatsiya qilish, toshbo‘ron qilish hamda ko‘r qilish kabi jahon bo‘ylab man etilgan boshqa jazolash turlari ham qo‘llaniladi.

Eron qonunlarida 100 dan oshiq jinoyat uchun qamchilashga hukm qilish ko‘zda tutilgan. Bunday jinoyatlar orasida o‘g‘rilik, tovlamachilik, spirtli ichimlik sotish yoki iste’mol qilish hamda jamoat joylarida o‘pishish, besoqolbozlik va zino kabi axloqiy qonunbuzarliklar bor.

Eronda zinokorlarni qamchilashga hukm qilish yetarlicha qattiq jazo hisoblanmaydi.

Ramazon oyida ro‘za paytida yegulik yeganlar ham qamchilash jazosiga hukm qilingan hollar uchrab turadi.

Eron sudlari bir necha marta jurnalistlarni darra bilan urishga hukm qilgan.

Mamlakatda bolalarni qamchilash man etilgan, ammo ayollar bu jazoga hukm qilinadi.

Eronlik inson huquqlari faollari mamlakat sudlari yiliga yuzlab odamni qamchi yeyishga hukm qilishini, ularning o‘ndan oshig‘i amalga oshirilishini aytib keladi.

Facebook ijtimoy tarmog‘idagi My Stealthy Freedom sahifasida qamchilash jazosiga hukm qilingan bir necha eronlik ayol hikoyasi chop etilgan.

Huquq faollari qamchilangan ayrim shaxslar shifoxonaga tushishini, ayrim hollarda esa hatto halok bo‘lishini aytib keladi.

Xalqaro tashkilotlarning ushbu jazo turini man etishga qaratilgan chaqiriqlari hali samara bergani yo‘q.

XS
SM
MD
LG