Линклар

Шошилинч хабар
10 декабр 2018, Тошкент вақти: 16:44

Fermerning burnini sindirgan IIB boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi ochildi


O‘zbekiston Bosh prokuraturasining 19 iyul kuni xabar berishicha¸ Jizzax viloyat, Yangiobod tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ilhom Sulaymonov ustidan O‘zbekiston JKning 206-moddasi(Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

7 iyul kuni hokimlik tomonidan g‘alla o‘rimidagi kombaynga biriktirilgan dehqon bozori pattachisi Sardor Qurbonboevning burnini urib sindirgani haqida Ozodlik 18 iyul kuni xabar bergan edi.

Bosh prokuratura bildirishnomasida bu voqea tafsilotlari ham ochiqlangan.

"2018 yil 9 iyul kuni Yangiobod tumani, Ziyokor ko‘chasida yashovchi fuqaro N.Tursunboev Bosh prokuraturaning “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib, farzandi S.Qurbonboevni tuman IIB boshlig‘i I.Sulaymonov “Nima sababdan kombaynni tuzatmading” deb urib tan jarohati yetkazganligi sababli I.Sulaymonovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Murojaat yuzasidan Yangiobod tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirishda so‘ralgan fuqaro S.Qurbonboev 2018 yil 7 iyul kuni soat 14.30 larda Yangiobod tumani IIB boshlig‘i I.Sulaymonov tuman hokimi I.Matiev bilan birga “Mustaqillikning 22 yilligi” suv iste’molchilari uyushmasi hududidagi “Pastkichaqir bulog‘i” fermer xo‘jaligi dalasiga kelgan vaqtda kombaynlar g‘alla o‘rmasdan turganligi bois, tuman IIB boshlig‘i I.Sulaymonov uni mushti bilan burun qismiga urib, oyog‘i bilan orqasiga tepganligini bildirgan.

Zomin tumani sud tibbiy ekspertiza byurosining xulosasida fuqaro S.Qurbonboevga burun suyagining yopiq sinishi, burun sohasi lat yeyishi, qontalashi kabi sog‘lig‘ining buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohati yetkazilganligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Yangiobod tuman prokurori tomonidan 18.07.2018 yilda tuman IIB boshlig‘i I.Sulaymonovga nisbatan JKning 206-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda. Tergov harakatlarini borishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi", deyiladi O‘zbekiston Bosh prokuraturasining Ozodlikka yuborgan bildirishnomasida.

Yangiobod tumanidagi "Pastkichaqir bulog‘i" fermer xo‘jaligidagi g‘alla o‘rimiga biriktirilgan tuman dehqon bozorining pattachisi, fermer Sardor Qurbonboev 18 iyul kuni Ozodlik bilan suhbatda tuman ichki ishlar boshlig‘i Ilhom Sulaymonov tomonidan kaltaklangani tafsilotlarini gapirib bergan edi.

"Prokuror mashinadan tushmadi, hokim bilan militsiya boshlig‘i keldi. Avval hokim savol-javob qilib, haqorat qildi. Keyin orqasidan militsiya boshlig‘i Ilhom Sulaymonov o‘sha yerdagi o‘zining Muzaffar degan xodimini bir-ikki tepdi. Keyin o‘sha yerdagi qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimi O‘tkir Omonovni sen iflos nega qaramayapsan, deb bir shapaloq urdi-da, ortiga bir - ikki tepdi. Keyin meni oldimga keldi-da, men seni ogohlantirib ketgan edimku, nega k..t bozorkomingni chaqirmading, deb qo‘qqisdan burnimga bir musht urdi. Og‘riqning zarbidan burnimni ushlab yonbosh bo‘lib qolgandim, yana ortimga ikki marta tepdi. Burnimdan sharillab qon oqib ketganini ko‘rganidan so‘ng, to‘xtadi. Keyin, chaqir bozorkomingni, ahvolingni ko‘rib qo‘ysin, dedi-da, kombayn tomonga qarab ketdi. Militsiya boshlig‘i mast edi, og‘zidan aroqning hidi burqsib turardi", degan edi Sardor Qurbonboev.

O‘zbekiston JKning 206 moddasi 1-qismi bilan ayblanayotgan Yangiobod tumani IIBning sobiq boshlig‘i Ilhom Sulaymonovning aybi sudda tasdiqlansa, u eng kam oylik ish haqining 150 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ochilgan jinoyat ishi doirasida Yangiobod tuman IIB boshlig‘i xizmat lavozimidan chetlatilgan.

XS
SM
MD
LG