Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:38

Toshkent Afg‘onistondagi o‘zbeklar namoyishiga e’tibor qaratadimi?


O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshliq delegatsiya 8-9-iyul kunlari Kobulda bo‘lib, bir qator rasmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Surat "Amerika ovozi"dan olindi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshliq delegatsiya 8-9-iyul kunlari Kobulda bo‘lib, bir qator rasmiy uchrashuvlar o‘tkazdi. Surat "Amerika ovozi"dan olindi.

Afg‘onistonda tinchlik muzokarasini olg‘a surayotgan Toshkent shimoldagi o‘zbeklarning afg‘on hukumatiga nisbatan noroziligini e’tiborsiz qoldirayotgani aytilmoqda. Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshliq hukumat delegatsiyasining yaqinda Afg‘onistonga qilgan safari shimoldagi o‘zbeklarning hukumatga nisbatan noroziligi kuchaygan bir davrga to‘g‘ri keldi.

Shimoldagi viloyatlar aholisi etnik o‘zbek generali, Afg‘oniston Vitse-prezidenti Abdulrashid Do‘stum vakili bo‘lgan Nizomiddin Qaysoriyning ozod etilishini talab qilmoqda.

Mahalliy politsiya boshlig‘i bo‘lgan Qaysoriy hukumat kuchlari tomonidan hibsga olingan. Ushbu ixtilof uning genaral Do‘stumga yaqin ekani bilan izohlanmoqda.

Ayni paytda general Do‘stum Turkiyada, ammo uning tez kunlarda vataniga qaytishi mumkinligi haqida xabar berilmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshliq delegatsiya 8-9-iyul kunlari Kobulda bo‘lib, bir qator rasmiy uchrashuvlar o‘tkazgan edi. Kobulda Prezident Ashraf G‘ani, hukumatning bir qator rahbarlari bilan uchrashgan Komilov asosan toliblar va hukumat o‘rtasidagi muloqot imkoniyatlari haqida muzokara yuritgani xabar qilinadi.

Safar yuzasidan e’lon qilingan rasmiy xabarga ko‘ra, Komilovning Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani, hukumat Ijrochi raisi Abdulla Abdulla, Xavfsizlik kengashi rahbari Muhammad Atmar, Tashqi ishlar vaziri Rabboniy, sobiq prezident Hamid Karzay bilan o‘tgan uchrashuvlarida asosan tinchlik jarayoni, mamlakatni yanada rivojlantirish va milliy birdamlikka erishish istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan.

Komilovning safarini mamlakat shimolidagi etnik o‘zbeklar noroziligi bilan bog‘liq deyish qiyin. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi uch haftadan buyon Afg‘oniston shimolida davom etayotgan bu noroziliklar yuzasidan biror munosabat bildirgani yo‘q.

Tahlilchi Farhod Tolipovga ko‘ra, yangi hokimiyat davrida Afg‘oniston bilan munosabatlarda umumiy o‘zgarish bor, ammo buni shimoldagi o‘zbek aholisiga doxil deyish qiyin.

“O‘zbekiston Afg‘onistonga nisbatan o‘z pozitsiyasini, siyosatini bildirar ekan, shimoldagi o‘zbeklar bilan bog‘liq vaziyatni tushungan, bilgan taqdirda ham har doim juda ehtiyotkor munosabatda bo‘lib kelgan. Ya’ni o‘zbeklar O‘zbekistonning masalaga aralashuvga chaqirishidan hadikda bo‘lib kelgan. Karimov iborasi bilan aytganda, xuddi mana O‘shdagi voqeaga munosabat bildirganidek, ular o‘zbek bo‘lsa-da, ularning muammosi, hayoti, bu Afg‘onistonning ichki ishi. Karimov munosabatini shunday bildirib kelgan. Meningcha, bu pozitsiyada hozir ham biror o‘zgarish bo‘lmaydi. Faqat bu borada faollik Tolibon qudratga kelib, unga qarshi Shimoliy alyans tuzilgan paytlarda kuzatilgan edi”, - deydi siyosatshunos Farhod Tolipov.

O‘zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan avval ancha yopiq bo‘lgan munosabatlarda o‘zgarishlar kuzatildi. Prezident Ashraf G‘ani ilk bor davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Prezident Mirziyoev Afg‘oniston mintaqadagi iqtisodiy-siyosiy va ijtimoiy jarayonlarga qo‘shilishi kerak, degan pozitsiyada va tomonlar savdo-iqtisodiy sohada hamkorlikni rivojlantirishmoqda.

Komilov boshliq hukumat delegatsiyasi safari davomida O‘zbekiston Afg‘oniston shimolidagi Mozori Sharif shahrida industrial park qurishi, chegara yaqinida erkin iqtisodiy zona barpo etilishi haqida kelishuvlarga erishilgan.

Toshkentning Afg‘oniston bo‘yicha yangi siyosatidan kutilgan asosiy maqsad afg‘on hukumati va toliblar o‘rtasida tinchlik muloqotini o‘tkazishga qaratilgan tashabbusning amaliyotini ta’minlashdir.

O‘zbekiston shu maqsadda Afg‘onistonda ixtilofga tortilgan barcha kuchlar bilan hamkorlik qilish niyatida. Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha o‘tgan yuqori darajadagi dastlabki konferensiyada prezidentlar Mirziyoev va G‘ani, bir qator davlatlarning tashqi ishlar vazirlari ishtirok etidi, afg‘on hukumati va Tolibon o‘rtasida muloqotni tiklashga qaratilgan Toshkent deklaratsiyasi imzolandi.

Farhod Tolipov fikricha, O‘zbekistonning bu tashabbusi yangi emas, ammo uni olg‘a surayotgan hokimiyat yangi; mamlakat yetakchisining Afg‘onistonga nisbatan qarashida ham o‘zgarishlar borligini qayd etish kerak.

“Afg‘oniston bo‘yicha bu tashabbusni, hozirgi rahbariyat bildiryapti, oldingisi yo‘q, deb bo‘lmaydi. Karimov davrida ham O‘zbekiston turli minbarlardan shu tashabbus bilan chiqqan, avvalgi pozitsiya ham shu Afg‘onistondagi turli kuchlarni sulhga olib kelish, toliblarni ham muzokara stoliga o‘tqazish edi. Shuning uchun ham biz mutlaqo yangi tashabbus bilan chiqdik, deb bo‘lmaydi. Faqat yangi rahbar Afg‘onistonni begonalashtirish niyati yo‘qligini aytmoqda. Yana bir farqli jihat shuki, Mirziyoev Afg‘onistonni nafaqat tahdidlar tarqayotgan mamlakat, balki istiqbollar ochilayotgan, hamkorlikni kengaytirish mumkin bo‘lgan davlat sifatida ham ko‘rmoqda. O‘zbekiston Afg‘oniston muammosi birinchi galda milliy, mamlakatning o‘zida, ikkinchi navbatda mintaqaviy, qo‘shni davlatlar bilan va uchinchi galda global miqyosda echilishi kerak, deb hisoblamoqda”, - deydi siyosatshunos.

Rasmiy Toshkent ham Afg‘oniston bo‘yicha siyosatini milliy, mintaqaviy va global miqyosda olib borayotgani kuzatiladi. Afg‘oniston rasmiylari bilan muzokaralar Toshkentda ham, Kobulda ham davom etmoqda. Ayrim xabarlarga ko‘ra, Toshkent Tolibonning Qatardagi vakolatxonasi bilan ham muloqotni yo‘lga qo‘ygan.

Mintaqaviy darajada Markaziy Osiyo + Afg‘oniston muloqot guruhini tuzish, siyosiy-iqtisodiy hamkorlik, xavfsizlik muammolarini mintaqa davlatlari ishtirokida muhokama qilish rejalangan.

Global miqyosda Toshkent tashabbusiga ochiq e’tiroz bildirgan geosiyosiy tomon hozircha yo‘q. Toshkentdagi Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada afg‘on muammosiga tortilgan, o‘zaro ziddiyatda bo‘lgan barcha siyosiy doiralardan vakillar qatnashdi, tinchlik muloqotini boshlashga qaratilgan deklaratsiya imzolandi.

"Amerika ovozi"

XS
SM
MD
LG