Линклар

Шошилинч хабар
19 октябр 2018, Тошкент вақти: 14:40

Qaytganlar: namanganlik Baxtiyor sud zalidan ozod qilindi, andijonlik Xayrullo 5 kundan beri hibsda


Xayrullo Ikromovning yaqinlari (chapdan ikkinchi onasi Ominaxon Ikromova) Andijon IIB ostonasida. 2018, 27 iyul.

30 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi 4 oy muqaddam chet eldan qaytib kelgan Baxtiyor Hamroevni sud zalidan ozod qilish to‘g‘risida hukm chiqardi.

Ayni paytda, 26 iyulga o‘tar kechasi Turkiyadan O‘zbekistonga qaytib, Andijonga yetishi bilanoq hibsga olingan Xayrullo Ikromovning taqdiridan uni qaytishga ko‘ndirgan 80 yashar onasi tashvish bildirmoqda.

Sud zalidan ozod qilingan namanganlik ham, besh kundan buyon hibsda saqlanayotgan andijonlik ham diniy motivlar bilan maxsus ro‘yxatga kiritilgan va qidiruvda bo‘lgan fuqarolardir.

2018 yilning 31 iyul holatiga ko‘ra, diniy ekstremistik oqimlar tarkibida jinoyat sodir etganligi uchun jami 3390 nafar shaxs qidiruvdagilar ro‘yxatida edi. 2018 yil boshidan buyon ularning 134 nafari ushlangan, shu jumladan 36 nafari o‘z ixtiyori bilan O‘zbekistonga qaytgan.

“Meni qamamadilar!”

“Noqonuniy diniy yig‘ilishlarga borib qolgani”, o‘shanday yig‘ilishlarga aloqasi bor tanishlari qo‘lga olina boshlagach, 2014 yilning 19 sentabrida O‘zbekistondan chiqib ketganicha Qirg‘izistonda yashab yurgan va nihoyat joriy yil 28 martda O‘zbekistonga qaytib kelgan Baxtiyor Hamroev 30 iyul kuni sud uni ozod qilgani to‘g‘risida Ozodlikka xabar qildi.

- 30 iyul, soat 1 dan 40 minut o‘tganda sud zaliga kirdim. Soat 2 dan 40 minut o‘tganda xursandchilik bilan chiqdim, uyda, bola-chaqam bilan xursand bo‘lib o‘tiribman,- dedi namanganlik Baxtiyor Hamroev.

Baxtiyorning advokati mijozidan olingan ma’lumotni tasdiqladi.

Ismi aytilmasligini so‘ragan advokatning aytishicha, sud Baxtiyor Hamroevni Jinoyat kodeksining 223- moddasi (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) bo‘yicha aybdor, deb topgan va unga 4 yilga ozodlikdan cheklash jazosi qo‘llagan.

- Kechqurun 10.00 dan tonggi 6.00 gacha o‘zi yashaydigan uyda bo‘lishi lozim, -dedi advokat.

Baxtiyor Hamroev 28 mart kuni O‘zbekistonga qaytib, Namanganga yetib kelishi bilanoq shahar ichki ishlar bo‘limiga borib, “taslim bo‘lgan”,1-2 soatga cho‘zilgan suhbatdan so‘ng u qo‘yib yuborilgan edi.

- O‘shandan beri o‘z uyimda yashadim, 5-6 marta tergovga, tergov tugagach, 5-6 marta sud majlislariga qatnadim, nihoyat 30 iyul kuni hukm chiqdi, -dedi Baxtiyor Hamroev.

Namanganlik 38 yashar Baxtiyor Bishkekdaligida u bilan yaqinlari, uchastka noziri, boshqa xodimlar telefon orqali aloqaga chiqqan, qo‘rqmay qaytib kelishi mumkinligini aytgan.

Ona da’vati

14 yildan beri O‘zbekistondan tashqarida, avval Rossiyada, so‘nggi yillarda Turkiyada yashab yurgan Xayrullo Ikromovni esa, vatanga qaytishga uning 80ga kirgan onasi ko‘ndirgan.

1938 yilda tug‘ilgan, Andijonning Guliston mahallasida yashaydigan Ominaxon Ikromovaning aytishicha, u “yangi poshshoning hammani kechirayotganidan” ruhlanib, Turkiyada yashab yurgan o‘g‘li Xayrulloni qaytarishga bel bog‘laydi.

- O‘g‘limni qaytarishga yordam so‘rab avval hokimga bordim. Hokim G‘ofirjonga yozib berdi. GOVDga bordim, G‘ofirjonning oldiga. G‘ofirjon “Siz bitta bolangizning kelishini aytayapsiz, nechta bo‘lsa, hammasi kelaversin, Mirziyoevimiz hammani afv qilayapti, dedi”, - dedi Ominaxon Ikromova.

1973 yilda tug‘ilgan, yaqinlarining aytishicha, bundan 14 yil muqaddam akasi Qutbillo diniy motivlar bilan qamalgach, Rossiyaga ketib qolgan Xayrullo keyinroq Turkiyaga borib qoladi.

Bu mamlakatda yashab turgan vaqtda andijonlik qizga uylanib, bir o‘g‘il, ikki qizli bo‘lgan Xayrullo Ikromov onasining da’vati bilan O‘zbekistonga qaytishga qaror qiladi va 26 iyulga o‘tar tunda oilasi bilan Istanbuldan Toshkentga uchib keladi.

Aeroportida andijonlik militsiya xodimlari kutib oldi

Toshkent aeroportida Ikromov va uning oilasini onasi, ukasi va xolasi Andijon shahar ichki ishlar bo‘limining ikki xodimi bilan kutib oladi.

Shundan so‘ng, 26 iyul ertalab hamma Andijonga yetib keladi va o‘shandan buyon, onasining aytishicha, Xayrullo shahar ichki ishlar bo‘limida saqlanmoqda.

- Har kuni borayapmiz melisaxonaga, lekin o‘g‘limga qachon javob berishlarini aytishmayapti,- dedi Ominaxon Ikromova.

Xayrullo yaqinlaridan birining aytishicha, u Jinoyat kodeksining 223- moddasi (namanganlik Baxtiyor Hamroevga qo‘yilgan modda) bo‘yicha ayblanayotganini uning onasiga ichki ishlar xodimlari aytgan.

- "O‘g‘lingiz chegara buzgan, gorotdelda ikki soat o‘tirib turadi, biz uning 223- moddasini o‘zgartirib beramiz, chaqirganimizda uyidan kelib-ketaveradi", deyishganini o‘zim eshitdim, - dedi Xayrulloning yaqinlaridan biri.

Ozodlik Ominaxon Ikromovaga “o‘g‘lingiz kelaversin, Prezidentimiz kechiradi”, deb va’da bergan IIB xodimi - G‘ofirjonni topishga urindi.

Ozodlik bog‘langan G‘ofirjon (familiyasini aytishni istamadi) Andijon shahar IIB boshlig‘i o‘rinbosari ekanligini aytdi. Lekin bu G‘ofirjon Ominaxon Ikromova aytayotgan G‘ofirjon ekanligining Ozodlikda tasdig‘i yo‘q.

“Andijon shahar IIB boshlig‘i o‘rinbosari G‘ofirjon” avvaliga Xayrullo Ikromov to‘g‘risida hech narsa bilmasligini aytdi. Birozdan so‘ng, “yaqinlari kelsin, ularga hamma gapni tushuntiramiz”, dedi.

Rasmiy idoradan norasmiy ma’lumot

Mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi idoralarining biridan olingan ma’lumotga qaraganda:

“2018 yil, 1 avgust holatiga jami qidiruvdagilar soni 8936 nafarni tashkil etadi.

Diniy ekstremistik oqimlar tarkibida jinoyat sodir etganligi uchun jami 3390 nafar shaxsga qidiruv e’lon qilingan bo‘lib, 2018 yilning o‘tgan davrida ularning 134 nafari ushlangan.

(Qidiruvda bo‘lganligi sababli ixtiyoriy qaytayotgan bo‘lsa ham, rasmiy ravishda “qidiruv natijasida umumiy ushlanganlar”,deb hisoblanadi. Ushlanganlarga nisbatan protsessual tartibda jinoiy javobgarlikdan ozod qilish yoki qilmaslik masalasi ko‘riladi)

Ushlanganlarning 78 nafariga (36 nafari ixtiyoriy ravishda qidiruvdan qaytib kelganligi, 42 nafari tuzalish yo‘liga o‘tganligi sababli) muqaddam qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi qamoqqa olish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ehtiyot chorasiga o‘zgartirilgan”, deyiladi O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi idoralaridan olingan ma’lumotda

XS
SM
MD
LG