Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 10:25

Yana bir o‘zbek qochqini O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi mumkin


Abror Xidirov oilasi bilan
Abror Xidirov oilasi bilan

2 avgust kuni Moskvada yo‘qolib qolgan O‘zbekiston vatandoshi Abror Xidirov Saxarovo deportatsiya markazidan topildi. “Memorial” huquq himoyasi markazi advokati, Xidirovning manfaatlarini tamsil etuvchi yurist Roza Magomedovaning aytishicha, unga o‘zbek maxsus xizmatlariga topshirish uchun Rossiyada yashab turish tartiblarini buzganlik aybi qo‘yilmoqda. U O‘zbekistonda qiynoqqa solinishi, tahqirlanishi mumkin.

Abror Xidirov Rossiyaga 2013 yili ishlash uchun kelgan edi.

2017 yili Moskva politsiyasi uni hujjatini tekshirish uchun to‘xtatdi va O‘zbekiston uni xalqaro qidiruvga bergani ma’lum bo‘lib qoldi. Xidirov buning sababini bila olmay hayron qolgan.

Huquq himoyachilari fikricha, O‘zbekistonda hibsga olingan kishilar bosim ostida mamlakatdan chiqib ketgan kishilarni ham jinoiy sherigim deb atayveradi.

Abror Xidirov hibsga olinib, ekstraditsiya qilish uchun tekshiruv o‘tkazish maqsadida 4-tergov hibsxonasiga jo‘natildi. Bundan maqsad uni O‘zbekistonga berish-bermaslik to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun surishtiruv o‘tkazish edi. Hibsxonada o‘tirgan Xidirov advokatlar “Vatandoshlik ko‘magi” qo‘mitasi bilan hamkorlik qiluvchi Roza Magomedova va Olga Golub ko‘magida Rossiya hokimiyat idoralariga vaqtincha boshpana berishni so‘rab murojaat qildi.

U tergov hibsxonasiga joylashtirilganidan beri oradan bir yil o‘tdi, biroq ekstraditsiya qilish uchun tekshiruv natijalaridan hamon darak yo‘q. Uni hibsda ushlab turishning maksimal muddati tugadi. Shu sababli Xidirov 2 avgust kuni hibsdan ozod qilinishi kerak edi, deyiladi “Vatandoshlik ko‘magi” qo‘mitasi vebsaytida. Lekin u advokatlar bilan aloqaga chiqmadi.

Oradan ikki kun o‘tgach, Abror Xidirov chet el vatandoshlari vaqtincha ushlab turiladigan Saxarovo deportatsiya markazida ekani aniqlandi. Endi u go‘yo Rossiyada yashab turish tartibini buzgani uchun vataniga chiqarib yuborilishi mumkin.

Xidirovning advokatlari O‘zbekiston vatandoshiga nisbatan shoshilinch chora ko‘rish uchun Yevropa inson haqlari sudiga iltimosnoma tayyorlamoqda. Sud qarori bilan biror kishiga mamlakatida qiynoq xavf solayotgan bo‘lsa, uni chiqarib yuborish taqiqlanadi.

Sovet Ittifoqi 1987 yili Qiynoqlarga qarshi konvensiyani imzolagan va Rossiya unda ishtirok etishini tasdiqlagan edi. Konvensiyaning uchinchi moddasida ishtirokchi mamlakat “biror kishini, unga qiynoqlar xavf solayotgan bo‘lsa, boshqa biror mamlakatga jo‘natib yubormasligi, qaytarmasligi va yoki bermasligi shart” ekani belgilab qo‘yilgan.

2017 yilning 26 iyul kuni O‘zbekistondan 2 yosh bolasi bilan Moskvaga uchib kelgan Abror Xidirovning xotini va farzandlari Rossiyaga kiritilmagan va O‘zbekistonga qaytarib yuborilgan edi.

O‘tgan yilning 8 avgust kuni esa, ayolning turmush o‘rtog‘i - 38 yashar Abror Xidirov Moskvada O‘zbekiston ma’murlari talabi bilan qo‘lga olingan edi.

O‘zbekistonda diniy motivlar bilan qidiruvga berilgani aytilayotgan Xidirovni Moskvadagi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti​ o‘z himoyasiga olgan.

XS
SM
MD
LG