Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:49

Sobiq militsioner xotini, qaynona-qaynotasi va o‘zini pichoqladi. Bir kishi o‘ldi


Farg‘ona viloyatida sobiq militsiya xodimi Hakimjon Sohibov 29 iyul kuni xotini, qaynona-qaynotasini pichoqlagani Ozodlikka bugun ma’lum bo‘ldi.

Huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, fojia oqibatida Sohibovning xotini o‘lgan, qaynona va qaynotasi kasalxonaga yotqizilgan.

Yaqinlariga pichoq urgan sobiq militsioner o‘zini ham pichoqlagan va oqibatda u ham kasalxonaga yotqizilgan.

Voqea 29 iyul kuni Farg‘ona viloyat, Dang‘ara tuman, Uch uyli qishlog‘i, Oltiqo‘sh MFY hududida sodir bo‘lgan. Bu haqda voqea tafsilotlaridan yaxshi xabardor dang‘aralik Ozodlikka xabar qildi.

“29 iyul kuni tungi soat 24larda shu voqea bo‘lgan. Qo‘shnim Ergashevlarning kuyovi pichoq bilan ularnikiga bostirib kelgan. Avval uxlab yotgan xotinini qo‘lidagi pichoq bilan 7-8 marta pichoqlagan. Keyin baqir-chaqirni eshitib, xonaga kirgan qaynonasiga bir necha marta pichoq tiqqan, so‘ng qaynotasini ham pichoqlagan. Oxirida pichoqni o‘ziga urgan. Xotini o‘lgan, o‘zi va qaynona-qaynotasi shifoxonaga yotqizilgan”, dedi dang‘aralik yigit.

Dang‘ara tuman huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, Ergashevlar oilasini pichoqlagan shaxs, haqiqatan ham ularning kuyovi bo‘lib, u sobiq militsiya xodimidir.

“Ushbu jinoyatni sodir qilgan shaxs 1965 yilda tug‘ilgan Sohibov Hakimjon Solievich. U Angren shahri, Yangiobod shaharchasida yashaydi. Angren shahar Ichki ishlar bo‘limida uchastka inspektori bo‘lib ishlagan. 2001 yili pensiyaga chiqqan”, dedi huquq-tartibot idoralari xodimi ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Voqea tafsilotlaridan xabardor yana bir dang‘aralikka ko‘ra, Hakimjon Sohibov oilaviy kelishmovchilik bois ushbu jinoyatga qo‘l urgan.

“Hakimjon Qozog‘istonga ishlagani ketgan ekan. U uyida yo‘q payti xotini Angrendan Farg‘onaga ota-onasinikiga kelganini bilib qolgan. Keyin kelib, jahl ustida ularni pichoqlagan”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan dang‘aralik ayol.

Dang‘ara tuman shifoxonasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Hakimjon Sohibovning rafiqasi, 29 yashar H.Sohibova olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib kelingan vaqtda vafot etgan.

"H. Sohibovaning ko‘krak qafasi va son sohalariga besh marotaba pichoq bilan urilgan. Olgan jarohatlari juda og‘ir edi. Uni saqlab qolish imkoni bo‘lmadi", dedi shifoxona xodimlaridan biri.

H. Sohibova 30 iyul kuni dafn qilingan. Uning 1,5 yashar farzandi voqea payti qaerda bo‘lgani Ozodlikka ma’lum emas.

Shifoxona xodimiga ko‘ra, Hakimjon Sohibovning qaynona-qaynotasi davolanib, shifoxonadan chiqarilgan.

“Shu kuni operatsiya ko‘p bo‘lgani bois Hakimjon Sohibov Qo‘qon shahar kasalxonasiga jo‘natildi.U chap ko‘krak qafasiga uch marta pichoq urgan ekan. Bizda uning qaynonasi va qaynotasi qoldi. Qaynonasining ko‘krak qafasi va chap yelkasidan uch marta pichoq urilgan, biroq ichki a’zolariga jiddiy shikast yetmagan. Qaynotasining o‘ng qo‘l kaft va bilak sohalariga pichoq urilgan. Biz ikkalasini ham davolab, ahvoli yaxshilangach, uyiga ruxsat berdik”, dedi shifoxona xodimlaridan biri.

Qo‘qon shahar Tibbiyot birlashmasi xodimi esa, hozirda Hakimjon Sohibovning ahvoli yaxshiligini aytish bilan cheklandi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining Ozodlikka bildirishicha, ushbu voqea bo‘yicha 30 iyul kuni Dang‘ara tuman prokuraturasi tomonidan JKning 97- moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1- qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Ushbu jinoyat ishi Bosh prokuratura nazoratiga olingan.

XS
SM
MD
LG