Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:58

MIB xodimlar oyligidan kommunal to‘lovlar uchun oldindan haq undirish rejimini kuchaytirmoqda


O‘zbekiston aholisidan kommunal to‘lovlarni undirish¸ debitorlik qarzlari ko‘payishi oldini olish maqsadida Majburiy ijro byurosi barcha korxona va tashkilot rahbarlariga o‘z xodimlari oyligidan gaz¸ elektr va suv uchun muntazam haq undirishni yo‘lga qo‘yish talab etilgan rasmiy so‘rov yubormoqda.

O‘tmishda, asosan, davlat byudjetidan oylik beruvchi muassasalargagina taalluqli bo‘lgan bu talab¸ bugunga kelib¸ “mulkchilik shaklidan qat’iy nazar”¸ barcha tashkilot¸ korxona va shirkatlarga qo‘yilmoqda.

Ozodlik gaplashgan ayrim xususiy shirkat egalari¸ har bir xodimning hisob raqami ro‘yxatini tuzib berish va ulardan har oyda belgilangan miqdordagi to‘lovlarni oylikdan undirishga rozilik beruvchi tilxat yozidirib olish talab qilinayotganini bildirdi.

Bu jarayon anchadan beri borayotganini bildirgan MIB rasmiysi esa¸ jarayonni qonunchilikka moslash maqsadida¸ tilxatlarning “o‘z ixtiyorimga ko‘ra”¸ deb yozdirib olinayotganini ta’kidladi.

Toshkent viloyati MIB mutasaddisi jo‘natgan talabnoma

Ozodlikka 13 avgust kuni nusxasi yuborilgan rasmiy hujjatga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari Z.Rahimov imzo qo‘ygan.

Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan xususiy shirkatlardan biri rahbariga yuborilgan talabnoma nusxasi.
Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyat boshqarmasi tomonidan xususiy shirkatlardan biri rahbariga yuborilgan talabnoma nusxasi.

Avgust oyi boshida xususiy shirkatlardan biriga jo‘natilgan rasmiy maktubda O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 29 may kungi 5959-sonli farmoni¸ hamda Adliya vazirligida 2001 yilning 15 may kuni ro‘yxatga olingan 1031-sonli Nizom tilga olinadi. Ayni paytda xat mazmunidan¸ uning 2017 yilning 7 noyabrida o‘tkazilgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida MIBga berilgan topshiriq ijrosi ekani anglashiladi.

Talabnomada aytilishicha¸ tilga olingan rasmiy hujjatlarda har bir korxona rahbariga o‘z xodimlari ro‘yxatini “O‘zbekenergo” va “O‘ztransgaz” aksiyadorlik shirkatlariga taqdim qilish va bu ro‘yxatni har uch oyda yangilab turish yuklatilgan.

Bu ro‘yxatga¸ xodimlar hisob raqami ilova qilinishi lozimligi¸ alohida ta’kidlanadi.

Ozodlik bog‘langan ayrim xususiy shirkat egalari¸ bu ro‘yxatga kiritilganlar oyligidan har oy boshida kommunal to‘lovlar uchun 100 ming so‘mdan olib qolinayotganini bildirdi.

MIB izohi

Ozodlik bilan mikrofonsiz gaplashgan Majburiy ijro byurosining Toshkent viloyati boshqarmasi rasmiylaridan biri¸ bunday talabnomalarning anchadan beri tarqatilayotganini tasdiqladi.

Rasmiyga ko‘ra¸ bu jarayon Vazirlar Mhakamasining 2001 yilgi 1031-sonli Nizomiga asosan amalga oshirilmoqda:

Hovli yoki domda yashashidan qat’iy nazar¸ ish beruvchi otida ko‘chmas mulk rasmiylashtirilgan har bir xodimidan har oy kommunal to‘lovni undirib berishi shart. Qonunchilikka ko‘ra¸ sud qarorisiz hech kim shaxsning bank hisobidan pul undira olmaydi. Shuning uchun korxona rahbarlari o‘z xodimidan “falon hisob raqamimdan oyiga faloncha pul undirishingizni so‘rayman” degan tilxat yozdirib olishi kerak. Ya’ni bu odatdagiday¸ majburiy-ixtiyoriy. Ushlab qolingan bu pul “qozon”dan kerakli tashkilotlar hisobiga tashlanadi”.

Bu rasmiyning ta’kidicha¸ MIB tashkil etishda ko‘zda tutilgan asosiy vazifalardan biri – aholining kommunal to‘lovlar uchun qarzdorligini yopish muammosi haligacha hal bo‘lmagan va ishlovchilar oyligidan har oy bunday to‘lovlarning undirilishi¸ kelajakda ana shunday qarzdorlik yig‘ilib qolmasligi oldini olishga qaratilgan:

Hech kim birovning pulini tortib olayotgani yo‘q. Bu predoplata aslida. Ishlatganiga pul shu to‘lovlardan olinadi. Qolgani¸ turaveradi. Bu ham davlatga¸ ham iste’molchining o‘ziga yaxshi. Davlat o‘z byudjetiga tushumlarni qandaydir qilib ta’minlashi kerakku!”.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 14 yanvarida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan majlisida jami 18 trillion so‘mlik debitor qarzdorlikdan 11 trillion so‘mi yoki 60 foizi oxirgi 3 yil mobaynida cho‘zilib kelayotgani to‘g‘risida gapirgan va hukumat oldiga bu qarzlarni zudlik bilan undirishni topshirgan edi.

Hozircha bu qarzdorlikning qancha foizi undirilgani haqida rasmiy ma’lumot e’lon qilinmadi.

XS
SM
MD
LG