Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:16

Lira qadrsizlanib, o‘zbekistonliklar Turkiyada topayotgan pul ham qariyb yarmiga kamaydi


10 avgust kuni AQSh Turkiyaga nisbatan joriy qilgan sanksiyalar ortidan turk lirasi keskin qadrsizlana boshladi.
10 avgust kuni AQSh Turkiyaga nisbatan joriy qilgan sanksiyalar ortidan turk lirasi keskin qadrsizlana boshladi.

Turkiya milliy puli – lira joriy yil boshidan buyon 40 foizdan ko‘proqqa qadrsizlanib, dushanba kuni 1 AQSh dollari 7 liradan ortiqroqqa tenglashib qoldi.

Lira, ayniqsa, so‘nggi bir hafta ichida keskin arzonlab ketdiki, natijada Turkiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlaridan Ozodlikka shikoyatlar kela boshladi.

Bozorga to‘g‘ri kelmagan uydagi hisob

Shikoyatlardan biri Turkiyaning janubidagi turistik hudud – Antaliya viloyatidagi mehmonxonalarda ishlash uchun yollangan ishchilardan keldi.

Xat mazmunidan o‘zbekistonliklar ishni turkiyalik tadbirkor orqali topgani, vositachiga ular 250 dollar xizmat haqi to‘lashi lozimligi ma’lum bo‘ldi. Xatda, jumladan, bunday deyilgan:

“Bizni olib kelishayotganda 430 dollar ish haqi va’da qilishgan. Endi lirasi arzonlab, oladigan pulimiz dollarga chaqilganda keskin ozayib ketdi. Kelish uchun ba’zilar 1000 dollargacha sarflagan. Shuning uchun olib kelgan firmaga ko‘pchilik 250 dollarni to‘lamaymiz, deyapmiz. Shunday desak, "deportatsiya qildirvoraman", deb qo‘rqitishayapti”.

Bu shikoyat kelgan kunning ertasiga uning mualliflaridan “muammo hal bo‘ldi”, degan yana bir qisqa xabar keldi.

Shunday bo‘lsa-da, Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Tashqi migratsiya agentligi bilan kelishuv asosida o‘zbekistonliklarga ish topib bergan Tayga Group boshqaruvchisi Ismet Gurlek bilan bog‘landi.

Gurlekning aytishicha, Turkiyaga uning firmasi orqali kelgan har bir o‘zbekistonlik bilan shartnoma tuzilgan, bu ishdan O‘zbekiston rasmiylarining ham xabari bor, shartnoma bo‘yicha 250 dollardan to‘lashlari lozimligini esa, har bir ishchi biladi:

“Hammasi biladi buni, lekin dollar qimmatlab ketib, to‘lagilari kelmay qoldi”.

Biroq Ismet Gurlekning aytishicha, bu masala hal bo‘lgan:

“Vaziyatdan kelib chiqib, ularga yengillik berdik. 250 dollar o‘rniga 150 dollar to‘laydigan bo‘lishdi”.

Askar haqi - Turkiyadagi minimal maosh

O‘zbekistonlik ishchilarga 430 dollarlik oylik ish haqi ular shartnoma tuzgan may oyida va’da qilingan. O‘sha paytdagi kurs bilan bu aqcha 1603 liraga teng bo‘lgan.

1603 lira esa, Turkiya hukumati 2018 yil uchun belgilab qo‘ygan eng kam ish haqidir.

10 yildan buyon Turkiyaning janubida, Suriyaga yaqin hududdagi G‘aziantep shahrida yashayotgan, o‘zini Shokirbek deb tanishtirgan o‘zbekistonlikning aytishicha:

- Turkiyada minimal oylikni “askeriy ujret” – askar maoshi deyishadi. Yobonjilar, ya’ni chet elliklar, masalan, bu yerda suriyalik qochqinlar ko‘p, shu oylikka ishlaydi.

1603 lira dushanba, 13 avgust kungi kurs bo‘yicha 210-220 dollarga teng aqcha bo‘ldi. Biroq Shokirbekning aytishicha, seshanba kuni G‘aziantepda lira biroz ko‘tarildi:

“Bugun 1 dollar 6 lirayu 55 qurushga tushdi. Kecha 7 yu 10 ga chiqqan edi. Ertalab 6 yu 42 gacha tushuvdi. Yana biroz ko‘tarilib, 6 yu 55 da turibdi. Lekin pul almashtiruvchilar dollar sotmayapti, faqat sotib olayapti”.

Non narxini ushlab turishibdi, yog‘ qimmatladi

G‘aziantepdagi restoranlardan birida oshpaz bo‘lib ishlaydigan Shokirbekning aytishicha, lira qadri tushishi narx-navoga ta’sir qilgani¸ hozircha¸ sezilmagan. Har bir xonadon dasturxonida bo‘ladigan turkona baton non yil boshida ham 80 qurush edi, bugun ham 80 qurush.

Birgina o‘simlik yog‘ining narxi 20 foizga oshganini aytdi Shokirbek:

“Biz restoranimiz uchun har 10-15 kunda 2-3 tonnadan yog‘ olamiz. Kecha 20 foizga qimmatlayotganini aytishdi”.

Sovuq fonda qaynagan valyuta bozori

Turk lirasining qadrsizlanishi Anqara – Vashington munosabatlarining sovuqlashayotgani fonida kechmoqda.

10 avgustda, ya’ni lira keskin qadrsizlanishi arafasida AQSh prezidenti Donalьd Tramp amerikalik pastor Endryu Bransonni qamoqdan ozod qilish so‘rovini bajarmagan Anqaraga nisbatan iqtisodiy sanksiya sifatida Turkiyada ishlab chiqariladigan po‘lat va alyuminiy importi tariflarini ikki martaga oshirdi.

Dushanba kuni Turkiya Markaziy banki liraning keskin arzonlab ketishi ortidan moliyaviy barqarorlikni saqlab qolish uchun barcha choralarni ko‘rishga tayyor ekanligini bildirdi. Bank bu choralar nimadan iborat ekanligini ochiqlamagan, lekin liraning seshanba kungi biroz nafas rostlaganini kuzatuvchilar o‘sha bayonot bilan bog‘lamoqda.

Agar liraning kuchi chindan ham Anqara-Vashington munosabatlariga bog‘liq bo‘ladigan bo‘lsa, liraning seshanba kungi nafas rostlashi vaqtinchalik ko‘rinadi. Chunki, prezident Erdo‘g‘on seshanba kuni turkiyaliklarni Amerika elektronika mahsulotlarini boykot qilishga chaqirdi:

- Biz Amerika elektronika mahsulotlarini boykot qilamiz. Agar ularning iPhonelari bo‘lsa¸ boshqa joyda Samsung bor. Bizda esa¸ Vestel Venusimiz bor¸ degan Erdo‘g‘onning bu chaqirig‘i Anqara yig‘ini ishtirokchilari tomonidan qarsaklar bilan qarshi olindi.

Mehnat muhojirlarining Istanbul yo‘nalishi

Shu kunda Turkiyadagi markaziy osiyoliklar, xususan o‘zbekistonliklarning mutlaq ko‘pchiligi mehnat muhojirlaridir. Lekin ularning nufusiga doir rasmiy raqamlar yo‘q.

Ayrim norasmiy manbalar¸ Turkiyada 100 ming nafarga yaqin o‘zbekistonlik bo‘lishi mumkin, degan taxminni ilgari surgan.

Uzoq yillar salqin bo‘lib kelgan Anqara-Toshkent munosabatlari prezident Mirziyoev davrida isiy boshlagani hisobga olinsa, so‘nggi bir-ikki yilda Turkiyada o‘zbekistonliklar ancha ko‘payganini taxmin qilish mumkin.

XS
SM
MD
LG