Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:04

Kreml 95 kundan buyon ochlik aksiyasi o‘tkazayotgan ukrain rejissyorini afv qilmaydigan bo‘ldi


Oleh Sensov
Oleh Sensov

Kreml ukrain rejissyori Oleh Sensovning onasi iltimosini rad etdi. Rossiya qamoqxonasida deyarli uch oydan buyon ochlik aksiyasini o‘tkazib kelayotgan Sensovning onasi 13 iyulda Rossiya rasmiylaridan o‘g‘lini afv etib, ozodlikka chiqarishni so‘ragan edi.

14 avgust kuni “Gromadske telebachennya” ukrain telekanali Lyudmila Sensovaga Kreml yuborgan javob xatini ko‘rsatdi. Raddiyada aybdor deb topilgan shaxs afv etilishi uchun “shaxsan o‘zi shafqat qilishlarini so‘rashi kerakligi” aytiladi.

Sensov siyosiy sabablarga ko‘ra qamalganini va hech qanday jinoyatga qo‘l urmaganini aytib, uni afv etishlarini so‘rashdan bosh tortib keladi.

Ukraina parlamenti spikeri yordamchisi Irina Herashchenko (ukrainaliklar ism-familiyalari ukraincha imloda berilayapti -tahr.) Kreml javobini qoralab, Rossiyada qamalgan boshqa Ukraina fuqarolari, jumladan, Nadia Savchenko, Axtem Chiygoz hamda Ilmi Umerovlar rasman afv etishlarini so‘ramasdan ozodlikka chiqarilganini aytdi.

- Kreml aldayapti! ... [Rossiya prezidenti Vladimir] Putin Oleh [Sensov] hech qachon shafqat qilishlarini so‘ramasligini biladi, - dedi Herashchenko.

- Rossiya Federatsiyasi Olehni oxir-oqibat o‘ldirish uchun bunday yo‘l tutyapti.

Bu orada Rossiya prezidentining Inson huquqlari bo‘yicha maslahatchi qo‘mitasi a’zosi Zoya Svetova Ozodlikka bergan intervyusida qamoqda Sensov bilan uchrashganini, uning ahvoli ochlik aksiyasi tufayli “yomon” ekanligini aytdi.

Svetova 14 avgust kuni Rossiya shimolidagi Labitnangi shahridagi qamoqxonada jazo muddatini o‘tayogan Sensov bilan uchrashib, u bilan ikki soat davomida suhbatlashgan.

Sensov Svetovaga o‘z ahvoli “o‘ta og‘ir bo‘lish arafasida” ekanligini aytgan.

- U o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga ishonadi. Qo‘lidan kelgan barcha ishni qilganini, endi hammasi siyosiy qarorga bog‘liq ekanlini aytdi. Hozir u ochlik aksiyasini davom etishdan boshqa choram yo‘q, deb hisoblaydi, - dedi Svetova.

2015 yil Rossiya sudi Kremlning ashaddiy tanqidchisi Sensovni terrorchilikda ayblab, 20 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Sensovni sud Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilinganidan so‘ng, yarim orolda terror hujumi uyushtirishga uringanlikda aybdor deb topgan.

42 yoshli Sensov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib keladi.

Inson huquqlari tashkilotlari Sensovga qo‘yilgan ayblovlar ortida siyosiy sabablar turganiga ishonadi. Bir necha xorijiy davlat rasmiysi Putinni Sensovni afv etishga chorlab keladi.

Amnesty International xalqaro tashkiloti Rossiya sudining hukmi adolatsiz bo‘lgani hamda Oleh Sensovga nisbatan tergov davomida qiynoqlar qo‘llanilgani to‘g‘risida ishonarli dalillar borligi haqida bayonot tarqatgan.

Sensov may oyi o‘rtasida o‘zi siyosiy mahbus deb hisoblovchi 64 ukraina fuqarosi ozod qilinishini talab qilib, ochlik e’lon qilgan. Faol o‘z maqsadiga erishish yo‘lida ochlikdan o‘lishga tayyor ekanligini, o‘z aksiyasini “oxirigacha davom ettirishini” aytgan.

O‘tgan haftada Ukraina ombudsmeni Lyudmila Denisova Sensov umrini saqlab qolish uchun tezkor chora ko‘rish kerakligini aytgan edi.

9 avgust kuni Denisova Facebookda Rossiya ombudsmeni Tatyana Moskalkova bilan Sensovning ahvolini muhokama qilganini, uni saqlab qolish uchun bir necha yo‘l taklif qilgani haqida yozdi. Xususan, Denisova Sensovni Ukrainada qamalgan Rossiya fuqarosiga almashishni taklif qilgan.

Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Harlem Desir Twitterda Sensovning og‘ir ahvolidan xavotir bildirib, uni ozodlikka chiqarishga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG