Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2025, Тошкент вақти: 23:21

O‘sh voqealarida ayblanib qamalgan Jaloldin ozodlikka chiqqan kuni hibsga olindi


O‘sh qirg‘inida bedarak yo‘qolganlarning ismlari yozilgan yodgorlik.
O‘sh qirg‘inida bedarak yo‘qolganlarning ismlari yozilgan yodgorlik.

O‘sh voqealaridagi tartibsizliklarda ishtirok etganlikda ayblanib 13 yilga qamalgan, lekin amnistiyaga tushgani uchun 28 iyul kuni ozod etilgan o‘shlik Jaloldin Jo‘raev o‘sha kuniyoq yana qayta qamoqqa olindi.

Singil: "Akam qamoqdan chiqib 150 metr yurganida qo‘lga olindi"

Rasmiylar Jo‘raev giyohvand modda bilan qo‘lga olinganini bildirmoqda. Biroq uning yaqinlari Jo‘raevga sumkasidan chiqqan nashani qamoqxona xodimlari solib qo‘yganini iddao qilmoqda.

31 yoshli Jaloldin Jo‘raev o‘ziga belgilangan 13 yillik qamoq jazosining 8 yilini o‘taganidan so‘ng amnistiya sababli 28 iyul kuni ozodlikka chiqarilgan. Uning singlisi Xurshida Po‘latovaning aytishicha, 29 iyul kuni Jaloldin unga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zining qayta qo‘lga olinganini aytgan.

-Akam o‘zi telefon qilib “meni yana ushlab olib kirib qo‘yishdi”, dedi. “Nimaga ushlashdi?” desam, qamoqxonadan chiqib 100-150 metr yurgandan keyin 3 odam kelib mashinada olib ketibdi. Keyin bir joyga olib borib tekshirishib, nasha solib qo‘yishibdi, - deydi Xurshida.

Uning iddaosicha, Jo‘raevning sumkasidan topilgan 66,5 gram nasha unga maxsus solib qo‘yilgan. Chunki Jaloldin qamoqdan chiqishidan avval bir necha bor tekshirilgan va oldida ta’qiqlangan hech narsa topilmagan.

Bishkeklik huquq faollari Jo‘raevga advokat yollashdi

Xurshida Po‘latovaning aytishicha, otasi vafot etgan, onasi Rossiyada tirikchilik qilib oila boqadi. O‘zi esa uyda ukasini qaraydi. Moddiy qiyinchilik sababli akasining oldiga borish yoki unga advokat yollash imkoni yo‘q. Shu sababli u o‘shlik huquq faoli Izatillo Raxmatullaevdan yordam so‘rab murojaat qilgan.

Huquq faoli so‘zlariga ko‘ra, qizning arizasi poytaxt Bishkekdagi “Kilim shami” tashkilotiga yuborilgan va bu tashkilot faollari Jaloldin Jo‘raev bilan borib uchrashgan.

- Yuborilgan advokat va huquq himoyachilarining aytishicha, Jaloldinning o‘z advokati bor ekan. Shu advokatning xizmat xaqqini to‘lab berishini iltimos qilibdi. Bugungi kunda Bishkekdagi ofisda Jaloldinning advokati qanday mutaxasis ekani o‘rganish, u bilan shartnoma imzolash va xizmat xaqqini to‘lab berish ishlari olib borilayapti, -deydi Izatillo Raxmatullaev.

Rasmiy: "Jo‘raevdan 100 grammga yaqin marixuana topildi"

Jaloldin Jo‘raevning qo‘lga olinganini Chuy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rasmiysi Nurgul Nusupova ham tasdiqladi. Unga ko‘ra, Jo‘raev 28 iyul kuni taxminan soat 15.10 larda Moskva tuman Frunze ko‘chasida ichki ishlar xodimlari tomonidan to‘xtatilib tekshirilgan. Uning sumkasidan 100 gramga yaqin marixuana topilgan.

-Sud - kimyo eskpertizasi xulosasiga asosan topilgan modda marixuana ekani aniqlandi. Unga nisbatan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoiy kodeksining 246 -moddasi bo‘yicha ayb qo‘yilib, 94 -moddaga asosan Moskva tuman Ichki ishlar bo‘limi hibsxonasiga kiritilgan, - deydi Nurgul Nusupova.

Rasmiyga ko‘ra, Jo‘raev sud hukmi bilan ehtiyot chorasi sifatida ikki oyga hibsga olingan. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

O‘sh voqealari tarixi

Jamoatchilik orasida O‘sh qirg‘ini deb ataladigan 2010 yilgi iyun voqealari bo‘yicha 545 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ulardan 400 nafari o‘zbek, 133 nafari qirg‘iz va sakkiz nafari boshqa millat vakilidir.

Xyuman Rayts Uotch tashkilotining 2010 yilgi hisobotida O‘sh qirg‘ini kunlari odam o‘ldirganliklarda ayblanib, bir umrga qamalgan 30 kishining 28 nafari o‘zbek ekani aytilgan.

2010 yilning iyunida O‘shda yuz bergan millatlararo nizoda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 442 kishi halok bo‘lgan. Qurbon bo‘lganlardan 295 nafarini, ya’ni 70 foizini o‘zbeklar, 123 nafarini yoki 29 foizdan ortiqrog‘ini qirg‘izlar tashkil qilgan. Shuningdek, iyun voqealari paytida bir rus, bir pokistonlik va bir uyg‘ur ham nobud bo‘lgan.

Bu voqeani o‘rgangan xalqaro komissiya esa Qirg‘izistonda "millatchilikning siyosatga singib ketgani"ni ta’kidlagan holda, O‘sh voqelariga davlat miqyosidagi “etnomillatchilikka asoslangan siyosiy fanatizm” sabab bo‘lganini e’lon qilgan.

Shundan so‘ng qirg‘iz parlamenti xalqaro komissiya raisi Kimmo Kilyunenni Qirg‘izistonda istalmagan shaxs deb e’lon qilgan edi.

2016 yilning 15 mayida Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Almazbek Atambaev 2010 yilgi O‘sh qirg‘inini uyushtirganlar xorij maxsus xizmatlarining generallari bo‘lgani haqida bayonot bergan edi:

- Xorij generallari bizning xalqimizga hech qachon hech qanday yaxshilik qilgan emas. Buni biz 1916 yilda Chor Rossiyasi generallari amalga oshirgan ishlardan bilamiz. O‘shanda Qirg‘iziston shimolidagi aholining deyarli yarmi qirib tashlangan edi. Biz 2010 yil iyunida ham xorij maxfiy xizmatlari generallarining qilgan ishlarini ko‘rdik. Bu voqealarda 400dan ortiq fuqarolarimiz halok bo‘ldi, - degan Almazbek Atambaev.

Biroq prezidentning bu bayonoti so‘zligicha qolib ketgan va hech qanday tekshriuvlar yoki tadqiqotlar olib borilmagan.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 2017 yilning 11 iyun kuni O‘shda 2010 yil qirg‘inida qurbon bo‘lganlarni xotirlash tadbirlarida ishtirok etgandi.

Joriy yilning 10 iyunida ham O‘sh shahrida qirg‘in qurbonlarini xotirlash marosimlari o‘tkazildi.

XS
SM
MD
LG