Линклар

Шошилинч хабар
04 май 2024, Тошкент вақти: 11:16

O‘zMTRK xodimlari: Rahbariyat uydagi gapni ko‘chaga tashiganlarni qidirmoqda


Islom Karimov va Shavkat Mirziyoev
Islom Karimov va Shavkat Mirziyoev

O‘zbekiston MTRK rahbariyati teleradiokompaniya xodimlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirishga tushdi. MTRKning bu haqda xabar qilgan bir-biridan mustaqil bir necha xodimiga ko‘ra, rahbariyatning bunday choralarga qo‘l urishiga marhum Islom Karimovning ismi efirda aytilmasligi lozimligi to‘g‘risidagi ogohlantirishning keng jamoatchilikka oshkor bo‘lgani sabab bo‘lgan.

MTRK xodimlaridan olingan bu ma’lumotlar yuzasidan Teleradiokompaniya rahbariyatidan hech bir shaklda izoh olishning, hozircha, imkoni bo‘lmadi.

22 iyunda Ozodlik O‘zbekiston telekanallarida Islom Karimov ismini aytmaslik talab qilingani haqida xabar bergandi.

MTRK teleko‘rsatuvlari rejissyorlaridan birining 24 avgust kuni Ozodlikka aytishicha, MTRK rahbariyati "hamma informatsiyalar tashqariga chiqib ketayotgani"dan tashvishga tushgan:

"Ikki kundan buyon Islom Karimov haqidagi xabarlar qaerdan chiqyapti degan surishtiruvlar bo‘lyapti. Bugungi majlisda ham shu masala ko‘tarildi. Yana go‘yo hamma informatsiyalar tashqariga chiqib ketayotgyotgani ham jiddiy masalaga aylangan".

MTRKdagi ismi sir qolishni so‘ragan boshqa bir ijodiy xodimning ma’lum qilishicha, telekanallar direktorlari bilan suhbatlar o‘tkazilgan:

"Direktorlar va muharrirlar bilan alohida-alohida suhbatlar o‘tkazilayapti. Ishdan bo‘shatilgan odamlarning ro‘yxatlari olinayotgan ekan. Chunki, rahbariyatning taxmin qilishicha, Islom Karimovga zapret qo‘yilgani haqidagi xabarni aynan o‘shalar bergan bo‘lishi mumkin ekan".

Ozodlik suhbatlashgan MTRK xodimlariga ko‘ra, 24 avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘inda telereradikompaniyaning ba’zi rahbarlari tomonidan personal ustidan nazoratni kuchaytirish, ishga olish va bo‘shatish masalalarini hal qilish uchun Xavfsizlik masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari vazifasini qaytadan tiklash taklifi ham ilgari surilgan.

Ammo bu masalada uzil-kesil qanday qaror olingani Ozodlikka ma’lum emas.

Shu yilning aprelida MTRK ustidan MXX xodimi kuratorligiga batamom barham berilgan edi.

Mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovning MTRK xodimlaridan biriga tayanib aytishicha, MTRK rahbariyati xodimlarni Islom Karimov ismini efirda tilga olmaslik haqidagi ogohlantirish bo‘lmaganiga ishontirishga harakat qilgan.

- Bugun milliy teleradiokompaniyada majlis bo‘lgan. Masjlis mavzui Mustaqillik bayramini yoritish, boshqa masalalar deyilgan. Lekin ko‘proq keyingi paytda televideniedan chiqib ketayotgan har-xil axborotlar masalasida qanaqadir nazoratni kuchaytirish kerak degan taklif qo‘yilgan. Hozirgi majlisda qisqa aytib o‘tilibdi, xorijiy radiolarga prezident Islom Karimovni ulug‘lashni bas qilish to‘g‘risidagi gaplar qaerdan chiqib ketdi, aslida bunday narsa yo‘q ediku, degan gaplar bo‘libdi. Holbuki, teleradiokompaniyaning nomi oshkor qilinmaslik sharti bilan gapirayotgan xodimlari bor. Haqiqatan shunday bo‘lgan, ya’ni Islom Karimov nomini imkon qadar kamroq ishlatish, uning nomini ulug‘lashni bas qilish to‘g‘risida ko‘rsatma bo‘lgan, - dedi Abdurahmon Tashanov.

O‘zMTRK tarkibidagi kanallardan birida rejissyor bo‘lib ishlaydigan Olimjon To‘xtanazarovning aytishicha, MTRK majlisida "faqat ko‘rsatuvlarni chiroyli qilib tayyorlash" masalasi ko‘rilgan, xolos:

- Faqat ko‘rsatuvlarni chiroyli qilib tayyorlash, xalqqa manzur bo‘lish haqidagi, misol uchun, o‘zimizdagi texnik kamchiliklar va ko‘rsatuvlarni yana xalqning diliga yetib borishiga nimalar qilish kerak, o‘sha xalqning muammolarini yechish uchun nima qilish kerakligi muhokama qilindi.

50 yashar Olimjon To‘xtanazarov may oyida prezident Shavkat Mirziyoev nomzodini Nobel mukofotiga tavsiya qilish tashabbusi bilan chiqqan edi.

O‘zMTRKning xodimlaridan olingan ma’lumotlar yuzasidan teleradiokompaniya rahbariyatidan hech bir shaklda izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG