Moskva - Dushanbe yo‘nalishidagi samolyot bortida to‘polon chiqargan Tojikiston vatandoshi Davlatqadam Davlatqadamovning otasi Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘li ruhiy bemor ekanini aytdi.
29 avgust oqshomida "Uralskie avialinii" aviashirkatining Moskvadan Dushanbega parvoz qilayotgan samolyoti bortida Davlatqadam Davlatqadamov chiqargan janjal tufayli aeroportga qaytdi. Rossiyada ushbu hodisa yuzasidan jinoiy ish ochildi.
Davlatqadam Davlatqadamovning otasi Saidqadamning 30 avgust kuni Ozolikka aytishicha, ikki hafta oldin o‘g‘lining ruhiy ahvoli yaxshi emasligidan xabar topgan.
Davlatqadam kim?
25 yashar Davlatqadam Davlatqadamov Tojikistonning Badaxshon viloyatidagi Ro‘shon tumanida dunyoga kelgan. Otasiga ko‘ra, Davlatqadam uchuvchi bo‘lish istagida bo‘lgan va to‘qqinchi sinfdan so‘ng “Tojikiston mudofaa madadgorlari tashkiloti”da uchuvchilik kursida ta’lim olgan.
Mazkur kursni bitirib Rossiyaga yo‘l olgan va 2013 yil Omsk shahridagi Uchuvchilar kollejida “Samolyot motorlarni ishlab chiqarish” bo‘limida ta’lim ola boshlagan. Otasining ta’kidlashicha, Rossiya fuqarosi bo‘lmagani sabab uni uchuvchilar oliy maktabiga qabul etishmagan.
“Fuqarolikni olish uchun Moskvaga ketdi. Ammo maqsadiga yeta olmadi. Menimcha, shu hodisa uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. 10-15 kun oldin Moskavadan uning vaziyati yomonlashgani haqida xabar keldi. Biz “Tojikistonga kel, bu yerda davolatamiz,”-dedik. Parvozdan oldin o‘g‘limning ahvoli uncha yomon emas ekan, ammo parvoz paytida kasali avj olgan,”-dedi Saidqadam Davlatqadam.
U aroq ichmasdi
Ba’zilar ijtimoiy tarmoqlarda videoni tomosha qilib, bu yigit giyohvand moddalar ta’siri ostida bunday amalga qo‘l urganini yozgan.
Saidqadam Davlatqadamovning aytishicha, o‘g‘li hech qachon giyohvand modda yoki spirtli ichimlik iste’mol qilmagan.
“Videoda ko‘rdim, u kaltaklangan. Avval uning ruhiy holati yomonligini bilishlari lozim edi. Hozir uning qaerdaligi yoki ahvoli qandayligini bilmayman,” - deb aytdi Saidqadam Davlatqadamov.
Otaning aytishicha, uning o‘zi ham 15 yil oldin Ro‘shon tumanidan Dushanbega kelgan va o‘shandan buyon poytaxt aeroportida ishlaydi.
“Moskva-Dushanbe” yo‘nalishidagi samolyot yo‘lovchilarining aytishicha, ular samolyot bortida yuz bergan hodisadan juda qo‘rqib ketganlar. Bir yo‘lovchining bildirishicha, Davlatqadam Davlatqadamovning “samolyotni portlatib yuboraman,”-degan tahdidi ortidan salondagi barcha yo‘lovchilar qichqira boshlashgan.
“Uralskie avialinii” shirkati orqali Dushanbega kelgan Qudrat Zoyirovning aytishicha, Davlatqadamov avzoi buzuq holatida samolyotga kirib kelgan va darhol yo‘lovchilar bilan bahslasha boshlagan.
“Styuardessaga musht ko‘tardi"
“ U dod solib "samolyotni portlataman va hammalaring jahanamga ketasanlar,"dedi. Yubka kiygan styuardessa oldindan o‘tar ekan, sen ertaga nima javob berasan, deb u tomon qichqirdi. Keyin aviakompaniya xodimining boshiga musht tushirdi va u yiqilib tushdi” - dedi Qudrat Zoyirov.
Qudrat Zoyirovning aytishicha, uning “samolyotni portlatib yuboraman” degan so‘zidan yo‘lovchilar, ayniqsa, ayollar va bolalar qo‘rqib ketganlar.
Zoyirovga ko‘ra, Davlatqadamov yuk xaltasida portlovchi modda borligini aytib, boshqarlarni qo‘rqitishga tushgan.
Zoyirovning ta’kidlashicha, bu to‘polon samolyot havoga ko‘tarilishidan yarim soat o‘tib boshlangan va bir necha daqiqa davom etgan.
Davlatqadamovning tahdid va haqoratlari ortidan uch yo‘lovchi uning qo‘l-oyog‘ini skotch bilan bog‘lab tashlagan.
Davlatqadam Moskvada qoldi, samolyot kechikish bilan Dushanbega keldi
Rossiya politsiyasi Davlatqadamovni qo‘lga olgandan so‘ng bir soat ichida samolyot bortini tekshirib chiqdi. Keyin parvozga yana ruxsat bergan.
Huquq-tartibot xodimlari yo‘lovchilar mobil telefonlaridan hodisa tasvirlangan videolarni va bir necha yo‘lovchidan bayonot olgan.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Rossiya tergov organlari Davlatqadam Davlatqadamovga nisbatan “samolyot salonida to‘polon qilish” ayblovi bilan jinoiy ish ochgan.
Ushbu ayblov bilan Tojikiston vatandoshi besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
29 avgust oqshomida Rossiya tergov organlari Davlatqadamov bilan bo‘lib o‘tgan so‘roqning ilk tasvirlarini tarqatdi.
U barcha savollarga rad javobi bergan. Masalan, tug‘ilish sanasi, ish joyi va oilasi haqidagi savollarga “yo‘q” deb javob qaytargan.
30 avgust kuni "Uralskie avialinii" shirkatining Dushanbedagi vakilligi Ozodlik bilan suhbatlashishni istamadi.
Dushanbe Xalqaro aeroporti rasmiylari esa "Uralskie avialini" samolyoti bir necha soat kechikish bilan Dushanbega yetib kelgani haqidagi xabarni tarqatish bilan cheklandi.