Линклар

Шошилинч хабар
25 январ 2021, Тошкент вақти: 09:32

Taniqli qo‘shiqchilar videokliplarining TV-namoyishi taqiqlab qo‘yildi


Qo‘shiqchi Lola Yo‘ldoshevaning ko‘ylagi o‘z vaqtida mulozimlar tanqidiga nishon bo‘lgan edi.

“O‘zbekkonsert” qoshidagi badiiy kengash 18 nafar taniqli xonandalar tomonidan taqdim etilgan videokliplarni ko‘rib chiqib, ularning ayrimlarini TV orqali namoyish qilishni taqiqlab qo‘ydi.

Bu haqda “O‘zbekkonsert” rasmiy saytiga tayanib, fergana.ru xabar qildi. Ushbu xabar yozilayotgan paytda “O‘zbekkontsert” rasmiy sayti ochilmadi.

fergana.ruga ko‘ra, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Milena Xalilova ijro etgan “Oqqushlar”, “Nihol” mukofoti sovrindori Axmedova Shaxrizoda (Kaniza) ijro etgan “O‘zbekiston”, xonanda Otabek Muhammadzohid ijro etgan “Sensiz”, xonanda Munisa Rizaeva ijro etgan “Aybim sevganim”, xonanda Alijon Isoqov ijro etgan “Toshkent ko‘chasi”, xonanda Shaxribonu Axtamova ijro etgan “Baxtim”, xonanda Javlon Olimov ijro etgan “Aldadimi”, Poytaxt guruhining “Nola”, xonanda Sanjar Usmonov ijro etgan “Mohinurim”, xonanda Zafar Qurbonboev ijro etgan “Sanamjon”, “Gal gal” hamda xonanda Bexruz Toxirov ijro etgan “Ey yor” qo‘shiqlariga tasvirga olingan videokliplarga Kengash a’zolari tomonidan bildirilgan ba’zi juz’iy kamchiliklarni bartaraf etish xonandalarning o‘zlariga va klipmeykerlariga tushuntirilib, ba’zi kadrlardan voz kechish, to‘g‘rilash sharti bilan istisno tariqasida ruxsat berilgan.

“Nihol” mukofoti sovrindori Manzura Yuldasheva ijro etgan “Adashdim” qo‘shig‘ining klipdagi ayrim tasvirlarni to‘g‘rilash kerakligi tushuntirilib, ushbu klipni efirga uzatish rad etildi. Kamchiliklarni bartaraf etgandan so‘ng qayta topshirish mumkinligi tavsiya etildi.

Xonanda Baxriddin Zuxriddinov ijro etgan “Dilozorim” qo‘shig‘iga ishlangan videoklip mazmuni bilan qo‘shiq mazmunida uyg‘unlik yo‘qligi, klipning oxirgi qismidagi dialoglar qo‘shiqqa mos emasligi ta’kidlanib, rad etildi. Xonanda Samadjon Ruzmetov ijro etgan “Kel ey” qo‘shig‘iga ishlangan videoklip mazmuni bilan qo‘shiq mazmunida uyg‘unlik yo‘qligi, klipdagi dialoglar tushunarsizligi hamda qo‘shiq matni sayozligi bois rad etildi. Otabek Mutalxo‘jaev ijro etgan “Ayt tun” qo‘shig‘i matnini professional shoirga ko‘rsatib qayta ijro etishini hamda klipdagi tasvirlaridagi kamchiliklar xonanda va klipmeykerga tushuntirildi. Ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etib Kengashga qayta taqdim etilishi ta’kidlandi.

Oldinroq, joriy yilning may oyida TV orqali “VIA Maroqand” roligini namoyish etish taqiqlangandi. Shuningdek, “O‘zbekkonsert” qoshidagi badiiy kengashi tomonidan qator taniqli mahalliy honandalarning videokliplari TV orqali namoyishi taqiqlangan edi. Bundan tashqari, “O‘zbekkontsert” binosida o‘tgan “Yoshlarning ma’naviy tarbiyasi va artistlar axloqida milliy estrada roli”ga bag‘ishlangan yig‘ilishga kelmagani uchun to‘rt nafar xonanda litsenziyadan mahrum qilingandi. Badiiy kengash iyulda ko‘rib chiqilgan sakkizta klipdan uchtasini taqiqlab qo‘ygan.

O‘tgan yilning iyul oyidan O‘zbekistonda xonandalarga ijtimoiy tarmoqlarda o‘z ixtiyoricha videokliplarni joylashtirish taqiqlab qo‘yilgan. Buning uchun ular “O‘zbekkonsert” qoshidagi badiiy kengashidan ruxsat olishlari kerak bo‘ladi.

2018 yil fevralidan boshlab o‘zbek xonandalariga milliy mentalitetiga hamda umuminsoniy qadriyatlarga zid keladigan har bir narsani videokliplarda namoyish etish taqiqlangan, deb yozdi fergana.ru.

Ozodlik «O‘zbekkontsert» estrada birlashmasida joriy yil 12 fevralidan boshlab musiqali kliplarni tekshirib namoyishga izn beradigan komissiya ish boshlagani to‘g‘risida xabar qilgan edi. O‘zbekiston Madaniyat vazirligi mulozimining Ozodlikka 13 fevral kuni aytishicha, “15 nafar a’zodan iborat badiiy kengash milliy mentalitetga to‘g‘ri kelmaydigan kliplarni taqiqlab, G‘arb ommaviy madaniyati ta’siriga tushgan qo‘shiqchilarni to‘g‘ri yo‘lga solish” bilan shug‘ullanadi.

XS
SM
MD
LG