Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:26

"Islom davlati" ekstremistik guruhiga qo‘shilgan er-xotin birgalikda 30 yilga qamaldi


Dushanbe shahar sudi Tojikiston janubidagi Mo‘minobod tumanida yashovchi Safargul Odinaevani "Islom davlati" ekstremist guruhiga qo‘shilganlikda ayblab, 13 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Safargul Odinaevaning turmush o‘rtog‘i Xushnud Maxsumov ham ayni shu ayblov bilan 17 yilga qamaldi.

Dushanbe shahar sudi vakilining Ozodlikka aytishicha, hukm 14 sentabrda kuchga kirgan.

Sud vakiliga ko‘ra, o‘tgan yil kuz paytida Safargul Odinaeva 5 yashar o‘g‘li Umar bilan Afg‘oniston hududida “Islom davlati” guruhi safiga qo‘shilish ayblovi bilan qo‘lga olinib, Tojikistonga ekstraditsiya qilingan.

Hozir ayolning o‘g‘li Mo‘minobod tumanida bobosi va buvisi tarbiyasidadir.

Safargul Odinaeva yaqinlarining Ozodlikka aytishicha, Safargul Rossiyada Xushnud Maxsumovga tushmushga chiqib, keyin ular Turkiya va Eronga borgan va so‘ngra Eron hududi orqali Afg‘onistoning Nimro‘z viloyatiga o‘tgan.

Yaqinlariga ko‘ra, mazkur viloyatda ular “Islom davlati” guruhi safiga qo‘shilishga harakat qilgan va keyinroq Afg‘oniston huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingan.

Safargul otasi Andam Odinaevning Ozodlikka aytishicha, 7 yil oldin qizi birinchi eridan ajralib, ishlash uchun Rossiyaga yo‘l olgandi.

Rossiyada Xushnud Maxsumovga turmushga chiqqan va undan o‘g‘il farzand ko‘rgan.

Andam Odinaevning ta’kidlashicha, oxirga marta Safargul o‘tgan yil sentabrь oyida Rossiyadan Tojikistonga telefon qilgan va so‘ngra aloqalar uzilib qolgan.

Buning ortidan Tojikiston huquq-tartibot organlari Andam Odinaevga Safargul va Xushnud Afg‘onistonda qo‘lga olinib, Tojikistonga ekstraditsiya bo‘lganliklari borasida xabar berganlar.

2017 yil martida tojikistonlik besh kishidan iborat bir oila a’zolari Eronning Zohidon viloyatida qo‘lga olinib, Tojikistonga yuborilgan edi.

Tojikiston ichki ishlar vazirligining ma’lumotiga binoan, er-xotin 33 yashar Abulfayz Vazirov va 32 yashar Mohira Salimova 3 bolasi bilan Erondan Afg‘onistonga borish va bu mamlakatda “Islom davlati” terroristik guruhiga qo‘shilish niyatida bo‘lgan.

Tojikiston hukumati hisob-kitobiga ko‘ra, 2014 yildan beri 1141 tojikistonlik "Islom davlati" qurolli guruhiga qo‘shilgan, ular jumlasidan 300 kishi halok bo‘lgan.

Xavfsizlik masalalarini o‘rganuvchi Soufan Group tadqiqot markazi o‘tgan yil 24 oktabr kuni tarqatgan hisobotda yozilishicha, tojikistonlik 700 dan oshiq jangari hali-hanuz Suriya va Iroqda qolmoqda. Markazga ko‘ra, tojik jangarilarning taqdiri noma’lumdir.

Soufan Group hisobotiga ko‘ra, 2016 yilning iyuligacha 1 600 tojik jihodchi “Islom davlati” ekstremistik guruhi saflarida jang qilgan. Ularning 147 nafari vataniga qaytgan.

2015 yilda Tojikistonda Jinoyat Kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, hukumat xorijdagi harbiy guruhlar xizmatida bo‘lib, uyga qaytib qilgan ishidan pushaymon bo‘lgan fuqarolarni afv qilish qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi

XS
SM
MD
LG