Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:30

“Fuqaro” o‘rniga “bek” va “beka” so‘zlarini qo‘llash taklif etildi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Toshkentlik shifokor xotinining jazmani tomonidan o‘ldirildi. Matbuotga muammolar haqida gapirgan oila tahdidlar ostida qoldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Internetdagi sevgi qotillik bilan yakun topdi

Toshkentda yashovchi oilali erkak va ayolning virtual olamdagi sevgisi qotillik bilan yakunlandi (“Huquq”, 20 sentabr).

Bu haqda Toshkent shahri prokuraturasi vakili Elmurod Ubaev ma’lum qilgan. 1986 yilda tug‘ilgan oilali erkak ijtimoiy tarmoq orqali boshqa bir oilali ayol bilan tanishgan.

Bu tanishuv oxir-oqibat erkak va ayolning xiyonat yo‘liga olib borgan. Erkak o‘z xotini bilan ajrashishini aytib, ma’shuqasidan ham oilaviy rishtalarni uzishni talab qilgan. Ammo ma’shuqa jazman talabiga ko‘nmagan.

Shundan keyin ismi oshkor etilmagan erkak ma’shuqasining eri – shifokorni aldov yo‘li bilan uyga chaqirib, uch kun davomida tutqunlikda saqlab, so‘ng bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Qayd etilishicha, ushbu jinoyat fosh etilib, qotil va unga ko‘mak bergan shaxs uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Erining o‘limiga sabab bo‘lgan xiyonatkor ayol taqdiriga oydinlik kiritilmagan.

Matbuotga muammolar haqida gapirgan oila tahdidlar ostida qoldi

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida yashovchi Arslonovlar oilasi matbuotga muammolar haqida gapirib baloga qoldi (“Oila davrasida”, 20 sentabr).

12 jondan iborat oila “Oila davrasida” gazetasiga jar yoqasidagi xavfli hududga yashayotgani xususida arz qilgan va mutasaddilardan uy-joy olishda yordam so‘ragan. Gazetada ushbu oila muammosiga bag‘ishlangan maqola chop etilgan.

Maqola chop etilgach, mutasaddilar 12 jonning mushkulini oson qilish o‘rniga ularga bosim o‘tkaza boshlagan. Xususan, oila vakillari “Yulduz” mahalla fuqarolar yig‘iniga chaqirilib, po‘stagi qoqilgan. Ularni hokimlik ustidan yolg‘on ma’lumot bergan tuhmatchiga chiqarib, sudga berish bilan qo‘rqitishgan.

Qayd etilishicha, Olmaliq shahri hokimiyati ham muammoni bartaraf etish choralarini ko‘rish o‘rniga vaziyatni xaspo‘shlagan, boz ustiga, jurnalistni asossiz ayblashga uringan.

Gazeta mas’ullarni tanqidiy maqola yozayotgan jurnalistlarni tinch qo‘yib, mavjud muammolarni hal etish bilan shug‘ullanishga chaqirgan.

“Fuqaro” so‘zi o‘rniga “bek” va “beka” so‘zlarini qo‘llash taklif etildi

“Darakchi” nashri O‘zbekistonda rasman muomalada bo‘lgan “fuqaro” so‘zidan voz kechib, uning o‘rniga “bek” va “beka” istilohlaridan foydalanishni taklif qildi.

Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin qardosh xalqlar “grajdan (ka)” istilohini o‘z tiliga moslab o‘zgartirdi. Jumladan, qozoqlar “azamat”, qirg‘izlar “jaran”, turkmanlar “raayat”, tojiklar “shahrvand”, turk va ozarboyjonlar “vatandosh” istilohini qabul qildi.

O‘zbekistonda esa “fuqaro” atamasi iste’molga kirdi. Qayd etilishicha, “fuqaro” atamasi arabcha “faqr” kalimasining ko‘plik shakli bo‘lib, o‘tmishda bu so‘z xalqning eng quyi bo‘g‘iniga nisbatan ishlatilgan.

Ta’kidlanishicha, “fuqaro” o‘rniga taklif etilayotgan “bek” va “beka” so‘zlari sof o‘zbekcha bo‘lib, ular har bir o‘zbekistonlik teng huquqli, hurmatga loyiq inson ekanini ifodalaydi.

Qolaversa, bu so‘zlarni esda saqlash va yozish oson, deb hisoblaydi gazeta. Avvalroq ko‘p sonli ziyolilar “fuqaro” o‘rniga “vatandosh” istilohini muomalaga kiritishni taklif etgan edi.

XS
SM
MD
LG