Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:36

“Ko‘ngilli terim otryadlari” tuzish uchun norasmiy paxta solig‘i solinmoqda


Ozodlikka ayni kunlarda O‘zbekistonning turli viloyatlaridan yuborilgan o‘nlab xabarlarga ko‘ra¸ 2018 yilgi paxta terimi mavsumi uchun davlat idorasida ishlovchilardan tortib¸ yakka tartibdagi xususiy tadbirkor va yirik korxonalargacha norasmiy “paxta solig‘i” solinmoqda.

Ozodlik surishtiruvi davomida aniqlanishicha¸ Andijon¸ Namangan¸ Qashqadaryo¸ Jizzax va Toshkent viloyatlarida terim otryadlari tuzishga mas’ul idoralar tomonidan maktab etakchilari uchun oyiga 400 ming so‘m qilib belgilangan “paxta solig‘i” miqdori yakka tadbirkor uchun 800 ming so‘mdan 1 million 200 ming so‘mgacha¸ ikkita xizmatchisi borlar uchun 1 600 ming so‘m qilib belgilangan.

Hokimlik va Davlat soliq qo‘mitasi rasmiylari bunday o‘lpon mavjudligini inkor qildi va “korrupsiya va tamagirlik” deb tasniflanadigan bu kabi holatlar haqida Soliq qo‘mitasi va Bosh prokuratura ishonch telefoniga xabar qilishni so‘radi.

"Paxta o‘lponi"

Toshkent viloyati tumanlarining biridan Ozodlikka yuborilgan xabarga tuman soliq inspeksiyasi xodimi va tadbirkor o‘rtasidagi o‘zaro suhbat audiosi ilova qilingan.

Bu audioyozuvda soliq inspektori yakka tadbirkordan paxtaga o‘zi chiqmasligi uchun odam yollashga 1 million 200 ming so‘m to‘lashni so‘raydi. Buyruq yoki tahdiddan ko‘ra¸ “yolvorishga” yaqin ohangda so‘ralayotgan bu mablag‘¸ suhbatdan ayon bo‘lishicha¸ tadbirkorni o‘z do‘konini yopib¸ paxtaga chiqishdan olib qolish maqsadida¸ bitta yollanma ishchiga bir oy uchun to‘lanadigan puldir.

Suhbatda tadbirkorning o‘zi savdo kamayib ketgan bir paytda¸ buncha pulni to‘lash og‘irlik qilishi¸ ikkita farzandini kontraktga o‘qitayotgani va bunday o‘lpondan ozod qilishni so‘rab¸ soliqchiga zorlanishi eshitiladi.

Bu zorlanishga javoban soliqchi ham¸ na bu buyruq¸ na bu mablag‘ni o‘zi o‘ylab topmagani¸ tadbirkorlarning o‘z do‘konida ishini davom ettirishini ta’minlash uchun ham o‘z o‘rniga bitta odam paxtaga chiqarishi kerakligini tushuntirishga harakat qiladi.

Bu audioyozuvni yuborgan toshkentlik tadbirkor Ozodlikdan¸ “bu elga kelgan to‘ymi” ¸ tadbirkor o‘z o‘rniga pul to‘lab odam chiqarsin degan yangi qonun chiqdimi¸ iltimos izoh beringlar¸ deb so‘ragan.

Davlat Soliq qo‘mitasi javobi

Bu murojaat ortidan Ozodlik Davlat soliq qo‘mitasi Axborot xizmati bilan bog‘landi. Qo‘mita rasmiysi¸ paxta uchun na rasmiy¸ na norasmiy soliq mavjudligi¸ tadbirkordan o‘z o‘rniga odam chiqarish yoki pul berishni talab qilayotgan soliqchilar ustidan qo‘mita yoki Bosh prokurarura ishonch telefonlariga shikoyat qilishni tavsiya qildi:

- Agar shunaqa holat bo‘ladigan bo‘lsa¸ Davlat soliq qo‘mitasining ishonch telefoni bor 244 9898 raqami. Yana o‘zimizning ichki xavfsizlik bo‘limimiz bor¸ aynan shunaqa korrupsiya va tamagirlik holatlari bilan shug‘ullanadigan. 248 98 00 raqamiga telefon qilishsin. Shunaqa holat aniqlansa¸ ularga tegishli chora ko‘riladi. Bundan tashqari Bosh prokuraturaning reklama roligi ketayapti har kuni. U yerda ham majburiy mehnat haqida xabar berishga ishonch telefonlari bor.

Soliqchi izohi

Ozodlik ustidan tadbirkorlar shikoyat qilgan Toshkent viloyati tumanlaridan birining soliq inspektori bilan bog‘lanib¸ vaziyatni tushuntirishni so‘radi.

Haqiqatni aytgani uchun jazolanishdan cho‘chigan bu rasmiy¸ shaxsi sir qolish sharti bilan Ozodlikka bor ahvolni tushuntirib berishga rozi bo‘ldi.

“Bosh vazirning farmoyishi bor¸ viloyat hokimining farmoni bor¸ rayon hokimining farmoni bor paxtani nes-nobud qilmasdan terib olish uchun terim otryadlari tashkil qilish haqida. Rayonimizda to‘rtta sektor bor – hokim¸ prokuror¸ IIB va soliq inspeksiyasiga bo‘lib berilgan. Shu sektorlarga 4000 kishilik terim otryadi tuzib¸ o‘zimiznikidan tashqari¸ qo‘shni tumanlarga ham yuborish topshirildi. Soliq sektoriga 1000 dan oshiq odam topish buyurildi. Har bitta otryadda 150 tadan terimchi bo‘lishi kerak¸ meni otryad boshlig‘i qilib qo‘ydi. Bir tomondan¸ hech kimni majbur qilma¸ deydi¸ boshqa tomondan 150 odamni qanday qilib bo‘lsa ham topib¸ paxtaga olib chiqasan¸ bo‘lmasa ishingni topshir¸ deydi. Qaerdan olaman buncha ko‘ngillini? Tadbirkorga oldingi zamondagiday¸ do‘koningni yopib¸ dalaga chiq deyolmayman. Do‘kon yopilsa¸ savdo to‘xtaydi¸ demak soliq ham tushmaydi. Mening asosiy ishim davlat byudjetiga belgilangan soliq tushumlarini topshirishku! Shunga tadbirkorrlarga yalinib-yolvorib¸ vatan uchun¸ xalq uchun shu pulni beringlar¸ men ham qutulay¸ sizlar ham qutulinglar shu davlat bosimidan¸ deb yuribman”.

O‘lpon narxi qanday belgilanmoqda¸ odam qaerdan topilmoqda?

Ozodlik gaplashgan Toshkent viloyati tumanlaridan biridagi terim otryadiga boshliq etib tayinlangan soliq inspektori¸ yakka tadbirkorga solinaëtgan 1 million 200 ming so‘mlik o‘lponning qaerdan kelib chiqqanini ham tushuntirdi.

“Bu narxni xalqning o‘zi belgilagan. Mardikor bozorga chiqsangiz¸ bir kunlik dala ishlari uchun 40 mingdan kamiga rozi bo‘lmaydi. Shuni 30 kunga ko‘paytirsangiz¸ 1 million 200 ming kelib chiqadi. Men bu pulni qo‘limga ham olaëtganim yo‘q. Tadbirkorni ko‘ndirib¸ soliq idorasiga olib kelayapmiz. Bu yerda¸ vodiydan kelgan opalar o‘tiradi – ular yillardan beri o‘z rayonidan ayollarni to‘plab¸ Toshkent viloyatiga taxta terdirishga olib keladi. Ana shu opalar bilan o‘tirib¸ shartnoma tuzishadi. Shartnomada¸ “men falonchi tadbirkor¸ vatanim¸ xalqim taraqqiyotiga hissa qo‘shish uchun terimchi yollayman va unga shuncha haq to‘layman”¸ deb ëziladi. O‘z ixtiyorim bilan¸ degan ibora bo‘lishi shart. To‘lov naqd bo‘ladi va opalar pulni sanab oladi. Yollanma terimchi shundan keyin mening otyadimga o‘tadi va men uni turar-joy¸ uch mahal ovqat bilan ta’minlashim shart”¸ dedi Ozodlik bilan shaxsi sir qolish bilan gaplashgan Toshkent viloyati tumanlaridan biri soliq inspektori.

"Bu yil otryad degan balo chiqdi..."

5 sentabr kuni paxta yig‘im-terimiga bag‘ishlangan hukumat selektorida Bosh vazir Abdulla Aripov bu yilgi paxta yig‘im terimiga 2 million 639 ming terimchi jalb qilinishi va shu maqsadda mamlakat bo‘yicha jami 26 mingdan ortiq "ko‘ngilli otryad" tashkil etilishini bildirdi.

Joylardan Ozodlikka kelayotgan xabarlardan¸ 32 millionlik O‘zbekistonda paxta terishga o‘z ixtiyori bilan boradigan 2,5 milliondan ko‘p odamni topishning imkoni yo‘qligi bois¸ bu yil hukumatning rasmiy va norasmiy bayonot va harakatlaridagi jarlik yanada kuchaygan.

“Bu yil “ko‘ngilli otryad” degan balosi chiqti. Otryad shakllanmasa ishdan bo‘sha¸ yoki men sening o‘zingni tekshiraman¸ degan gap bo‘layapti prokuraturadan. O‘qituvchi chiqmasin¸ o‘rniga odam yuborishga pul bersin deydi. Televizorni ochsangiz¸ prokuratura majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydi¸ deb turipti. Majburan paxtaga olib chiqsak¸ bizning ustimizdan majburiy mehnatga jalb qilayapti deb yozishsa! Majburlamasak¸ hech kim paxtaga chiqmasa? Biz kichkina tashkilotlar qaysi yo‘lni tutaylik? “ deyiladi Namangan viloyati Kosonsoy tumani soliq inspektoridan kelgan xabarda.

“O‘zimiz odamlarni paxtaga majburlab¸ yana o‘zimiz ulardan “hech kim majburlamadimi?” deb so‘raymiz”

Samarqand bandlikka ko‘maklashish markazi xodimining Ozodlikka shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan bildirishicha¸ bu idoraning har bir xizmatchisiga bitta mahalladan kamida beshtadan kam ta’minlangan fuqaroni “ko‘ngilli terim otryadi”ga jalb qilish topshirilgan.

“Hech kim paxtaga borishni xohlamaydi. Shaharliklarni aytmasa ham bo‘ladi. Televizorda majburiy mehnatdan voz kechasan¸ deydi¸ bosh vazir o‘rinbosari selektor o‘tkazib¸ “kamida 500 odamni otryadga yuborasan”¸ deb zug‘um qilayapti. Majburlab turib¸ “o‘z xohishim bilan borayapman” deb ëzma tilxat ham olar ekanmiz. Bittadan mashina sovg‘a qilsa ham paxtaga bormaydi odamlar¸ chunki puli kam¸ sharoiti og‘ir¸ ovqatlari go‘shtsiz. Yana uxlagan uygayam pul to‘laysiz. Menga o‘nta mahalla biriktirilgan¸ kamida 50 ta odam otryadga olib chiqishim kerak. Uyma-uy yuribman sarg‘ayib¸ bironta odam o‘z xohishi bilan bormaydi. Paxtani ekkan fermerning o‘zi tersin¸ deb meni quvib solishmoqda. Bizlar oldin odamlarni majburlaymiz¸ keyin paxta dalasiga ularning oldiga borib¸ “sizlarni hech kim majburlamadimi”¸ deb terimchilardan so‘rab ham chiqamiz”.

Hukumat nega "ikki yuzlik" paxta siyosati yuritmoqda?

O‘zbekistonda paxta yetishtirish¸ ayniqsa¸ uni terib olishda davlat tomonidan bolalar va kattalarning majburiy mehnatga jalb qilinishi surunkali tarzda xalqaro maydonda tanqidlarga uchragani ortidan¸ Toshkent hukumati bu siyosatini o‘zgartirish bosimi ostida qoldi.

Umumiy qiymati bir trillion dollarga teng bo‘lgan yirik G‘arb shirkatlari bolalar va majburiy mehnat ishlatilgani bois o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qildi¸ o‘zbek paxtasi AQSh Mehnat vazirligi "qora ro‘yxati"ga kiritildi.

Jahon banki O‘zbekiston hukumati qishloq xo‘jaligini isloh qilish uchun so‘ragan yarim milliard dollarlik kredit ajratilishi uchun bolalar va majburiy mehnatning to‘xtatilishini shart qilib qo‘ydi.

Ana shu bosimlar ostida Toshkent rahbarlari 2014 yili terim paytida bolalar mehnatidan foydalanishni taqiqladi. Ikki milliondan oshiq bola terimga chiqarilmagani ortidan¸ asosan qo‘lda teriladigan o‘zbek paxtasini teruvchilar safi siyraklashdi. 2014 yildan 2017 yilga qadar asosan¸ byudjet tashkilotlari¸ o‘qituvchi va vrachlar dalaga haydalgan bo‘lsa¸ 2018 yilga kelib¸ prezident va Bosh vazir darajasida o‘qituvchilarning paxtaga chiqishi ham taqiqlandi.

2018 yilga kelib¸ asosiy urg‘u "ko‘ngilli terim otryadlari" tuzib¸ unga aholining ishsiz va kam ta’minlangan qatlamini tashviqot va har kilo paxta uchun nisbatan yaxshiroq haq to‘lash asosida jalb qilish paxtani terib olishning maqbul usuli sifatida qabul qilindi.

Ammo ishga yaroqli aholisining kattagina qismi¸ norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra¸ xorijga mehnat muhojiratiga chiqib ketgan O‘zbekistonda hukumat aytgan 2,5 million ko‘ngilli terimchini topish na demografik va na iqtisodiy reallikka to‘g‘ri kelmagani bois¸ kuzatuvchilar¸ hukumatning yangi ko‘rinishdagi eski majburiy mehnatdan foydalanishdan o‘zga chorasi yo‘qligini aytmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG