Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:16

Hukumat qaroridan norozi reklamachilar yordam so‘rab Prezidentga murojaat qildi (VIDEO)


Reklama bilbordlaridan saylovoldi kampaniyasi davomida Shavkat Mirziyoev ham foydalangan.
Reklama bilbordlaridan saylovoldi kampaniyasi davomida Shavkat Mirziyoev ham foydalangan.

Vazirlar Mahkamasi tashqi reklamaga oid 30 avgustda qabul qilgan qaror reklama kompaniyalari sarf-xarajatlarini bir necha martaga oshiribgina qolmay, reklama bozoridagi o‘yinchilarning aksariyati faoliyatini to‘xtatib qo‘yadi.

Ozodlikka Toshkent reklama assotsiatsiyasidan kelgan xatda hukumat qaroriga shunday xulosa berilgan. Maktubga video ham ilova qilingan bo‘lib, uni tasvirga olganlar prezident Mirziyoevdan yordam so‘ragan.

Toshkentdagi ba’zi reklama agentliklari rahbarlarining Ozodlikka aytishicha, poytaxt ko‘chalarida o‘rnatilgan qariyb 6000 ta bilbord faoliyatini ta’minlab turgan minglab ishchi-xizmatchilar 1 dekabrdan ishsiz qolishi mumkin.

Президентга мурожаат
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:08 0:00

Toshkent reklama assotsiatsiyasining prezident Mirziyoevga murojaati

30 dan ortiq ishchisi, 50 dan ortiq bilbordi bor reklamachining aytganlari

Toshkentdagi reklama agentliklaridan birining boshlig‘i 25 sentabr kuni Ozodlik bilan suhbatda gapni reklama bozorida “Reklama to‘g‘risida”gi qonun doirasida ishlab kelayotganiga 10 yildan oshganini aytish bilan boshladi.

Ismini aytsa, hukumat qarori kuchga kirmay turiboq, muammolarga duch kelishidan qo‘rqqan bu reklamachining aytishicha, uning 50 dan ziyod bilbordi (reklama yopishtiriladigan, avtoyo‘llar chetiga o‘rnatiladigan ulkan taxta) bor. 50 dan ziyod bilborddan foydalanish uchun 30 dan ortiq ishchisi mavjud.

Agentlik rahbarining aytishicha, eni 3, uzuni 6 metrli bitta bilbord 15 mln so‘m turadi, agar ustida prizmatroni bo‘lsa, 30 mln so‘m bo‘ladi. Agar bilbord elektrga ulangan bo‘lsa, narxiga yana 7-8 mln so‘m qo‘shiladi.

“Katta bilbordlarim ham bor, har biriga 200 mln so‘mdan ortiq pul sarflaganman. Konstruksiyaning o‘zi 100 mln, prizmatroni 150 mln, svetini qo‘shsam, 260 mln ketgan. Bu bilbordlarni qilish uchun bir necha marta kredit olganman, hozir ham qarzim bor”, dedi Reklama agentligi rahbari.

Suhbatdoshimiz va uning hamkasblari hukumat qarori ijrosi boshlangach, bilbordlari turgan joylarni auksionda sotib olishga mablag‘lari etmasligidan, joylar katta puldorlarga sotilib ketishidan qo‘rqmoqda.

“Joyning pasportini boshqa birovga sotib yuborishsa, bilbordlarim quruq temirga aylanadi, qoladi”, dedi Reklama agentligi rahbari.

Toshkent reklama assotsiatsiyasi ma’lumotlariga qaraganda, shu kunda poytaxtda 6000 ga yaqin katta-kichik reklama bilbordi bo‘lib, ular 200 dan ortiq tadbirkor mulkidir.

Hukumat qarorida nima deyilgan?

Vazirlar Mahkamasi 30 avgustda qabul qilgan “Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 702- qarorga binoan joriy yil 1 dekabrdan boshlab billbordlarni (maqolada faqat billbordlar bilan bog‘liq masalani o‘rganayapmiz) joylashtirish huquqi kimoshdi savdolarida sotiladi.

Bunda auksionning boshlang‘ich narxi yer uchastkasi uchun belgilangan yer solig‘ining 10 barobaridan kam bo‘lmagan miqdorda, ko‘zda tutilgan foydalanish muddatining har bir yili uchun qilib belgilanadi.

Ya’ni, shu kunda bilbordlari sathini reklama beruvchilarga sotib kelayotgan agentliklar 1 dekabrdan boshlab bilbordi turgan joydan foydalanish huquqini kimoshdi savdosida sotib olishi lozim.

Reklama assotsiatsiyasi nimadan norozi?

Reklamachilarning “norozilik tarixi” Toshkent reklama assotsiatsiyasidan Ozodlikka kelgan xatda batafsil bitilgan. Xatga ilova qilingan Prezidentga videomurojaatda esa, jumladan bunday deyilgan:

“Joriy yil mayida Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi (QHTBT) portalida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyihada qaror kuchga kirguniga qadar o‘rnatilgan mavjud reklama konstruksiyalariga egalik huquqi saqlanib qolishi, ular kimoshdi savdosiga qo‘yilmasligi aytilgan.

Buni qaror loyihasi muallifi – Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Reklama bozorini nazorat qilish boshqarmasi boshlig‘i D. Azimov ham 10 may kuni “O‘zbekiston24” telekanalida qilgan qilgan chiqishida tasdiqlagan”.

Lekin shunga qaramay, loyiha Prezidentning emas, hukumatning qarori ko‘rinishida 30 avgustda qabul qilindi va unda qaror loyihasi muhokamasi davomida berilgan va’dalarga amal qilinmadi.

Xat mualliflari Ozodlikka yozgan maktub nusxasini tegishli vazirlik va idoralarga ham yo‘llaganini xabar qildi.

Ozodlik qaror loyihasi muallifi - – Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan bog‘lana olmadi.

Adliya vazirligining matbuot kotibi esa, bu mavzuda ariza tushmaganini bildirish bilan cheklandi.

Hukumat qaroridan so‘ng yuzaga kelgan vaziyatni baholar ekan, maqolamiz boshida tilga olganimiz reklama agentliklaridan biri rahbari “qo‘li uzun kimdir bu sohada monopoliya o‘rnatmoqchi, reklama bozorini ichak-chavog‘i bilan sotib olmoqchi”, dedi; ayni paytda "qo‘li uzun kimdirlar"ning kimligi haqida ma’lumot bermadi.

XS
SM
MD
LG