Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:06

Jahon banki: Tojikistonda tug‘ilish ko‘payayotganiga... kambag‘allik sabab


Jahon bankining yangi tadqiqoti natijalariga ko‘ra, ishsizlik, mehnat migratsiyasi va kambag‘allik tufayli Tojikistonda tug‘ilish ko‘paymoqda va aholi soni tez sur’atlarda ko‘payib bormoqda.

Statistikaga ko‘ra, aholisi yiliga o‘rta hisobda 200 ming kishiga ortayotgan Tojikiston bu ko‘rsatkich bo‘yicha MDH davlatlari orasida birinchi o‘rinni egallaydi.

Jahon bankining o‘tgan haftada e’lon qilingan “Tojikiston Respublikasi: mamlakatni kompleks baholash” tadqiqotida Tojikiston sobiq Sovet Ittifoqi respublikalari orasida eng qashshoq va ayni damda, aholisi eng tez o‘rsayotgan mamlakat sifatida baholangan.

Jahon banki Tojikiston hukumatiga aholi o‘sishini tartibga solish uchun erta turmush qurishga chek qo‘yish va homiladorlikning oldini olish uchun kontratsepsiya vositalaridan foydalanishni tavsiya qildi.

Xalqaro moliyaviy tashkilot tadqiqotiga ko‘ra, Tojikistondagi reproduktiv yoshdagi ayollarining faqat 28 foizi istalmagan homiladorlikka qarshi kontratsepsiya vositalaridan foydalanadi.

Tojikistonning konservativ jamiyatida ko‘p farzand “Xudoning irodasi” hisoblanadi. Shu bois, mamlakatda ko‘pfarzandli oilalar soni juda kӯp.

Dushanbelik Zulayho Zoirova ko‘p bolali oilada dunyoga kelgan.

U o‘sgan oilada 10 qiz va 3 o‘g‘il voyaga yetgan. Zulayhoning fikricha, ayni shu ko‘pbolalik farzandlarga yaxshi ta’lim olish va oliy o‘quv yurtlariga kirishga imkon bermagan.

Uning aytishicha, oilada faqat otasi ishlardi, farzandlar to‘yib ovqatlanishmasdi va savodlari ham qoniqarli emasdi.

Shu bois Zulayho ko‘pfarzandli bo‘lishi istamaydi. Hozir u to‘rt farzandning onasi.

“Sababi farzandlarning ilmsiz qolishidir. Hozirgi zamonda ilmi bo‘lmagan shaxsga ish topish va yaxshi yashash qiyin. Ota-onam tajribasi menga dars bo‘ldi," - dedi Zulayho Zoirova.

Bugungi kunda Tojikiston sobiq Sovet Ittifoqi respublikalari orasida aholi o‘sishi bo‘yicha birinchi egallaydi.

Tojikistondagi rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har yili mamlakat aholisi 2,2 foiz yoki 200 ming kishiga o‘sib bormoqda.

Joriy yil may oyida Tojikiston aholisi 9 million kishiga etdi.

Bu ketishda har 5 yilda Tojikiston aholisi 1 million kishiga o‘sib, tez orada 10 million kishiga etishi mumkin.

Jahon banki ekspertlarining ogohlantishiricha, aholining keskin o‘sishi yaqin davr ichida Tojikistonda iqtisodiy va ijtimoiy tangliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Ushbu tashkilot tadqiqotiga binoan, Tojikistonda ishsizlik muammosi yanada kuchayib, jamiyatda ijtimoiy keskinlikka olib keladi, davlat byujetining sog‘likni saqlash va maorif sohalariga xarajati keskin ko‘payadi.

Tojikiston sog‘likni saqlash vazirligidagi ona va bolalarga xizmat ko‘rsatish departamenti rahbari Sherali Rahmatulloevning aytishicha, mamlakatda aholining keskin o‘sishini oldini olish maqsadida hukumat oilani tartibga solish dasturi asosida reproduktiv yoshida bo‘lgan ayollarga bepul prezervativ va spiral tarqatilgan.

Ammo u aksar ayollar bunday vositalardan foydalanmasligini aytdi.

Rasmiy ma’lumotlarga binoan, Tojikiston aholisining 70 foizini yoshi 30 ga yetmaganlar tashkil etib, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning qariyb 40 foizi yosh oilalarda dunyoga kelgan. Ya’ni, kelgusida ham Tojikistonda aholi o‘sishi kuzatilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG