Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2025, Тошкент вақти: 16:00

Umraga xususiy shirkatlar orqali borish to‘xtatildi


Xususiy shirkatning umra safariga oid bu reklamasi shu kunda yaroqsizdir.
Xususiy shirkatning umra safariga oid bu reklamasi shu kunda yaroqsizdir.

O‘zbekistonlik musulmonlar hususiy shirkatlar orqali Saudiya Arabistoniga umra safariga bora olmayapti.

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi mulozimi umra ibodatini bajarish bo‘yicha yagona qoidaga amal qilish uchun¸ bu tashrifni hususiy shirkatlardan ko‘ra¸ diniy idora yaxshiroq tashkil qiladi, degan fikrga kelinganini aytdi.

Ozodlik suhbatlashgan ikkita turistik firma vakili joriy yil avgustdan beri umraga boradigan O‘zbekiston vatandoshlari uchun Saudiya rasmiylari viza bermayotganini aytdi.

Sayyohlik shirkati vakiliga ko‘ra¸ “Odatda O‘zbekistonliklar uchun umra vizasini rasmiylashtiradigan Birlashgan Aarab Amirlikdagi Saudiya elchixonasi viza berishni to‘xtatgan”. Turistik firma vakiliga ko‘ra¸ elchixona “viza bermaslik bo‘yicha O‘zbekiston diniy idorasidan rasmiy xat olgan”.

- Xaj vaqtida umraga viza berish to‘xtagan edi. Keyin umra vizasi berish boshqa mamlakatlar uchun ochildi¸ lekin biz uchun ochilmadi. Oktabr boshida ochiladi, deyishuvdi haliyam ochilmadi. Dubaydagi Saudiya elchixonasi "O‘zbekistondan xat keldi¸ turistik firmalarga umra viza rasmiylashtirmaymiz",- dedi suhbatdosh.

Ozodlik suhbatlashgan Toshkentdagi yana bir turistik shirkat vakili ham shu gapni aytdi:

- O‘zbekistonga qo‘shni davlatlar fuqarolari Saudiyaga umra safariga Dubay orqali viza olishyapti. Dubaydagi turistik shirkat hamkorligida. Hozirgi kunda O‘zbekiston diniy idorasi Dubay shahridagi Saudiya elchixonasiga xat yozdi , umra vizalarni o‘zbekistonliklarga bermaslik uchun. Kecha firmamiz nomidan Diniy idoraga xat yozdik. Maqsad umra vizasini monopoliyadan chikarish edi. Lekin ruxsat berishmayapti, - dedi 14 million so‘mga (2 ming AQSh dollariga yaqin) “hammasi ichida umra safari” ga yuborishni reklama qilayotgan shirkat vakili.

Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi ikki yilda O‘zbekistondagi sayyohlik shirkatlari ham umra safarlarini uyushtirishni boshlagan.

Umra safarlarini uyushtirish bilan O‘zbekiston bo‘ylab qancha shirkat shug‘ullangani, xususiy shirkatlar orqali necha kishi umra qilganiga oid ma’lumot Ozodlikda yo‘q.

Ozodlik bu masalada O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Fatvo bo‘limi bilan bog‘landi. Bo‘lim mulozimi haj va umra ishlarini muvofiqlashtirish bilan din ishlari qo‘mitasi shug‘ullanishini aytdi.

Ozodlik bog‘langan O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasining ismi sir qolishini istagan mulozimi umra ibodatini bajarish bo‘yicha yagona qoidaga amal qilish uchun¸ bu tashrifni hususiy shirkatlardan ko‘ra¸ diniy idora yaxshiroq tashkil qiladi, degan fikrga kelinganini aytdi:

- Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 dekabrdagi 1031-son qarori bor, bu qarorga ko‘ra¸ umra kvotasi 6 ming qilib belgilangan. Bundan tashqari haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, bir borgan odam ikkinchi marta umraga borishi uchun 2 yil tanaffus kerak. Xohlagan odam shirkatga pul to‘lab boraveradigan bo‘lsa qoidaga rioya qilish qiyin bo‘ladi.

Ozodlik tasarrufida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akramovning¸ joriy yil 18 sentabrida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiër Umarovga yozgan rasmiy maktubi bor.

Bu hujjatda umra safarining xususiy shirkatlar tarafidan tashkil qilinishi maqsadga muvofiq emasligi ta’kidlanadi.

Ozodlik o‘tgan hafta Andijon viloyatining Izboskan tumanida xususiy sayyohlik shirkatiga 3 ming AQSh dollari to‘lab, umraga bora olmaganlar haqida yozgan edi. Ozodlik muxbiri bu holatda ham shirkat Saudiya vizasi ola olmaganligini aniqlagan edi.

Ozodlik tasarrufida Din ishlari qo‘mitasi¸ Musulmonlar idorasi va "Nuroniy" jamg‘armasi rahbarlari imzo chekkan qo‘shma qaror bor. Bu qarorning 13- moddasida umra ziyoratiga boruvchilar uchun jamoatchilik kengashi tuzilishi ko‘rsatilgan.

Bu qo‘shma qarorni izohlagan Diniy qo‘mita mulozimi umra ziyoratining shunchaki sayohat emas balki “ibodat” ekanligiga e’tibor qaratdi.

- Siz aytgan hujjat haj va umra ziyoratini tashkil qilish bo‘yicha davlat siyosatini belgilab bergan. Bu hujjatdan ko‘rinib turibdiki “umra” turistik safar emas, balki ibodatdir. Mayorka oroliga borgandek borilmaydi bu joyga. Puldan tashqari shu safarga loyiq bo‘lish kerak.

Bundan buyon o‘zbekistonlik musulmonlarning haj va umra ziyoratlari Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning to‘liq nazorati va tashkilotchiligi ostida amalga oshiriladi.

XS
SM
MD
LG