Qashqadaryo viloyat, Nishon tumanida 7-8 oktabr kunlari yomg‘ir yog‘ishi sababli paxta zavodiga belgilangan normani topshirmagan 30 ga yaqin fermer, 10 oktabr kuni viloyat hokimi o‘tkazgan majlisdan so‘ng, tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan va bu yerda 11 oktabr saharga qadar och holda ushlab turilgan.
Tuman hokimligi va IIB rasmiylari bu xabarni inkor qilmadi. Rasmiylarning Ozodlikka aytishicha¸ “belgilangan kunlik paxta normasini topshirmagan¸ dalasida bo‘lmagan fermerlar” IIBga “suhbatga olib kelingan va tanbeh berilgan”.
Ozodlik gaplashgan nishonlik fermerlar paxta terimi qizg‘in pallaga kirgan bir paytda hokim¸ prokuror va IIBning fermerlarga zo‘ravonligi kuchayib ketganidan arz qildi.
Viloyat hokimi tuman hokimini¸ tuman hokimi fermerlarni...
10 oktabr kuni Nishon tuman IIBga olib ketilgan fermerlar orasida Mardon Shayxitdinov ham bor.
Ayni nomdagi fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lgan Shayxitdinovning turmush o‘rtog‘i Bodomgul Norova 11 oktabr kuni Ozodlikka erining Ichki ishlar bo‘limiga olib ketilish tafsilotlarini hikoya qildi.
- 7-8 oktabr kunlari dalamizda terayotgan Kaliy zavodi ishchilari paxta termadi¸ zavodga 1.9 tonna paxta berdik¸ xolos. Viloyatdan kelgan ishchi guruhi nima uchun bu paxta topshirmagan deb do‘q qilganidan keyin ertalab to‘g‘ri daladan Isuzuga bosib¸ paxta zavodga olib ketishgan. Bu yerda viloyat hokimi majlis qilib¸ tuman hokimi va prokurorini rosa haqorat qilgan. Majlis tugashi bilan 30 fermerni nomma-nom chaqirib¸ to‘g‘ri Ichki ishlarga olib ketgan¸ deydi 11 oktabr kuni Ozodlik bilan paxta dalasidan gaplashgan fermer ayol.
Uning aytishicha¸ ertalab dalasidagi hasharchilarga oziq-ovqat olib borgan paytda olib ketilgan eri Mardon Shayxitdinov¸ xotinining Toshkentga qilgan arzidan so‘ng 11 oktabrga o‘tar kechasi soat 1:30 da uyiga kelgan.
- Shungacha och-nahor “u qilaman¸ bu qilaman” deb ushlab o‘tirgan. Bahonasi “ paxta topshirmadi¸ paxtazorga mol bog‘lab¸ hosilni payhon qildi”. Asl maqsadi esa¸ hosildor yeri bor fermerlarning yerini shu bahona bilan tortib olib¸ hokim va prokurorlarga berishdir¸ deydi Bodomgul Norova.
Norova aytgan voqeani 10 oktabr kuni IIBga olib ketilgan nishonlik boshqa fermer ham tasdiqladi.
“IIB boshlig‘i planimni bajaraman¸ deb tilxat yozdirib oldi. Hali qancha terilmagan dalam turpti. Nimaga bunaqa qilishganini tushunmadim. O‘sha joyda fermerlarimizdan bittasi 5-sovxozdagi Saypi akaning mazasi qochib¸ yuragi yomon bo‘lib qoldi¸ Shoshilinchga olib ketishdi”¸ dedi shundoq ham prokuror tuhmatiga nishon bo‘layotgani va yeridan ajrab qolish tahdidi bilan yashayotgani uchun” shaxsi sir qolishini so‘ragan fermerlardan biri.
IIV va hokimlik rasmiy javobi
11 oktabr kuni Ozodlik gaplashgan Nishon tuman hokimi o‘rinbosari 30 ga yaqin fermerning 10 oktabr kuni IIBga olib kelinganini inkor qilmadi.
“Ularni hech kim qamamadi. Ularga faqat yomg‘ir yoqqan kun paxta topshirmagani uchun emas¸ tonnasini bermayotgani¸ ishlamayotgani¸ majlislarga kelmayotgani uchun suhbat o‘tkazilib¸ tanbeh berildi¸ xolos”¸ dedi Nishon tuman hokimligining Ozodlik bog‘langan rasmiysi.
Hokimlikning boshqa bir rasmiysi esa¸ Bodomgul Norova hikoyasini “butunlay yolg‘onga chiqarib”¸ Ozodlikka “xotin kishining gapiga ishonmaslikni” maslahat berdi.
Nishon tuman Ichki ishlar bo‘limi mutasaddisi 10 oktabr kuni fermerlarning bo‘limga olib kelinganini inkor qilmadi¸ ammo ularning aniq soni va sababini boshliqlardan so‘rab olishni tavsiya qildi.
Nishon tuman IIB rahbarlari bilan 11 oktabr kuni bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
Majlis zulmi
Mardon Shayxitdinov fermer xo‘jaligi fermeri Bodomgul Norova Ozodlik bilan suhbatda paxta terim mavsumi ayni qizg‘in pallaga kirgan bir paytda¸ hokim va prokurorlarni fermerlarni ishlashga qo‘ymayotganlikda aybladi:
- Har ikki soatda majlis qiladi. Bezor bo‘lib ketdik bu majlisbozlikdan. Majlisga bormangchi¸ yeringni olaman¸ qo‘lingga kishan solaman¸ deb qo‘rqitadi. Eshitadigan gapimiz “kishan sol qo‘liga” degan gap faqat. Har kun avtobusga tiqib majlisga olib ketadi. Majlisda faqat haqorat¸ planni to‘ldir¸ eringni olaman¸ o‘zingni qamataman¸ uy-joyingni musodara qilamandan boshqa gap yo‘q.