O‘zbekistonda bolalar stomatologiyasi deyarli yo‘q bo‘lib ketayotgani deputatlarda tashvish uyg‘otdi. Energiya, gaz ta’minoti kabi monopol sohalar radikal islohotga muhtoj ekani aytildi. Attraksiondan yiqilib, ko‘zlaridan ayrilgan aktyor adolat istamoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
_____________________________________________________________
Parlament bolalar orasida tish kasalliklari ko‘payib ketganiga e’tibor qaratdi
O‘zbekistonda bolalar stomatologiyasi deyarli yo‘q bo‘lib ketmoqda (“Jamiyat”, 5 oktabr). Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi axborotida bu hol tanqid qilingan. O‘rganishlar jarayonida birgina poytaxt Toshkentdagi maktab va kollej o‘quvchilarining 80 foizida karies kasalligi kuzatilgan. Shuningdek, ilgari maktablarda faoliyat yuritgan pediatrlar bolalarni yilda ikki marta teri-tanosil va gijja bilan bog‘liq kasalliklar bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazar edi. Afsuski, bu amaliyot bugun moliyaviy masalalar sabab to‘xtab qolgan. Parlament axborotida mamlakatda go‘daklar o‘limi intensiv ko‘rsatkichi o‘tgan yilga nisbatan 9,7 promillega kamaygan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich Andijon va Xorazm viloyatlarida o‘zgarmay qolayotgani ham qayd etilgan. Shuningdek, qonun chiqaruvchi idora chekka tumanlar, olis qishloqlarda aholi hamon malakali tibbiy xizmatga mushtoq ekaniga e’tibor qaratgan.
Yuliy Yusupov: Monopol shirkatlarga moliyaviy ko‘mak berish teshik chelakka suv quyish bilan barobar!
O‘zbekistonda ikki yildan beri faol islohotlar ketmoqda, ammo davlat tomonidan monopoliya o‘rnatilgan gaz, elektr energiyasi ta’minoti kabi sohalarda hanuzgacha islohotlar boshlanmagan, hatto rejalashtirilmagan ham. Bir qator matbuot nashrlari xabariga ko‘ra, iqtisodiyot bo‘yicha ekspert Yuliy Yusupov Xalqaro press klubda bo‘lib o‘tgan muhokamalarda bu haqda o‘z fikrlarini bildirgan. Mutaxassisga ko‘ra, monopol shirkatlarga bot-bot qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak berish teshik chelakka suv quyish bilan barobar. Qo‘shimcha moliyaviy yordam vaziyatni yanada chigallashtiradi, qolaversa, aholi daromadlarini kamaytirib, inflyatsiyani kuchaytiradi. Sohalarning aksarida monopolizm sun’iy xarakterga ega bo‘lib, sog‘lom raqobat uchun sharoit yo‘q. Xususan, gaz va elektr energiyasi ta’minoti tizimi ham radikal islohotlarga muhtoj. “Bizga pul beringlar, hammasini to‘g‘rilaymiz!” – bu aholi va davlat gardanida o‘tirgan barcha monopolistlarning sevimli shioridir. Faqat ular hech narsani o‘zgartira olmaydi, chunki prinsipial jihatdan samarasizdirlar”, deydi iqtisodiyot bo‘yicha mutaxassis Yu.Yusupov.
Navoiydagi bog‘ ma’muriyati attraksiondan yiqilib ko‘zidan ayrilgan aktyorning o‘zini aybdor qilmoqda
Yosh aktyor Bahrom Yakubov 2017 yil sentabrda Navoiydagi markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida “Aylanma stul” attraksionida uchish payti fojiaga yo‘liqqan (“Darakchi”, 11 oktabr). O‘rindiq nosozligi sabab u katta tezlikda harakatlanayotgan attraksiondan uchib ketib, temir narvonga borib urilgan. Fojia payti yigitning o‘ng ko‘zi oqib tushgan, chap ko‘zi og‘ir jarohatlangan, miyasi lat yegan, suyaklari singan. B.Yakubovga ko‘ra, u hozirga qadar 4 ta og‘ir operatsiyani boshdan o‘tkazib, buning uchun 200 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflagan. Ammo ahvoli hamon og‘ir; ko‘rmay qolgan ko‘zini davolatish uchun ham katta mablag‘ zarur. B.Yakubovga ko‘ra, bog‘ ma’muriyati attraksiondagi nosozlikni tan olmasdan, barcha aybni uning o‘ziga ag‘darmoqda. Ko‘zlaridan ayrilgan aktyor haqiqat qaror topib, aybdorlar jazolanishiga umid bildirgan.