Линклар

Шошилинч хабар
21 ноябр 2018, Тошкент вақти: 03:31

50 kun o‘tirib chiqqan Navalniy yana qamalishi mumkin (VIDEO)


A.Navalniy 50 kunlik qamoqni o‘tab chiqdi.

50 kunlik ma’muriy qamoq jazosini o‘tab, 14 oktabrda ozodlikka chiqqan rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy yangi jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Rossiyadagi muxolifat yetakchisi, “Korrupsiyaga qarshi jamg‘arma” (FBK) asoschisi va taniqli bloger​ Navalniy o‘z videoblogida xabar qilishicha, u 2016 yilda “sobiq politsiyachiga qilgan tuhmati” yuzasidan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha Ichki ishlar boshqarmasiga chaqirtirilgan.

- Mening ustimdan arizani “Magnitskiy ishi” bo‘yicha guvoh sifatida ishtirok etayotgan IIVning sobiq xodimi Pavel Karpov yozibdi. Bu shaxs Ichki ishlarning hatto eng yaxshi maosh oladigan xodimi sotib ololmaydigan elita mulk, qimmatbaho avtomobillar va katta miqdordagi boshqa buyumlar egasi ekani aniqlangandi, dedi Navalniy.

Pavel Karpov Rossiya Bosh prokurori Yuriy Chayka oilasiga tegishli mulk va boyliklar masalasida FBK olib borgan surishtiruvda tilga olingandi.

Karpov Hermitage Capital Management guruhi bosh direktori Uilyam Brauder tomonidan tarqatilayotgan “Russian untouchables” (“Rus oqsuyaklari”) 4 ta videorolik ustidan sudga arz qilgan. Aynan shu jamg‘armada Rossiyadagi yuqori lavozimli shaxslarning o‘ta katta miqdorda o‘g‘irliklarini fosh qilgani uchun o‘ldirilgan yurist Sergey Magnitskiy yuristlik qilgan.

Bu filmlardan birida “sobiq” xodim Pavel Karpov Rossiya byudjetidan 230 million dollar o‘margani va yuristga bosim o‘tkazgani borasida aytilgan.

Bu jinoiy ish yuzasidan Navalniy kvartirasida 2016 yilda tintuv o‘tkazilgan.

Biroq, advokatlar muxolifatchiga qo‘yilayotgan modda asosida unga qamoq jazosi tayinlanishi mumkin emas, boz ustiga jinoiy javobgarlikka tortish muddati 2 yil ekanligini gapirmoqda.

“Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasida”gillar bu amallarni muxolifat yetakchisiga bo‘lgan navbatdagi bosim va qo‘rqitish o‘laroq baholamoqda.

Aleksey Navalniy 50 kunlik ma’muriy hibs jazosini tamomlab, 14 oktabr kuni ozodlikka chiqdi.

Navalniy 22 sentabr kuni 30 kunlik ma’muriy jazoni o‘tab chiqqan zahoti 20 kunlik ma’muriy qamoqqa olingan edi.

Vladimir Putin hukumati Navalniyni 2018 yilning yanvarida “hukumat tomonidan ruxsat berilmagan saylovchilar zabastovkasiga” qilgan chaqiriqlari uchun qamoqqa olgan edi.

Keyingi 20 kunlik jazo unga pensiya yoshi oshirilishiga qarshi norozilik aksiyasiga ketayotgani uchun tayinlangan.

Bundan oldinroq, uzoq yillar davomida Vladimir Putinning tan soqchilari bo‘linmasi boshlig‘i, hozirda Milliy Gvardiya qo‘shinlari bosh qo‘mondoni Viktor Zolotov Aleksey Navalniyni “yakkama-yakka olishuvga” chaqirib, unga "abjag‘ini chiqarish" bilan tahdid qilgani xabar qilingan edi.

Zolotovning Navalniy boshqarayotgan Korrupsiyaga qarshi jamg‘arma (FBK) chop etgan surishtiruvga javobi shunday bo‘ldi.

FBK matbuot xizmatiga ko‘ra, Aleksey Navalniy bugunga kelib 9 marotaba tayinlangan turli ma’muriy jazolar bilan jami 172 kun qamoqda o‘tirib chiqqan.

XS
SM
MD
LG