Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:32

"Machete" janjali: IIV xodimlari ustidan xizmat tekshiruvi boshlandi (FOTO)


IIV xodimlari jarohatlagani da’vo qilingan 31 yashar Behzod Nuritdinov, 15 avgust, 2018 yil
IIV xodimlari jarohatlagani da’vo qilingan 31 yashar Behzod Nuritdinov, 15 avgust, 2018 yil

Toshkent shahar prokuraturasi jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib qo‘lga olingan shaxslarni qiynoqqa solgani da’vo qilingan IIV xodimlari ustidan xizmat tekshiruvi boshladi.

Shu yilning 11 avgustida "Spark" va "Jiguli" avtomobili haydovchilari orasidagi mojaro videosi Telegram tarmog‘ida tarqalgan edi.

Bu mojaro ortidan qo‘lga olingan shaxslardan ikki nafarining yaqinlari hibs va tergov chog‘idagi qiynoq qo‘llanganini da’vo qilmoqda.

Prokuratura o‘z nazoratiga oldi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 18 oktabr kuni Ozodlikka bergan ma’lumotga ko‘ra, shu yilning avgustida Toshkentda sodir bo‘lgan hodisa ortidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

"Shuningdek, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan Sh.Jo‘raevning onasi D.Jo‘raeva va B.Nuritdinovning akasi D.Nuritdinovlarning "Ozodlik" ijtimoiy tarmog‘i va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xalq qabulxonasiga qilgan murojaatlari ko‘rib chiqilayotgan bo‘lib, ularning murojaatlari yuzasidan Ichki ishlar xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayyorlangan, natijalarga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi", deyiladi Bosh prokuratura Ozodlikka taqdim qilgan javobda.

Bu ma’lumotni taqdim qilgan prokuratura rasmiysi endilikda ishni Bosh prokuratura o‘z nazoratiga olgani, qonuniylik ta’minlanishini alohida ta’kidladi.

Bosh prokuratura taqdim qilgan javob xati, 18 oktabr, 2018 yil
Bosh prokuratura taqdim qilgan javob xati, 18 oktabr, 2018 yil

Telegram tarmog‘ida tarqalgan video

Shu yilning avgustida Telegram tarmog‘ida bir necha yigit machete pichoq bilan bir yigitni kaltaklagani hamda mashinaga zo‘rlik bilan o‘tqazib, noma’lum manzilga olib ketgani aks etgan video tarqalgandi.

Machete - qishloq xo‘jaligida ishlatiladigan maxsus pichoq. Shunday pichoq bilan hujum qilganlar yaqinlarining iddao qilishicha, pichoq temirdan emas, balki plastikdan bo‘lgan o‘yinchoq edi.

13 avgust kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi videoda aks etgan hodisa shu yilning 11 avgustida shaharda sodir bo‘lgani va hodisa yuzasidan 277-moddaga asosan “bezorilik” aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi.

Tez orada hodisada – jabrlanuvchi ko‘rilgan 3, ayblanuvchi ko‘rilgan 2 kishi, shu jumladan, Shohrux Jo‘raev va Behzod Nuritdinovlar qo‘lga olindi.

Bu ikki shaxs og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinib, Toshkent shahar IIBB tezkor guruhi tomonidan qo‘lga olingani alohida xabar qilindi.

Hibsda qiynoq qo‘llanganiga oid iddao

2 oktabr kuni tergov doirasida hibsga olingan ikki gumonlanuvchining yaqinlari Ozodlikka murojaat qilgandi.

Hozirda Zangiota tumanidagi tergov izolyatorida saqlanayotgan 27 yashar Shohrux Jo‘raevning onasi Dilorom Jo‘raeva hamda 31 yashar Behzod Nuritdinovning akasi Davron Nuritdinovlar IIV xodimlari tomonidan yaqinlari kaltaklanganini da’vo qilgan.

Davron Nuritdinov boshi yorilib, qonga belangan holda kishanlangan ukasi Behzod Nuritdinov suratini ham taqdim qilgan.

- Ukamning o‘zidan so‘radim “kim seni bu ahvolga soldi”, deb. “Militsiya xodimi yerda yotgan g‘ishtni olib boshimga urdi”, dedi. O‘shanda doktorlardan “ahvoli og‘irku kasalxonaga olib bormaysizlarmi”, desam, “Olib borish kerak, lekin ichki ishlar xodimlari olib ketishga ruxsat bermayapti” deyishdi, - deydi Davron Nuritdinov.

IIV xodimlari tomonidan urilgani da’vo qilingan 31 yashar Behzod Nuritdinov (surat oila-a’zolari tomonidan taqdim qilingan), 15 avgust, 2018 yil
IIV xodimlari tomonidan urilgani da’vo qilingan 31 yashar Behzod Nuritdinov (surat oila-a’zolari tomonidan taqdim qilingan), 15 avgust, 2018 yil

IIBB raddiyasi

Ammo, 5 oktabr kuni Toshkent shahar IIBB Behzod Nuritdinov boshidagi jarohatlarni o‘zi sodir etgan transport halokati hodisasida olganini aytib, unga nisbatan qiynoq qo‘llanganiga oid iddaolarni rad etdi. Shuningdek boshqarma, bu rasmiy bayonotda, Shohrux Jo‘raevga qo‘lga olish va hibs chog‘ida qiynoq qo‘llanganiga oid da’volarni ham inkor qildi.

Boshqarmaning ma’lum qilishicha, avvaliga bezorilikda gumon qilinib, qidiruvga berilgan bu shaxslar hozirda 164-moddasining 3-qismi bilan "bosqinchilik"da ayblanmoqda.

Ammo, 17 oktabr kuni Ozodlik bilan gaplashgan Dilorom Jo‘raeva o‘g‘lining qiynoqqa solinganiga oid da’volarini yana takrorladi va ayni paytda IIV o‘g‘lini tibbiy ekspertizadan o‘tkazish so‘rovini rad etayotganidan shikoyat qildi.

Prezident tanqidi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xodimlarining inson haq-huquqlarini poymol etishi haqidagi shikoyatlar¸ mamlakat prezidenti virtual qabulxonasiga tushayotgan shikoyatlarning kattagina qismini tashkil etadi.

O‘tgan yil noyabr oyida o‘tkazilgan hukumat majlisida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev ham Ichki ishlar organlarini qattiq tanqid qilgan edi.

"Ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo‘lsin. Lekin ayrim joylarda ularning faoliyati odamlar e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa mol-mulkka jinoiy tajovuz kabi salbiy holatlarga to‘liq chek qo‘yilmagan. Qasddan tan jarohati yetkazish, firibgarlik, yo‘l-transport hodisalari kamaymagan. Ichki ishlar xodimlarining o‘zlari qonunni buzib tursa, oddiy xalq qaerga borsin?" degan edi Mirziyoev o‘tgan yil 11 noyabr kungi hukumat majlisida.

Prezident portali ish boshlaganidan ko‘p o‘tmay e’lon qilingan rasmiy statistikaga ko‘ra, 2016 yil sentabri oxiridan 1 dekabrga qadar kelgan 217 ming shikoyatning 12 foizi aynan Ichki ishlar vazirligi faoliyati bilan bog‘liq.

(Hozirda pm.gov.uz saytida xalqdan tushayotgan arizalar mohiyatiga oid statistika e’lon qilish to‘xtatilgan va shu bois, 2018 yilgi rasmiy raqamlar haqida ma’lumot yo‘q.)

XS
SM
MD
LG