Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:14

G‘afur Rahimov Gulnora Karimova fitnasi qurboni bo‘lganini bildirdi


AQShdagi ABC telekanali o‘tkazgan surishtiruvda G‘afur Rahimovning Rossiyaning Sochida olimpiada o‘tkazish urinishi muvaffaqiyatini ta’minlagan "krimonal boss" ekani aytilgan edi.
AQShdagi ABC telekanali o‘tkazgan surishtiruvda G‘afur Rahimovning Rossiyaning Sochida olimpiada o‘tkazish urinishi muvaffaqiyatini ta’minlagan "krimonal boss" ekani aytilgan edi.

AQShning Atlanta shahrida joylashgan Around the Rings internet nashriga intervyu bergan o‘zbek jinoyat dunyosining avtoritetlaridan ekani iddao qilinadigan G‘afur Rahimov¸ o‘zini Gulnora Karimova qurbonlaridan biri sifatida taqdim etdi.

2-3 noyabr kunlari Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) Moskvada o‘z yangi prezidentini saylashi kerak.

G‘afur Rahimov prezidentlikka nomzodi qo‘yilgan yagona shaxs bo‘lib turgan bir paytda¸ Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) G‘afur Rahimov Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti etib tayinlanadigan bo‘lsa, Olimpiada o‘yinlari dasturidan boks chiqarib yuborilishi mumkinligi to‘g‘risida bayonot berdi.

Bunday bayonotga¸ Rahimovning 2012 yili AQSh Moliya vazirligi tomonidan “o‘zbek uyushgan jinoyat olami yetakchilaridan biri” deb baholanib¸ uyushgan xalqaro guruh yetakchilariga qarshi joriy qilgan sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgani va hamon shu ro‘yxatda qolayotgani asos bo‘lgan.

Ana shu vaziyatda Olimpiya qo‘mitasi yangiliklarini yoritishga ixtisoslashgan Around the Rings internet nashriga intervyu bergan Rahimov¸ yangi hukumat o‘zining fitna qurboni bo‘lganini yaxshi bilganidan¸ uning nomini oqlashda bevosita qatnashayotganini bildirdi.

Rahimov “haqiqati”

Around the Rings internet nashriga bergan intervyusida “AIBAga a’zo federatsiyalar kelasi oygi kongressda muhim tanlov qilishlari kerak va shu bois ular haqiqatni bilishlari shartdir”¸ degan G‘afur Rahimov¸ qanday qilib AQSh Moliya vazirligi tomonidan “transmilliy jinoiy guruhlar vakili” deb tasniflanishiga oid o‘z hikoyasini aytadi.

“Menga qarshi kampaniya tepasida oldingi prezidentning qizi Gulnora Karimova va uning sheriklari turdi. Ular O‘zbekistondagi biznesimdan ulush talab qildi va boshqa biznesmenlar kabi menga ham tahdid qildi. Men yo‘q dedim. Ammo bosim davom etdi va men 2010 yili oilam va o‘zimning xavfsizligim uchun mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldim”¸ deydi AQSh nashriga bergan intervyusida G‘afur Rahimov.

G‘afur Rahimov iddaosicha¸ shundan so‘ng o‘sha paytda qudratli bo‘lgan Karimova va uning guruhi o‘ziga qarshi “noto‘g‘ri axborot tarqatish”ga kirishgan va AQSh Moliya vazirligiga “qolgan biznesini yo‘q qilish maqsadida soxta ayblovlarni taqdim etgan”.

Yangi hukumat – Ochilboy Ramatov - G‘afurov himoyasida

Gulnora Karimovaning otasi Islom Karimov o‘limidan so‘ng o‘z nomini “soxta ayblovlar”dan tozalash harakatini boshlaganini aytgan Rahimov¸ “jarayon murakkab ekaniga qaramay¸ o‘z advokatlari bu sohada katta progressga erishgani va o‘ziga nisbatan yo‘l qo‘yilgan xatolik kelasi 3-6 oy ichida tuzatilishiga ishonch bildiradi”.

Around the Ringsning yozishicha¸ Rahimov AQSh nashriga 2018 yilning 18 sentabr kuni O‘zbekiston Bosh vazirining 1-o‘rinbosari Ochilboy Ramatov tomonidan Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) ijroiya qo‘mitasi va axloq komissiyasiga yuborgan rasmiy xat nusxasini taqdim etgan.

Bu maktubda Ramatov “O‘zbekiston hukumati Rahimovning Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidentligiga nomzodini to‘liq va hech bir shartlarsiz quvvatlashi” ta’kidlangan.

“Yetakchi Xalqaro Olimpiya federatsiyalaridan biri bo‘lgan Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA)ga O‘zbekiston vatandoshi rahbarlik qilsa¸ bu mamlakatimiz uchun buyuk sharaf bo‘lgan bo‘lardi”¸ deyiladi nomzodlar uchun belgilangan muhlat tugashiga besh kun qolganida yuborilgan Ramatov maktubida jumladan.

O‘zbekiston yangi hukumati nomidan yozilgan bu rasmiy xatda G‘afur Rahimovning jinoiy faoliyatga aloqadorligi ham inkor etiladi.

Biz imkondan foydalanib¸ janob G‘afur Rahimovning o‘tmishdagi jinoiy faoliyati haqida ayrim xalqaro matbuotda yozilganlarning asossiz dalillarga qurilgani va ularda real asos yo‘qligi va haqiqatdan yiroqligini tasdiqlaymiz”¸ deyiladi Bosh vazirning 1-o‘rinbosari Ramatov qo‘l qo‘ygan rasmiy maktubda jumladan.

Around the Rings nashriga bu maktub nusxasini bergan G‘afur Rahimov AQSh internet nashri bilan intervyuda¸ “O‘zbekiston yangi hukumati o‘ziga qo‘yilgan soxta ayblovlar ortida kim turgani va ularning qanday qilib AQSh hukumatiga yetkazilganini yaxshi” bilishini ta’kidlaydi.

“Mening nomimni turli nojo‘ya ishlarga bog‘lagan xalqaro matbuot faktlarni bugungi O‘zbekiston hukumati bilan tekshirib olsin”¸ deya tavsiya beradi jurnalistlarga Rahimov suhbat davomida.

Rahimov Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) prezidenti etib saylangan taqdirda o‘z o‘tmishiga oid barcha tafsilotlarni Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga taqdim etishni va’da qiladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG