Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2018, Тошкент вақти: 01:05

Farg‘onada futbolchi-militsionerni hamkasbi pichoqlab o‘ldirdi


Abror Nazarov mahalla yig‘ilishida so‘zlayapti.

Qo‘qon shahri temir yo‘l vokzalidagi ichki ishlar bo‘limchasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan 40 yoshli militsiya kapitani Abror Nazarov hamkasbi tarafidan pichoqlab o‘ldirildi.

Voqea 19 oktabr kuni Uchko‘prik tumanida sodir bo‘ldi. Guvohlar va tuman huquq-tartibot idoralaridan biri mulozimining Ozodlikka aytishicha, shu kuni kechqurun Abror Nazarov Uchko‘prik tumanidagi oshxonada hamkasblari bilan ulfatchilik qilib o‘tirgan paytda chiqqan janjal pichoqlashuvga aylanib ketgan.

Farg‘ona viloyat huquq-tartibot idoralarida ishlovchi mulozimning Ozodlikka aytishicha, hozirda militsiya zobitining o‘ldirilishi yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qotillikda gumonlanib ikki nafar shaxs ushlangan, ularga biriga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Bu ma’lumotni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mulozimi ham tasdiqladi.

Prokuratura mulozimi bildiruvida aytilishicha, 20 oktabr kuni Uchko‘prik tuman prokuraturasi tomonidan D.Q.ga nisbatan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan:

"2018 yil 19 oktabr kuni D.Q. hamkasbi A.N. bilan o‘zaro janjallashib, yonida bo‘lgan pichoq bilan A.N.ni qorin sohasiga bir marotaba urib qasddan o‘ldirgan. Jinoyat ishi bo‘yicha D.Q.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 1-qismi bilan ayblov e’lon qilinib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda ish bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Fargona viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan olib borilmoqda".

Farg‘ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mulozimi Ozodlikka qotillik bo‘yicha ma’lumot bera olmasligini aytdi.

- Jinoyat-protsessual qonunchiligiga binoan, tergov harakatlari olib borilyapti, lekin qotillik bo‘yicha ma’lumot berolmaymiz, - dedi Farg‘ona IIBsi mulozimi.

Militsiya zobitining voqeadan xabardor yaqin qo‘shnisi Ozodlik bilan suhbatda Abror Nazarov Uchko‘priqdagi "Yoyilma" oshxonasida ikki nafar hamkasbi bilan janjallashib qolganini aytib berdi.

- Hamma hamkasblar Uchko‘prikda choyxonada o‘tirishgan, janjal chiqqan, gap talashib urishib ketishgan. Abror akaning bir o‘zi uchtasi bilan solishgan, ular Abror akani eplolmagan, orqadan kimdir pichoq sanchibdi. Uchta bolasi yetim qoldi, 20 oktabr kuni tuproqqa qo‘ydik.

Abadon laqabli futbolchi-militsioner

Abror Nazarov farg‘onalik futbol ishqibozlariga Abadon laqabli hujumchi sifatida tanish.

Nazarov militsiyaga ishga o‘tishdan oldin 1995-2000 yillarda Qo‘qonning “Temiryo‘lchi”futbol klubida to‘p surgan.

- Qo‘qonda o‘sha yillarda nomer birinchi futbolchi edi. Futbol ishqibozlari uni siylab Abadon degan laqab ham qo‘yishgandi. Vokzalga ishga o‘tganidan so‘ng doim yordam so‘rab borsak, ayamas edi, qo‘lidan kelganicha yordam berar edi, rahmatli, - dedi pichoqlab o‘ldirilgan militsiya zobidining sinfdoshi.

O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘rtasida pichoqlashuv holatlari kam bo‘lsada uchrab turadi.

Shu yilning avgust oyida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Post-patrul xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Akramov o‘z xodimi tarafidan chavaqlangan edi.

Shu yilning may oyida Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanining Majburiy ijro byurosi boshlig‘i Bahrom Jo‘raevni ishdan bo‘shatilgan xodimi pichoqlagani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG