Линклар

Шошилинч хабар
16 май 2024, Тошкент вақти: 02:09

Toshkentda yangi qirilgan turar-joy kompleksi Bosh vazirning og‘zaki buyrug‘i bilan buzib tashlangani aytilmoqda


Toshkentlik 28 yashar tadbirkor puliga “Unique arh project” shirkati tarafidan joriy yili Ulug‘bek tumanida tiklangan 3 qavatli turar-joy binosi¸ barcha hujjatlari mavjud bo‘lishiga qaramasdan¸ Bosh vazirning og‘zaki buyrug‘i bilan 4 noyabr kuni buzib tashlangani aytilmoqda. Uyni moliyalagan Muhammadbobur Xo‘jaevning 6 noyabr kuni Ozodlikka aytishicha¸ sud qarorisiz chiqarilgan bunday noqonuniy harakat oqibatida tadbirkor bir kunning o‘zida 620 ming AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rgan.

Toshkent shahar hokimligining Ozodlik gaplashgan mulozimi¸ Muhammadbobur Xo‘jaev tomonidan Chilonzor tumanining Dilxush ko‘chasida qurilgan 37-uyda yashayotgan Nigina Inog‘omovaning 3 qizi va 1 o‘g‘li 31 oktabr kuni is gazidan zaharlanib o‘lishidan darg‘azab bo‘lgan Bosh vazir shunday buyruq berganini bildirdi.

"Shu bois Abdulla Nig‘matovich (Bosh vazir) Jahongir Obidovichga (shahar hokimi) topshiriq berdi. Bu investor qurgan boshqa uylarni ham tekshiringlar¸ deb. Shu topshiriq asosida Ulug‘bek tumani Rishton tor ko‘chasidagi 106-uy shanba kechqurun buzildi. Bularning hammasi og‘zaki buyruq asosida bo‘ldi"¸ dedi ismi aytilmasligini istagan hokimlik mulozimi.

Bu mulozim¸ tadbirkor tomonidan qurilgan Ulug‘bek tumanidagi uyni buzish uchun sud qarori bo‘lmaganini e’tirof qildi.

Ozodlik Bosh vazir idorasidan bu voqea yuzasidan izoh olishga hozircha muvaffaq bo‘la olmadi.

Tadbirkor hasrati

Ozodlik suhbatlashgan Muhammadbobur Xo‘jaev bu "bedodlik"dan keyin bir kechada sochi oqarib ketganligini aytadi:

- Uy qurilishi uchun izn berilgan barcha o‘nlab hujjat bor. Ammo uyni hech bir hujjatsiz¸ sud qarorisiz¸ Bosh vazirning bir og‘iz emotsional gapi bilan buzishdi. Bundan tashqari¸ mening moliyam asosida uy qurgan pudratchililarga bir hafta ichida boshqa bir nechta uyni ham buzib¸ uy egalariga kompensatsiya to‘lashni buyurishdi¸ deydi suhbatdosh.

Tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jaev
Tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jaev

​Tadbirkor uy va yer uchastkasining qonunchilikka muvofiq o‘ziga tegishli ekanini tasdiqlovchi hujjatlar to‘plamini Ozodlikka taqdim qildi.

Uy hujjatlari
Uy hujjatlari

Suhbatdoshg¸ o‘zi qurdirgan uylardan birida yashovchilarning is gazidan o‘lgani bois rahbarlar g‘azabiga uchraganini aytadi:

- Quruvchilarning aybi yo‘q bolalar o‘limida. Mana akt. Joriy yilning 11 iyulida uy o‘z egasiga topshirilgan. Uyni sotib olgan odam keyinchalik isitish quvurlarini almashtirgan¸ deydi tadbirkor.

Rishton ko‘chasidagi uyning buzilishidan oldingi ko‘rinishi
Rishton ko‘chasidagi uyning buzilishidan oldingi ko‘rinishi

Ozodlik tasarrufida mavjud bo‘lgan hujjat - uyni qabul qilib olish aktida xaridor Nigina Inog‘omova binoning texnik parametrlariga e’tiroz bildirmagan.

3 noyabr kuni Toshkent shahar hokimiyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda ayni hodisa gaz uskunalarini o‘rnatish va ulardan foydalanish tartibiga rioya qilinmagani bois kelib chiqqani ta’kidlangan edi. Ma’lum qilinishicha , is gazi oila yaqinda ko‘chib o‘tgan ko‘p qavatli uyning yerto‘lasiga o‘rnatilgan qurilmadan chiqqan.

Ozodlik suhbatlashgan “Unique arh project” shirkati muhandisiga ko‘ra¸ is gazidan bolalari o‘lgan xonadon egasi keyinchalik usta yollab isitish sistemasini o‘zgartirgan.

- Kotelni quruvchilar qo‘ygan, ammo xozyain, Raygazdan so‘ramasdan quvurlarni va mo‘rini o‘zgartirgan. Vityajkani (mo‘rini) bekitib tashlagan. Bu holatni prokuratura tekshirib¸ 1 noyabr kuni akt qilgan¸ deydi suhbatdosh.

Musoning o‘chini Isodan olish?

Toshkentlik tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jaev Ozodlik bilan suhbatda “Chilonozor tumanidagi uyda odam o‘lgani uchun Ulug‘bek tumanidagi uyni qaysi qonunga ko‘ra buzdirishganiga rasmiy javob talab qilishini aytadi:

- Agar aybim bo‘lsa¸ buni tergov va sud isbot qilishi kerakku! Nega hokim va Bosh vazir o‘z emotsiyalariga asoslanib¸ shuncha pul sarflab qurgan imoratni buzdirishdi? Bu qonunsizlikni janob Bosh vazir nima bilan asoslaydi? deydi tadbirkor.

Suhbatdosh bu uyni tiklash jarayonida tinimsiz o‘lpon to‘latilgani¸ chunonchi “ixtiyoriy-majburiy” tarzda beshta militsiya xodimiga tekin uy berishga majbur bo‘lganini ham ochiqlaydi:

- Mulozimlar qonun - bu menman¸ deb meni tinimsiz talashdi. Aslida konstitutsiyaga ko‘ra¸ barcha mulozimlar qonun asosida ishlashi kerakku! Qani qonun ustuvorligi? Qonun mulozimlar uchun yozilmaganmi? Nega ular bezbetlarcha kelib, men qancha mablag‘ sarflab qurgan uyni yer bilan yakson qilishdi? - deydi bir kechada 620 ming dollarlik imorati buzilgan tadbirkor.

O‘zbekiston poytaxti Toshkentda keyingi bir yil ichida yuzlab imorat¸ chunonchi sovet me’morchiligi namunasi bo‘lgan “Kinochilar uyi” Tashkent City loyihasi qurilishiga joy ochish maqsadida buzib tashlandi.

Ozodlik suhbatlashgan aholi vakillari ko‘p hollarda hokimiyat o‘zboshimchaligidan shikoyat qilishdi.

Xususan¸ Toshkent shahar Mirobod tumanidagi “Baynalminal” mahallasida yashovchilar City quramiz deya mulk egalarini ogohlantirmasdan uy-joylarni buzilayotganiga norozilik bildirmoqda.

O‘zbekiston konstitutsiyasining 53-moddasida hususiy mulk muhofaza etilishini kafolatlaydi.
"Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir." deyiladi jumladan ayni moddada.

XS
SM
MD
LG