Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:08

Beshariqlik ikki tadbirkor 13 yashar qizning nomusiga tegishda ayblanmoqda


Illyustratsiya
Illyustratsiya

Farg‘ona viloyati Beshariq tuman sudi ayni tumanda joylashgan avtombil yuvish shoxobchasida voyaga yetmagan qizni zo‘rlash holati yuzasidan jinoyat ishini ko‘rib chiqmoqda. Ikki mahalliy tadbirkor 13 yashar qizning nomusiga tegishda ayblanmoqda. Nusxasi Ozodlikka yuborilgan ayblov xulosasida shuningdek qayd etilishicha, “tumandagi avtomobil yuvish shoxobchasi qizlar bilan guruh bo‘lib seks qiladigan" fohishaxonaga aylantirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tuman sudi kotibining Ozodlikka bildirishicha¸ joriy haftada boshlangan mahkama Beshariq tumani Sirdaryo ko‘chasidagi “Agroinvest” MChJga qarashli avtomoyka binosida 13 yashar qizning joriy yil 16 mayida ikki erkak tarafidan zo‘rlangani borasidagi guvohlik ko‘rsatmalari va ekspertiza xulosasini eshitgan.

Sud kotibiga ko‘ra¸ ehtiyot chorasi sifatida qamoqda qolayotgan ikki beshariqlik erkak O‘zbekiston jinoyat kodeksining 128-moddasi¸ ya’ni 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilishda ayblanmoqda.

Jabrlanuvchining himoyachisi Ozodlikka taqdim qilgan tibbiy ma’lumotnomada "Beshariq tumani Sirdaryo ko‘chasida zo‘rlangani iddao qilingan 2005 yilning 12 fevralida tug‘ilgan I.D.ning qizlik pardasi to‘mtoq jism yoki taranglashgan jinsiy olat bosimi natijasida butunlay buzilgani" aytiladi.

Joriy yilning 21 mayida tuzilgan sud-tibbiy ekspertizasining 44 sonli xulosasida ta’kidlanishicha¸ “ich kiyimlar va to‘shakdagi qon va sperma dog‘lari tahlili¸ jabrlanuvchining guruh bo‘lib zo‘rlanganiga dalolat bo‘la oladi”.

(Ozodlikda jabrlanuvchi va ayblanuvchilarining to‘liq ism shariflari mavjud ammo aybsizlik prezumtsiyasi yuzasidan bu ismlar oshkor qilinmaydi.)

Avtomoykadagi zo‘rlash tafsiloti

Ozodlik sud-tergov hujjatlari va guvohlar bilan suhbat asnosida Beshariq Avtomoykasida joriy yil may oyida yuz bergan balog‘atga etmagan qizni zo‘rlash jinoyati tafsilotini o‘rgandi.

Beshariq tuman prokuraturasi tarafidan sudga taqdim qilingan ayblov hulosasida yozilishicha¸ 13 yashar D.I joriy yilning 10 may oqshomida zo‘rlangan.

Beshariq tuman prokuraturasi tuzgan ayblov xulosasi
Beshariq tuman prokuraturasi tuzgan ayblov xulosasi

Bu ish tergoviga aloqador huquq-tartibot organi xodimining Ozodlikka aytishicha¸ jabrlanuvchi qiz "Beshariq tumani Namuna shirkati hududida kechqurungi soat to‘qqizlarda sayr qilib yurganida ayni tumanda yashaydigan X.N ismli yigit tarafidan aldab “Agroinvest” MChJga qarashli eski binosiga olib kelingan":

- Avtomoyka sifatida ishlatib kelingan qarovsiz binoga olib kelingan 13 yashar qizni X.N ismli yigit kuch ishlatib, zo‘rlab qizligidan judo qilgan. U bu ishni qilayotganda xonani ichidan qulflab olgan¸ - deydi ismi sir qolishini istagan huquq tartibot organi hodimi.

Ziddiyatli iddao

Huquq-tartibot organi xodimining qo‘shimcha qilishicha¸ X.N balog‘atga yetmagan qizni zo‘rlab bo‘lgach, D.J ismli yigitni chaqirgan:

- Bu yigit kelib, bino pardasini yulib olib yerga to‘shak qilib yozib, qizni zo‘rlagan. Qiz tergovda o‘zi aytib berdi. "Qo‘limni qayirib kuch ishlatib zo‘rladi," dedi. Qiz qisqa vaqt ichida ikki erkak tarafidan zo‘rlangani jinoyatni og‘irlashtiruvchi omil sifatida malakalandi¸ - deydi suhbatdosh.

Ammo jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tuman sudi kotibining Ozodlikka bildirishicha¸ dastlabki sud majlislarida ilgari surilgan “qiz kaltaklab zo‘rlangan” degan iddao o‘z tasdig‘ini topmagan.

- O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspetizasi ham qizning badanida kaltaklash oqibatida yuzaga kelgan jarohatlarni topmadi. Qiz o‘z roziligi bilan bu yigitlar bilan qo‘shilgan degan xulosa shakllanyapti mahkama jarayonida. Bundan tashqari ayblanuvchilarninmg qizga 5000 so‘m pul bergani ham sud tergovida aniqlandi. Qizning ruhiy aholini tekshirgan psixiatorlar uning ruxiy sog‘lomligi va o‘z xatti-harakatini nazorat qila olishi haqida xulosa berdi¸ - deya bildirdi sud kotibi.

Uning yana aytishicha¸ bu holat ayblanuvchilarga yengillik bergani bilan ular zimmasidan jinoyat kodeksining 128-moddasida ko‘zda tutilgan o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish jinoyatini soqit qilmaydi:

- O‘zi rozi bo‘ldi, degan bilan ayblanuvchilar qutula olmaydi. Qizni zo‘rlash paytida tagiga to‘shalggan parda tekshirilganida qizga oid qon dog‘lari aniqlandi. Shuning o‘ziyoq qiz zo‘rlandi, deb malakalash uchun yetarli, - deydi sud xodimi.

Jabrlanuvchining himoyachisiga ko‘ra¸ "qizning o‘zi rozi bo‘ldi degan gap mantiqan to‘g‘ri emas".

- Yosh qiz¸ bor yo‘g‘i 13 yoshda. Psixiatr xulosasida uning bo‘layotgan ish mazmun mohiyatiga e’tibor bermay kuchli psixologik fantaziya va ta’sirlanish oqibatida jinsiy aloqa qilgani yozilgan. Buni har kim har xil talqin qilishi mumkin. Oddiy qilib aytsak, bu tajribali erkaklar qizni aldab¸ avrashgan. Bu ikki yigitning ruhan sog‘lom ekani haqida ham tibbiy xulosa bor. Demak, ikki aqli joyida erkak bir balog‘atga yetmagan qizni aldab, zo‘rlab, nomusiga tekkan¸ - deydi himoyachi.

Balog‘atga yetmagan qizni zo‘rlashda ayblanganlar ustidan sudning navbatdagi majlisi keyingi haftaga rejalangan. Ayblanuvchilar hibsda saqlanmoqda. Balog‘atga yetmagan qiz bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rilayotgani bois sud yopiq rejimda o‘tmoqda.

Qo‘rqinchli Beshariq?

Farg‘ona viloyati Beshariq tumani jinoyat ishlar bo‘yicha sudi bundan oldin “balog‘atga yetmagan qizni jinsiy yaqinlikka majburlagan ona” ishi yuzasidan hukm chiqargan edi.

Ozodlik o‘rgangan bu sud jarayonida 14 yoshli qizini turli erkaklar bilan jinsiy yaqinlikka majburlaganonanaing har gal 30 ming so‘mdan daromad olgani aytilgaan edi.

Bundan tashqari Beshariq mahkamasi “ikkinchi xotinini armatura bilan urib jaroxatlagan” er jinoyatini ham ko‘rib chiqmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan Beshariq tuman hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tumandagi tarbiyaviy ishlar saviyasi yaxshilashga muhtoj ekanligini e’tirof qilgan edi.

XS
SM
MD
LG