Линклар

Шошилинч хабар
27 январ 2021, Тошкент вақти: 01:05

Hokim bir fermerni urib, o‘ttiz fermerni 3 soatga qamatgani iddao qilindi


Sayxunobod tumani hokimi maktab direktorini ham kaltaklagan edi

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani hokimi Yo‘lchivoy Boyyigitov 6 noyabrdan 7 noyabrga o‘tar kechasi soat 12da boshlangan majlisda paxta topshirmagan fermer Qurbonali Jo‘raevni bo‘g‘ib urgan va uning ustidan jinoyat ishi ochish haqida tuman prokuroriga ko‘rsatma bergan.

Bunday iddao ayni majlisda qatnashgan ba’zi fermerlar tomonidan iddao qilindi.

Fermerlarning Ozodlikka aytishlaricha, bu voqeaga tuman prokurori va ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari tomoshabin bo‘lib qarab turgan.

Ularga ko‘ra, 6 noyabr kuni paxta topshirolmagan o‘ttizdan ortiq fermer ichki ishlar bo‘limida soat 03.30gacha ushlab turilgan va so‘ngra qo‘yib yuborilgan.

Ammo, tuman hokimining yordamchisi Yo‘lchivoy Boyyigitovning fermerni urgani haqidagi iddaoni rad qildi.

Yozyovon tumani hokimi Yo‘lchivoy Boyyigitovning majlisda Qatortol hududida fermerlik qilayotgan 60 yashar Qurbonali Jo‘raevni urganini ayni majlisda tumanning turli hududlarida yashovchi uch nafar fermer Ozodlikka ma’lum qildi.

Ma’lumot bergani uchun jazolanishidan cho‘chib¸ ismi ochiqlanmasligini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, hokim va fermer o‘rtasida boshlangan janjalga fermerning o‘sha kuni paxta topshirmagani sabab bo‘lgan:

“Fermer Qurbonali aka bilan hokim tortishib ketdi. Hokim arizangni yoz va yerni topshir, faqat ko‘p narsa yozma, faqat yerimni oling deb yoz, dedi. Fermer esa, paxta planini to‘ldiraman, to‘ldirmasam, yerimni olishlariga roziman, deb yozgan ekan, shuning orqasidan janjal chiqdi. Arizani o‘qigan hokim, nega sen paxta planini bu yerga qo‘shasan, deb asabiylashib, tepadan yugurib tushib keldida, fermerning bo‘yniga chang solib bo‘g‘a boshladi. Keyin yoqasidan ushlab, haqorat qilib siltab-siltab tashladi. Prokuror ham, militsiya boshlig‘i o‘rinbosari ham tomoshabin bo‘lib qarab turdi”, deydi voqeaga guvoh bo‘lgan fermerlardan biri.

Xavfsizligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan, yig‘ilishda ishtirok etgan boshqa fermerning aytishicha, Qurbonali Jo‘raevni militsiya xodimlari olib chiqib ketganidan so‘ng, hokim uning orqasidan yana haqorat qilgan:

“Qurbonali akani olib chiqib ketishganidan so‘ng, hokim uni yana ancha haqorat qildi. Bugun bilishimcha, uni ertalabgacha militsiya bo‘limida ushlab turishgan va keyin javob berishgan”, deydi fermer.

Ozodlik fermer Qurbonali Jo‘raev bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Shunday voqea bo‘lmaganini inkor qilmagan fermer, voqea tafsilotlarini aytishdan bosh tortdi:

"Mendan xafa bo‘lmay turasiz, men bir fikrga kelib olay, keyin gaplashamiz", dedi Qurbonali Jo‘raev.

Ismi sir qolishini so‘ragan, tumanning Qatortol hududida ishlaydigan fermerning aytishicha, hokim 6 noyabr kuni paxta topshirolmagan 30dan ortiq fermerni ichki ishlar bo‘limiga olib borib qamab qo‘yishni shu majlisda ishtirok etgan ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosariga buyurgan:

“Bularni hammasini olib borib qamang, tushuntirish xatlarini yozib oling, dedi. Keyin taxminan 200 metr nariroqdagi ichki ishlar bo‘limiga olib borishdi. U yerda soat 3 yarimgacha qolib ketdik. Hammamizning ism-sharifimizni ro‘yxat qilib yozib olishdi-da, boringlar endi paxtalaringni teringlar deb qo‘yib yubordi”, deydi fermer.

O‘ttizdan ortiq fermerning ichki ishlar bo‘limiga olib borilib soat 3 yarimgacha ushlab turilganini yana ikki nafar yozyovonlik fermer Ozodlikka tasdiqladi.

Ammo, Yozyovon tumani ichki ishlar bo‘limining navbatchisi fermerlarning ichki ishlar bo‘limiga olib kelinib, ushlanib turilganini Ozodlikka inkor qildi.

Yozyovon tumani hokimi Yo‘lchivoy Boyyigitovning mobil telefoni o‘chirilgani bois, u bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Tuman hokimining yordamchisi Ozodlik bilan suhbatda bu voqealardan xabari yo‘qligini aytdi.

Ozodlik ushbu voqea yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.

O‘zbekistonda hokimlarning qo‘l ostidagi xodimlarni haqoratlash va kaltaklash holatlari tez-tez uchrab turadi.

Oqqo‘rg‘on tumanida 6 mulozim va fermerning suvga bo‘ktirilishi va mashina oldiga solib choptirilishi voqeasidan keyin bu harakatni sodir etgan O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Zoyir Mirzaev ishdan olingan edi.

Qashqadaryo viloyat, Nishon tumanida 7-8 oktabr kunlari yomg‘ir yog‘ishi sababli paxta zavodiga belgilangan normani topshirmagan 30 ga yaqin fermer, 10 oktabr kuni viloyat hokimi o‘tkazgan majlisdan so‘ng, tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan va bu erda 11 oktabr saharga qadar och holda ushlab turilgan edi.

2017 yilning sentabrida Sayxunobod tumani hokimi paxta terimiga kam odam chiqargan maktab va kollej direktorlarini kaltaklagan edi.

Qashqadaryo viloyati Nishon tumani hokimi Asror Jo‘raev 2016 yil 19 oktabr kuni ertalab 8-maktabning ma’naviyat bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 36 yashar Shuhrat Shoymardonovni fermerlarning oldida do‘pposlagan edi.

2016 yil iyun oyida Qarshi tumaniga yangi hokim bo‘lib tayinlangan Asror Boyqoraev paxtazorini o‘t bosgan fermerlarni bir sidra urib chiqqanidan so‘ng, tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘iga qo‘l ko‘targandi.

Bir-biridan mustaqil Ozodlik manbalariga ko‘ra, obodonlashtirish ishlarini olib borishda bosh vrach ishidan xato topgan hokim uni ikki musht urib ag‘dargan edi.

XS
SM
MD
LG