Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:53

Islom Karimov muzeyini ta’mirlagan ishchilarga 10 oydan beri haq to‘lanmayapti


Oqsaroy binosi
Oqsaroy binosi

O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov muzeyiga aylantirilgan Oqsaroy qarorgohi majmuasini ta’mirlagan qurilish shirkatiga buyurtmachi haq to‘lamagan. Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan shirkat muhandisiga ko‘ra¸ 100 dan ziyod ishchi 10 oy mobaynida haq olmagan, majmua oldiga o‘rnatilgan Karimov haykalini yasash va montaj qilish ishlari uchun ham hanuz haq to‘lanmagan.

Muzey rahbariyatiga yaqin mulozim Ozodlik bilan suhbatda “noyabr oxiriga qadar barcha ustalar bilan hisob-kitob qilinadi”, deb ishontirishga urindi.

Islom Karimov muzeyini ta’mirlagan ustalarga haq berilmagani haqida yozgan toshkentlik jurnalist Sergey Yejkovning Ozodlikka aytishicha¸ prezident administratsiyasi qurilish shirkatidan 156 600 000 so‘m qarzdor.

Xavfsizligini o‘ylab ismi aytilishini istamagan muhandisning aytishicha, “ta’mirlash ishida qatnashgan yuzdan ziyod quruvchiga va ta’mir uchun harjlangan materiallarga haq to‘lash muammoga” aylangan:

- Bu muammoni hal qilish uchun o‘n oy davomida prezident portaliga arz qildik. "Karimovning 80 yillik tavallud kuniga tez bitirib beringlar pulini hal qilamiz", degan prezident devoni xodimi shu kunda telefonini o‘chirib, biz bilan gaplashmay qo‘ydi.

Islom Karimov haykali
Islom Karimov haykali

Haykaltaroshga ham haq to‘lanmadi

Majmua oldiga o‘rnatilgan Islom Karimov haykalini yaratgan O‘zbekiston xalq rassomi Ilhom Jabborovga ham haq to‘lanmagani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ushbu haykalni o‘rnatish bilan bog‘liq qurilish-montaj ishlari uchun ham haq to‘lanmagan. Haykaltaroshning qurilish masalalari bo‘yicha yordamchisi Ozodlik bilan suhbatda "to‘lanmagan haq miqdori astronomik summa", deyish bilan kifoyalandi.

Mulozim: Pul oy oxirigacha to‘lanadi

Ozodlik Islom Karimov muzeyi rahbariyatiga yaqin mulozim bilan suhbatlashdi. Mulozimning aytishicha¸ “marhum prezident qarorgohini muzeyga aylantirish uchun 4 milliard so‘mlik ish bajarilgan. Va bu summaning asosiy qismi to‘langan Qolgan qismi ham noyabr oxiri uzog‘i bilan dekabrda to‘lab bo‘linadi. Buning sababi ko‘p hollarda qurilish shirkati ishni smeta hujjatlari va shartnomalarni rasmiylashtirmasdan qilgan. Shu kunda bu masala yechildi”.

Muzey rahbariyatiga yaqin mulozim Oqsaroy oldiga o‘rnatilgan Islom Karimov haykali muallifi Ilxom Jabborovga haq to‘lanmagani masalasida aniq fikr bildirmadi.

Mulozimga ko‘ra¸ muzeyning oldidagi maydon shahar hokimligiga tegishli va haykal harajatlarini hokimlik to‘lashi kerak. Ozodlik suhbatlashgan Toshkent shahar Yakkasaroy tuman hokimligi mulozimiga ko‘ra¸ haykal O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi tarafidan buyurtma qilingan:

-To‘g‘ri haykal bizning balansda. Tuman kommunal xo‘jalik boshqarmasi haykal atrofidagi obodonchilikni ta’minlab turibdi. Ammo haykal qurilishini prezident devoni buyurtma qilgan.

Qarorgohning muzeyga aylanishi

Islom Karimovning o‘limidan ikki yil o‘tib joriy yilning 28 avgustida Oqsaroy muzey sifatida qayta ochilgan edi. Ochilish marosimida O‘zbekistonning amaldagi prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etgan muzeydan mustaqil O‘zbekistonni chorak asr boshqargan marhum Karimovning haykali¸ suratlari, boshqa eksponatlar joy olgan.

Toshkentdagi Islom Karimov ko‘chasi
Toshkentdagi Islom Karimov ko‘chasi

O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoevning qaroriga binoan, sobiq O‘zbekiston, hozirgi Islom Karimov ko‘chasida joylashgan Oqsaroy binosida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi va Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi faoliyat olib bormoqda.

Muzey eksponatlari marhum prezidentning kenja qizi Lola Karimova- Tillaeva rahbarligidagi “Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi” hisobidan harid qilingani aytiladi.

Muzey O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yilning 25 yanvar kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaror asosida tashkil qilingan edi.

Ayni qaror asosida Samarqand va Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida ham Karimov haykallari o‘rnatildi.

Bu haykallarni tiklash va doimiy obodonlashtirish ishlari davlatga qanchaga tushgani haqida ma’lumotlar e’lon qilinmagan.

Ayni paytda O‘zbekiston hukumati birinchi prezidentning bevasi Tatyana Karimovaning turmush harajatlarini muntazam to‘lab borishni ham zimmasiga olgan. Toshkent viloyatidagi Qaynarsoy qarorgohi Karimova ixtiyoriga berilgan.

Taxlilchi va sobiq diplomat Alisher Taksanovning o‘z manbalariga tayanib aytishicha¸ davlat “Karimovning bevasi yashayotgan Toshkentdagi kvartira¸ Qaynarsoydagi qarorgoh harajatlarini oshig‘i bilan to‘lamoqda”

Taksanovga ko‘ra¸ tibbiy hizmat¸ avtomobillar¸ va ikki haydovchi hamda uy xizmatchilari oyligini ham davlat to‘lamoqda.

Sobiq diplomat Alisher Taksanov bu harajatlarni o‘zbek soliq to‘lovchilari zimmasiga yuklangan ortiqcha yuk deb bilgani uchun Shavkat Mirziyoev virtual qabulxonasiga shikoyat xati yuborganligini aytadi. Bu shikoyat xatida Taksanov “Islom Karimov oilasiga davlat tarafidan qancha pul harjlanayotgani ochiqlanishini” talab qilgan.

XS
SM
MD
LG