Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2019, Тошкент вақти: 05:12

Xorijlik sayyohlarga hujum uyushtirgan guruh rahbari bir umrga qamaldi


Dang‘arada xorijlik velosayyohlarga hujum uyushtirganlar guruhi rahbari Huseyn Abdusamadov (suratda) umrbod qamoq jazosiga hukm etildi.

Tojikiston Oliy sudi 2018 yilning iyulida Dang‘arada xorijlik velosayyohlarga hujum uyushtirganlar guruhi rahbari Huseyn Abdusamadovni umrbod qamoq jazosiga hukm etdi.

Ushbu jinoiy ish doirasida yana 14 shaxs 1,5 yildan 16 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi.

29 iyulda Tojikiston janubidagi Xatlon viloyatining Dang‘ara tumanida bir necha kishi avtomobilda Tojikiston bo‘ylab sayohat qilayotgan xorijiy velosipedchilarga hujum qilishi oqibatida to‘rt nafar sayyohatchi halok bo‘lgan va yana uch nafari og‘ir jarohat olgandi.

21 noyabr kuni Tojikiston Oliy sudi Huseyn Abdusamadovni jinoiy guruh tashkil etish, terrorizm, ekstremizm, odam o‘ldirish va Tojikiston fuqarolarini chet ellarda bo‘layotgan janglarga jalb etishda aybdor deb topdi.

Oliy sud ushbu guruhning ikki faol a’zosi - Karomatullo G‘aniev va Behruz Safoevni 16 yil qamoq jazosiga hukm etdi.

Go‘dagi borligi sababli guruhning yagona ayol a’zosi Bahriniso Haydarovaning hukm ijrosi keyinga qoldirildi.

29 iyul kuni Tojikiston janubidagi Dang‘ara tumanida mahalliy vaqt bilan 15.30 da velosipedda sayohatga chiqqan hollandiyalik Voke Ren Villem, shveysariyalik Xamel Markus va ikki nafar amerikalik - Austin Jey va Lauren Anne Munotz halok bo‘lgan edi.

Uch sayyoh voqea joyida, yana biri esa, Dang‘ara shifoxonasida vafot etgandi.

Jarohat olgan yana uch nafar sayyohga tibbiy yordam ko‘rsatilgandi.

Tojikiston ichki ishlar vazirligi faoliyati taqiqlangan "Islom uyg‘onish partiyasi"ni (IUP) mazkur hujumni uyushtirishda aybladi.

30 iyul kuni kechqurun "Islom davlati" ekstremist guruhi Tojikistondagi hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi.

31 iyulda Tojikiston ichki ishlar vazirligi bayonot tarqatib, xorijlik sayyohatchilarga IUPning faol a’zosi Huseyn Abdusamadov rahbarligidagi guruh hujum uyushtirganini e’lon qildi.

Ushbu bayonotda aytilishicha, Huseyn Abdusamadov Eronning Qum va Mozandaron shaharlarida "ideologik va harbiy diversion" ta’limot olgan va Tojikistonda qidiruvda bo‘lgan.

Ko‘p o‘tmay Tojikiston ichki ishlar vazirligi saytida xorijlik sayyohlarga hujumda gumonlangan 10 kishining surati chop etildi.

Ular orasida ichki ishlar xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgan to‘rt shaxs suratlari ham bor edi.

XS
SM
MD
LG