Farg‘ona viloyat, Uchko‘prik tuman, Qo‘qonboy qishlog‘ilik besh yarim yashar qiz 18 noyabrda qishloq atrofidagi ovloq joyda xushsiz topildi.
Qo‘qonboy qishlog‘i faollaridan birining Ozodlikka iddao qilishicha¸ qiz zo‘rlab tashlab ketilgan.
Uchko‘prik tuman IIB boshliq o‘rinbosari Ozodlik bilan suhbatda besh yarim yashar qizni zo‘rlash jinoyati bo‘yicha maxsus guruh ish olib borayotgani va jinoyatchini ushlashga shaxsiy tarkib safarbar qilinganini” bildirdi.
Jinoyat ishi "balog‘atga yetmagan qiz bilan bog‘liq bo‘lgani bois, barcha tafsilotni matbuotga ayta olmaymiz", dedi IIB rahbar muovini.
Uning yana aytishicha¸ 20 noyabr kuni ayni masalani o‘rganish uchun Uchko‘prik tumaniga respublika Bosh prokuraturasidan vakil kelgan.
Qiz bilan psixolog ish olib bormoqda
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati “bu holat o‘rganilayotganligini” Ozodlikka bildirdi. Prokuraturaga ko‘ra¸ "qiz bilan psixolog ish olib bormoqda".
Hali hech kim hibsga olinmadi
Farg‘ona viloyat IIB mulozimi Ozodlik bilan suhbatda ayni jinoyat bo‘yicha tergovoldi surishtiruvi tugagani va O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 118-moddasi ("Nomusga tegish") bo‘yicha tergovchilar faoliyat olib borayotganini bildirdi. Mulozimga ko‘ra¸ “nomusga tegish” jinoyati bo‘yicha gumonlanganlar tekshirilmoqda, ammo hozircha hech kim hibsga olinmagan.
Ota-onasi ishlashga ketgan edi
Ozodlik qizning qarindoshi bilan suhbatlashdi. Uning aytishicha¸ qizning ota-onasi Qozog‘istonga ishlashga ketgan¸ qizaloqqa keksa qarindoshlari qarab turgan:
- To‘rt kun burun yo‘qolib qoldi. Qishloq chetiga o‘lar holatda tashlab ketishibdi. Qizcha uch kun Uchko‘prik tuman kasalxonasida yotdi, bugun uni viloyatga olib ketishgan. Ahvoli og‘ir.
Ozodlik qiz davolanayotgan viloyat kasalxonasi vrachi bilan bog‘landi.
Vrach qizning ahvoli yaxshilanayotgani va sud-tibbiy ekspertiza tayinlanganini bildirdi.
Farg‘ona viloyatida balog‘atga yetmagan qizlar zo‘rlangani haqidagi xabarlar keyingi oylar mobaynida bir necha bor matbuot yuzini ko‘rdi.
Qo‘qon shahridagi Maxsus yengil sanoat qizlar kollejida bir necha xodimlar, xususan kollej direktori o‘tgan oyda jinsiy zo‘ravonlik aybi bilan hibsga olingan edi.
Farg‘ona viloyat, Beshariq tuman sudi ayni tumanda joylashgan avtomobil yuvish shaxobchasida voyaga yetmagan qizni zo‘rlash holati yuzasidan jinoyat ishini joriy yil avgust oyidan beri ko‘rib chiqmoqda.