Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 00:00

O‘zbekiston bo‘ylab endi vrachlarga qasam ichtirilmoqda (VIDEO)


Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan bu suratda Sirdaryo viloyatidagi kasalxonalardan birida o‘tkazilgan qasamyod marosimi aks etgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan bu suratda Sirdaryo viloyatidagi kasalxonalardan birida o‘tkazilgan qasamyod marosimi aks etgan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ shu kunlarda butun mamlakat miqyosida sog‘liqni saqlash tizimida ishlovchi “xalat kiyganning barchasi” tantanali ravishda qasamyodga keltirilmoqda.

Ozodlikka yuborilgan qasamyod matnida shifokorlar "prezident sog‘liqni saqlash tizimida qilayotgan islohotlarni amalga tatbiq qilish¸ xalqqa munosib tibbiy xizmat ko‘rsatish"ga qasamyod qiladi.

Sirdaryo¸ Farg‘ona¸ Toshkent va Buxoro viloyatlari tibbiyot boshqarmalari rasmiylari o‘tgan haftadan boshlab qasamyod tadbirlari o‘tkazilayotgani va qasamyod matnining Toshkentdan yuborilganini bildirdi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mulozimi shunday jarayon borayotganini tasdiqlagan holda¸ uning tashabbuschisi kimligi¸ tadbir nima maqsadda uyushtirilayotganiga oid savollarni ochiq qoldirdi.

Sirdaryo yana peshqadam

21 noyabr kuni Ozodlik muxbirining Sirdaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga kunning ikkinchi yarmida qilgan qo‘ng‘irog‘i¸ go‘shakni ko‘targan mulozimga ko‘ra¸ butun viloyat kasalxonalari bosh vrachlari tantanali qasamyod qilayotgan paytga to‘g‘ri keldi.

Hozir hamma boshliqlar shu yerda. Butun viloyat bo‘yicha glavvrachlar chaqiritilgan¸ qasamyod qilishayapti. Viloyat televideniesi ham shu yerda. Jurnalist bo‘lsangiz¸ siz ham keling”¸ dedi boshqarma xodimi.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ mazkur tantanali tadbirda viloyat hokimligi va huquq tizimlari mutasaddilari ishtirok etgan.

Oddiy vrachlar o‘z bolnitsasi¸ yo tuman rayzdravida qasamyod qilayapti. Ichki ishlar¸ hokimlikdan odam biriktirilgan”¸ deb qo‘shimcha qildi bu mulozim.

Viloyat ichki ishlar tizimi rasmiysi¸ vrachlarga qasam ichtirish jarayonida bu tizim vakillari ham qatnashayotganini tasdiqladi va jarayonning sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakolatidan kattaroq daraja - viloyat hokimligi nazoratida ekanini bildirdi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqda tepasiga katta qilib “Operatsion bo‘lim” deb yozilgan eshik oldidagi zalda qator bo‘lib tizilgan oq xalat kiygan vrach va hamshiralarning qo‘lida matn ushlab turgani aks etgan surat tarqagan va unga “Sirdaryoda vrachlar ham prezident va islohotlarga sadoqat haqida qasamyod qildi”¸ degan izoh yozilgan edi.

(16 noyabr kuni Sirdaryo hokimligi nashri¸ fermerlarning hokimlik binosi oldida tantanali qasamyodga keltirilgani haqida suratlar bilan maqola e’lon qilgan edi.)

Farg‘ona va Toshkent viloyatida o‘tgan haftadan beri qasam ichish bormoqda

Farg‘ona va Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va hokimligi rasmiylari¸ “Toshkentdan kelgan topshiriqqa muvofiq¸ vrachlar qasamyod qilayotganini" bildirdi.

Farg‘onalik mulozim¸ “qasamyodni asosan vrachlar ichayotganini" aytgan bo‘lsa¸ Toshkent viloyatidagi rasmiy¸ buyruqning “xalat kiyganning hammasiga” tegishli ekanini ta’kidladi.

Farg‘ona boshqarmasi¸ jarayon tepasida viloyat hokimligi turgani bois¸ jarayonga oid barcha tafsilotni hokimlikdan so‘rashni tavsiya qildi.

Toshkent viloyat hokimligi tizimida ishlovchi mas’ul esa¸ “bunaqa bema’nilikdan uyalib¸ ayrim tumanlar Toshkentga “qasamyod ichtirdik”¸ degan hisob berib qutulayotganini aytdi.

Ozodlik bog‘langan qashqadaryolik vrachlardan biri¸ o‘zlariga mahalla faollari va aholi vakillari oldida yaqin kunlarda “tantanali qasamyod qilish” aytilganinini ma’lum qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jarayonga oydinlik kiritmadi

Vazirlikning Ozodlik bog‘langan rasmiysi¸ mamlakat bo‘ylab sog‘liqni saqlash tizimi xodimlariga qasamyod qildirilayotganidan xabari borligini e’tirof etdi.

Ammo joylarda bunaqa qasamxo‘rlik tadbirlarining qanday o‘tayotgani tafsilotlaridan bexabarligini bildirdi.

Bu tadbir tashabbuschisi kim¸ degan savolga vazirlik mas’uli javob bera olmasligini aytdi.

Ozodlik suhbatlashgan mahalliy hokimiyat tizimining shaxsi ochiqlanishini istamagan rasmiysi¸ “vrachlarni qasamyod qildirish muallifini fermerlarga qasam ichishni buyurgan idoradan” izlashni tavsiya qildi.

Ayni mulozim Ozodlik bilan avvalgi suhbatda fermerlarga qasam ichtirish topshirig‘ining Vazirlar Mahkamasidan tushganini bildirgan edi.

Vrachlar nima deb qasam ichmoqda?

Nusxasi Ozodlikka yuborilgan bir sahifalik matnda¸ shifokorlar “QASAMYOD QILAMAN!” degan gapni 12 marta takrorlashga majburlanadi.

Shifokorlar uchun hozirlangan majburiy qasamyod matnining Ozodlikka yuborilgan nusxasi.
Shifokorlar uchun hozirlangan majburiy qasamyod matnining Ozodlikka yuborilgan nusxasi.

O‘zi qasam ichgan farg‘onalik vrachning aytishicha¸ bu marosim ham¸ fermerlarniki bilan ayni bir xilda – bir vrach matnni baland ovozda o‘qishi ortidan¸ boshqalarning jo‘r bo‘lib¸ uni takrorlashi shaklida o‘tkazilgan.

"Rayzdravga kel deyishdi¸ bordik. Qo‘limizga tekst berishdi¸ shuni baland ovozda o‘qib berdik¸ bo‘ldi. Bundan oldin 1-kursda Gippokrat qasami ichgandik. Bunisi nimaga kerak bo‘lganini hech kim tushuntirmadi¸ biz ham so‘ramadik. Bilasizku¸ bizda hamma ortiqcha gap-so‘zdan qo‘rqadi"¸ dedi vrach.

Matn davomida tibbiyot xodimlari¸ O‘zbekiston prezidenti olib borayotgan islohotlarni amalga tatbiq qilishga¸ xalqqa munosib tibbiy xizmat ko‘rsatishga¸ bemorlar dardiga darmon bo‘lishga¸ korrupsiya va ta’magirlik singari salbiy illatlarga yo‘l qo‘ymasdan pok va halol ishlashga QASAMYOD QILADI.

O‘zbekistonda qasamyod fasli

16-22 noyabr kunlari Ozodlik O‘zbekiston Fermerlar kengashi tashabbusi bilan mamlakat bo‘ylab fermerlarni yoppasiga qasamyodga keltirish jarayoni bo‘layotgani haqida xabar bergan edi.

Dehqon-fermerlarga qasam ichtirish ijtimoiy tarmoqlarda hayrat¸ masxara va e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Bu xabar ortidan tarmoqlarda turli mem va parodiyalar tarqay boshladi.

Bundan bir necha yil avval¸ ko‘rinishidan mehnat muhojirlari tomonidan qilingan hajviy parodiya ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘z yangi umrini boshladi.

Ўзбекча қасамëдга ўзбекча пародия
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:52 0:00

Vrachlarning ham qasamyodga keltirilayotgani xabari ortidan tarmoqlarda yangi hajviy postlar tarqay boshladi.

Hajviy matnlardan biri nusxasi.
Hajviy matnlardan biri nusxasi.

Ozodlik maqolasida qasamyod tashabbuschisi Vazirlar Mahkamasi ekani aytilgani holda¸ hozircha hukumat bu jarayonga oid biror izoh bermadi.

Bu jarayonga hozircha munosabat bildirgan yuqori vakolatli hokimiyat namoyandasi Oliy Majlis Senati a’zosi¸ O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova bo‘ldi.

Senator ayol o‘z partiyasi rasmiy saytida “Qasam bilan hosil ko‘payadimi?” sarlavhali maqola yozib¸ unda bunday tadbirlarning demokratik jamiyatga xos emasligini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG