Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:21

Metroning uchta bekati kiraverishidagi militsiya postlari bekor qilindi


Toshkent metro bekati
Toshkent metro bekati

Toshkent metrosining uchta bekati kiraverishida militsionerlar navbatchiligi joriy haftada bekor qilindi. Mahalliy matbuotning Toshkent metropoliteni IIB boshlig‘iga tayanib ma’lum qilishicha¸ bekatlarning videokuzatuv uskunalar bilan to‘la ta’minlangani IIO xodimlariga extiyoj qoldirmagan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Ozodlik suhbatlashgan va ismi efirda aytilishini istamagan mulozimi esa¸ buni “byudjetda pul yo‘qligi va sohadagi shtat qisqartishlari” bilan izohladi.

Mulozimga ko‘ra¸ “joriy yil boshidan beri vazirlikda shaxsiy tarkibni optimallashtirish va byudjet mablag‘ini tejash” borasida ancha ishlar qilingan.

Militsioner o‘rniga aqlli uskuna o‘rnatiladi

Mulozim “Toshkent metrosi kiraverishidagi barcha postlar yaqin olti oy ichida butkul bekor qilinishini” bildirdi:

“Toshkent metropoliteni to‘la videokuzatuv va aqlli uskunalar bilan nazorat qilish tizimiga o‘tadi va u yerda davlat byudjetidan smeta-shtat asosida maosh olayotgan IIO xodimlari qisqartiriladi. Byudjetda ortiqcha pul yo‘q. Metro bekatining kamida to‘rtta kirish yo‘lagi bor. Har bir yo‘lakda IIO xodimi. Yer ostida ham bor shuncha. Ular ikki smenada ishlaydi. Bekatlar soni 29 ta ekanini hisobga olsangiz, qancha byudjet mablag‘ini iqtisod qilish mumkinligini bilib olasiz".

Mulozimga ko‘ra¸ IIV shaxsiy tarkibini qisqartirish jarayoni bir yildan beri davom etmoqda:

"Ba’zi ishsiz qolgan IIO xodimlari o‘tgan yili vaqtincha Metropoliten IIBsida ish bilan ta’minlangan edi. Birinchi navbatda o‘shalar qisqartirildi”.

Uch bekatdagi eksperiment

Toshkent shahrida yashaydigan jurnalist Aleksey Volosevichning 23 noyabr kuni Ozodlikka aytishicha, “hozircha bu sensatsiyali voqea “Milliy bog‘”, "O‘zbekiston" va "Mashinasozlar" bekatida kuzatilgan.

"Bu bekatlar kiraverishida viloyatdan kelganlar sumkasini titadigan militsionerlar ko‘rinmadi”, - dedi jurnalist.

gazeta.uz nashri Toshkent metropoliteni IIB boshlig‘i Oleg Bichenovga tayanib, “Uchta metro bekati kiraverishidagi IIO postlari eksperiment tarzida” bekor qilingani to‘g‘risida juma kuni yozdi.

Ushbu uchta metro bekati atrofidagi vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan jurnalist Aleksey Volosevichga ko‘ra¸ 23 noyabr kuni metroning ichkarisida IIO xodimlari bo‘lgan¸ ammo kiraverishda xodimlar ko‘rinmagan:

"Shu paytgacha Toshkent metrosida yo‘lovchilar ikki marta IIO xodimi nazoratidan o‘tar edi. Avvaliga metro kiraverishidagi IIO xodimi¸ keyin esa, turniket oldidagi IIO xodimi tarafidan yo‘lovchilar nazorat qilingan".

Ayni mavzuni o‘rgangan Volosevichning Ozodlikka aytishicha:

“IIO xodimlari, asosan, viloyatdan kelganlarni tekshirgan. Metroning kiraverishidagi militsionerni faqat viloyatdan kelgan yo‘lovchi qiziqtirgan. Propiskang bormi¸ sumkangda nima bor¸ degan savol berib ulardan bir narsa undirish payida bo‘lishardi. Mabodo viloyatlik tepadagi militsioner ko‘zini shamg‘alat qilib o‘tib ketsa¸ albatta pastdagi militsioner qo‘liga tushar edi”.

Karimov davri merosi

Volosevichning fikricha¸ “metrodagi ortiqcha nazorat Karimov davridagi paranoik qo‘rquv mahsulidar”.

“Metrodagi militsiya xodimlari bekorchilikdan esnab yurishadi. Hech bir O‘zbekiston vatandoshi metroni portlatmoqchi emas. Ularning tekshiruvini ko‘rib odamning kulgisi qistaydi. Ovcharka itlarni etaklab yurishadi. Marhamat, ular statistikani e’lon qilishsin. Nechta odamning portfeli tekshirilganida bomba topilgan",- deya savol qo‘yadi jurnalist.

Eng qattiq qo‘riqlanadigan metro

Toshkent metrosi O‘zbekistondagi aeroport, vokzal, stadion singari qattiq qo‘riqlanadigan ob’ektlar sirasiga kiradi.

Har bir bekatga kirish va chiqish joylarida kamida ikki IIO xodimi metallni aniqlovchi uskuna bilan turadi va qo‘lida biror sumkasi bor har bir yo‘lovchini tekshirish huquqiga ega.

Gohida ushbu IIO xodimlari bilan birga itlarini yetaklab olgan kinologlar ham navbatchilik qiladi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan 2005 yildan boshlab jeton sotuvchi kassalarning ham oldingi joylari o‘zgartirilib metro eshiklaridan tashqariga chiqarilgan edi.

2005 yildan to 2014 yilgacha metro bekatlarida reklama taqiqlab qo‘yilgan edi.

Bekat eshiklaridan kirib kelish bilan u yerda yana bir militsiya xodimi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimi sumkalarni tekshiradi. Ushbu xodimlarga sumkalarning ichini ochib, unda nima borligini bilish vakolati berilgan.

Yo‘lovchi shundan so‘ng bekatga kiradi. U yerda ham kamida to‘rtta IIO xodimi va xavfsizlik xizmati xodimlari navbatchilik qilib yurganini ko‘rish mumkin.

XS
SM
MD
LG