Xalqaro turizm agentliklari reytingi bo‘yicha Buxorodagi eng yaxshi 10 restorandan biri sanalgan "Badriddin" restorani bu yerda ovqatlangan ispaniyalik er-xotinning og‘zaki shikoyati ortidan, Ozodlik ko‘rgan hujjatlarga ko‘ra, mahalliy huquq tizimlari tekshiruvlari yomg‘iri ostida qoldi.
Buxoroning sayyohlar gavjum Labi hovuz ansamblida joylashgan "Badriddin" restoranida joriy yilning 5 sentabr kuni yemak yegan ispan turistlaridan ikkitasi vegetarian oshning qimmatligidan turizm politsiyasiga og‘zaki shikoyat qilgani ortidan¸ viloyat IIBsi holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘agan.
Jinoyat ishi doirasida nafaqat "Badriddin" restorani, balki u qarashli bo‘lgan Buxoro Lola Servis MChJ faoliyati IIB¸ prokuratura va soliqchilar tomonidan keng ko‘lamli taftish nishoniga aylangan.
Bu shirkatga yaqin tadbirkorlar¸ "hech qanday jinoyat alomati yo‘q voqea bahonasida Lola servisning nafaqat "Badriddin" restorani¸ balki uning ikki mehmonxonasini qasddan sindirish urinishlari borayotgani" va bunga mahalliy matbuot ham jalb qilinganini bildirdi.
Jinoyat ishini ochgan va uni yuritayotgan IIB rasmiylari Ozodlikning voqea yuzasidan savollariga javob berishni istamadi.
Ispanlar shikoyati
Voqeaning bevosita guvohlari hikoyasiga ko‘ra¸ 2018 yilning 5 sentabrida Labi hovuz ansambli markazidagi "Badriddin" restoraniga kelgan ispaniyalik olti mijoz to‘rtta osh (ikkitasi go‘shtsiz)¸ salat va ichimlik buyurgan.
Ovqatlanib bo‘lganidan so‘ng taqdim etilgan 189 ming 200 so‘mlik hisob¸ aniqrog‘i¸ undagi vegetarian osh narxini ko‘rgan ispaniyalik sayyoh Ortiz Sanchez Francisco Javier va uning xotini Rodriguez-Contreras Perez¸ narxni qimmat deb topgan.
Stol ustida turgan ikkita menyuni olib¸ ularning biridagi narxning ikkinchisidan ikki baravar qimmatligini ro‘kach qilgan er-xotin¸ turizm politsiyasi vakilini chaqirtirib¸ unga og‘zaki shikoyat qilgan.
Bu shikoyatdan yarim soat o‘tib-o‘tmay¸ Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Niyoziy Boltaev boshchiligidagi 10 kishilik otryad "Badriddin" restoraniga yetib keldi¸ deydi voqea guvohlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda.
“Hammaning¸ xususan¸ ispaniyalik va boshqa chet ellik sayyohlar ko‘z o‘ngida Boltaev "Badriddin" restorani boshqaruvchisini rosa haqorat qildi. “Pul uchun o‘lib ketasan sen pastkashlar”¸ deb. Go‘yo chet ellik odamu biznikilar odammasdek. Uning haqoratlarini sayyohlarga tarjima qilib turishdi”¸ deydi Labi hovuzdagi mashhur restoranda ko‘tarilgan janjalga bevosita guvoh bo‘lgan mijozlardan biri.
"Badriddin" restoranining sobiq xizmatchilaridan biriga ko‘ra¸ Labi hovuz ansamblida joylashgan bu yemakxona mijozlarining 75 foizini turistlar¸ qolganini esa¸ mahalliylar tashkil etadi.
“Ikki xil narx belgilangan ikkita menyu borligi rost gap. Birinchi¸ arzon narxlar turfirma bilan buyurtma beradiganlar va mahalliy aholi uchun, ikkinchisi o‘zicha kiradigan turistlar uchun. Optom, roznitsaga o‘xshaydi buyam. Chet elliklarga xizmat ko‘rsatadigan ofitsiantlarning deyarli hammasi oliy ma’lumotli¸ chet tillarini biladiganlar edi. Ularning oyligi ham shunga yarasha bo‘lgan. Turistlarga beriladigan menyuda narx aniq yozib qo‘yilgan. Yoqmasa¸ bu yerda ovqatlanmasligi mumkin ediku! Ispanlar ovqat buyurishdan oldin menyuni ko‘rgan¸ ovqatning narxini oldindan bilib¸ zakaz qilgan”¸ deydi "Badriddin" restorani sobiq xizmatchilaridan biri.
4 dekabr kuni Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ borayotgan tergov-tekshiruv jarayonida "Badriddin" restorani ikki xil taomnoma - ikki xil narx konsepsiyasidan voz kechgan.
“Jinoyat alomati yo‘q joyda¸ jinoyat ishi ochildi”
"Badriddin" restoraniga yaqin tadbirkorlardan birining Ozodlikka shaxsi sir qolish sharti bilan bildirishicha¸ IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari¸ podpolkovnik Niyoziy Boltaev tashabbusi bilan 5 sentabr kungi voqea kattalashib¸ 15 oktabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Buxoro shahar bo‘limi holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga qaror qilgan. Shundan so‘ng ishni tergov qilish Buxoro IIBsiga oshirilgan.
“Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bo‘yicha ish qo‘zg‘ashdi. Bu yerda jinoyat yo‘qku! Ikki xil menyu¸ ikki xil narx ko‘p joyda bor narsa. Bu pulni ispanlardan olib¸ hech kim cho‘ntagiga solmadiku! Kassa apparatidan chiqarilgan hisob berilgan¸ bundan davlatga soliq to‘langan. Mijozdan menyuda ko‘rsatilgan narxda xizmat haqqi olingan – jinoyat nima? Jinoyat ishi qo‘zg‘atishning o‘zi noqonuniyku!”¸ deydi buxorolik tadbirkor.
Ozodlik voqeani o‘rganish jarayonida "Badriddin" restoranida 5 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan voqea tafsilotlarini rasmiylashtirishda bevosita qatnashgan podpolkovnik Boltaev va ishni tergov qilayotgan IIB tergovchisi bilan bog‘landi.
Boltaev¸ voqea tafsilotlari haqida 10 daqiqadan so‘ng batafsil ma’lumot berishni va’da qilib¸ so‘ngra kun davomida telefoniga javob bermagan bo‘lsa¸ IIB tergovchisi¸ bu ish yuzasidan rasmiy maktub bilan murojaat qilish lozimligini bildirdi.
Ispanlar bahona¸ biznes g‘animat?
"Badriddin" restorani bilan bog‘liq ish tafsilotlaridan bevosita xabardor tadbirkorning Ozodlikka aytishicha¸ 5 sentabr kungi ispan turistlarining shikoyati bahonasida Buxoro Lola servis MChJga qarashli nafaqat bu restoran¸ balki uning mehmonxonalarini ham kompleks tekshirish boshlangan.
“Prezident tadbirkorlarni himoya qilib¸ tekshirishlarni to‘xtatgan edi. Ikkita turistning og‘zaki shikoyati asosida qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi¸ yosh tadbirkorning butun biznesini sindirishga qaratilganga o‘xshaydi. Jinoyat ishi ochilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lar-bo‘lmas xabarlar tarqaganidan keyin restoranning biznesi kasodga uchrayapti – daromadi keskin kamayib¸ 16 ishchisi ishdan ketdi. Hozir bu menyu qolib ketib¸ prokuraturayam IIB va soliqchilar ham restoran, mehmonxonalarga yopishgan. Lola servis faoliyatini 4 yillik reviziya qilishmoqchi. Bu endi menyu muammosi emasku!”¸ deydi "Badriddin" restoranidagi voqea yuzasidan borayotgan ish tafsilotlaridan yaxshi xabardor buxorolik tadbirkor.
Media kampaniya
Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ hali jinoyat ish yakuniga yetmay¸ ish sudga oshirilmay¸ demakki sud hali hukm chiqarmay¸ IIB podpolkovnigi mahalliy matbuot vositasida "Badriddin" restoranining egasi bo‘lgan Buxoro Lola servis MChJga qarshi kampaniya boshlagan.
O‘tgan oy viloyat hokimligi rasmiy nashri bo‘lgan “Buxoronoma” gazetasida chop etilgan “Mehmonning izzati yo‘qmi?” sarlavhali maqolaning Ozodlikka yuborilgan nusxasidan anglashilishicha¸ podpolkovnik Niyoziy Boltaev¸ hali sud hukm chiqarmagan ish bo‘yicha “Badriddin” restorani egasi va boshqaruvchi/xizmatchilarini “mehmonlarni chuv tushirish va to‘nash”da ayblaydi.
Shuningdek¸ Buxoro info va Daryo.uz nashrlari “Buxoroda ispaniyalik sayyohlarga taomlarni qimmat narxga sotgan kafe rahbariyati jinoiy javobgarlikka tortildi” degan xabar tarqatgan.
“Hali jinoiy ish yakunlanmay¸ ish sudgacha bormay turib uyushtirilayotgan bu media kampaniyalardan maqsad "Badriddin" restorani va uning egasini qo‘rqitish¸ ruhini cho‘ktirishdir. Kimdir uning biznesini tortib olishga qattiq kirishganga o‘xshaydi¸ lekin kimligini aniq aytolmayman”¸ deydi Buxoro Lola servis MChJga yaqin tadbirkorlardan biri.
Xavfsiz turizm konsepsiyasi
Vazirlar Mahkamasining 23.11.2017 yildagi 939-son qarori bilan
O‘zbekistonning sayyohlik markazi deb qaraladigan Samarqand¸ Buxoro¸ Xiva va Shahrisabzda IIB qoshida xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tashkil etilgan edi.
Konsepsiyaga ko‘ra¸ "xavfsiz turizm holatini monitoring qilish, sayyohlarni bo‘lg‘usi xavf-xatarlar haqida real vaqt rejimida ogohlantirish hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yordam berish" bu boshqarmalarning asosiy vazifasi etib belgilangan.
Buxorodagi Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi rahbari "Badriddin" restoranida ikki toifadagi mijoz uchun mo‘ljallangan xil taomnoma borligini "xorijlik mehmonlar haq-huquqi buzilishi" deb baholab¸ bu yuzadan akt tuzib¸ restoranga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atishga muvaffaq bo‘lgan bir kezda¸ Ozodlik Buxorodagi tarixiy obidalarni ziyorat qilish uchun olinadigan biletlar narxining rasman ikki xilligidan xabar topdi.
4 dekabr kuni buxorolik manbalar yuborgan ma’lumotga ko‘ra¸ masalan¸ Buxoro Arkiga kirish bileti mahalliy aholi uchun 5000 so‘m¸ sayyohlar uchun esa¸ 15 ming so‘mni tashkil etadi.